O‘zbek alifbosi o‘zgaradi: deputatlar yangi qonunni ma’qulladi

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qonun loyihasiga muvofiq, amaldagi alifbo tarkibi qayta ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Yangi tahrirga ko‘ra, alifbo 26 ta harf va 3 ta harf birikmasi o‘rniga 28 ta mustaqil harf hamda 1 ta tutuq belgisidan iborat bo‘ladi. Shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanish tartibiga ham aniqlik kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar ushbu islohotni bosqichma-bosqich va qulay tarzda amalga oshirish yuzasidan bir qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, qonun kuchga kirgunga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta, qimmatli qog‘ozlar hamda davlat organlari va tashkilotlarining amaldagi peshlavha, ko‘rsatkich va boshqa ramziy belgilari belgilangan muddatgacha o‘z kuchini saqlab qolishi nazarda tutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bunday yondashuv davlat idoralarida mavjud barcha hujjatlar, blankalar, ko‘rsatkichlar va boshqa vositalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish zaruratini bartaraf etadi. Bu esa budjet mablag‘larining ortiqcha sarflanishining oldini olish, davlat xarajatlarini qisqartirish va alifbodagi yangiliklarni moliyaviy jihatdan maqbul tarzda bosqichma-bosqich joriy etish imkonini beradi.
Parlament muhokamalarida qayd etilishicha, qonun loyihasi qabul qilinishi o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini yanada takomillashtirish, davlat tilining raqamli muhitda qo‘llanilishini kengaytirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalariga moslashish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullangan bo‘lib, endi uni Senat ko‘rib chiqadi.






























Izohlar 0
…