12:50 / 14.10.2021
1 809

O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi

O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi
O‘zbekistonda 14 oktabrdan saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan fuqarolar uchun muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari boshlandi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Demak, 2021 yil 14—20 oktabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkaziladi.

Muddatidan oldin ovoz berish uchun saylovchi sababini ko‘rsatgan holda tegishli saylov uchastkasiga ariza bilan murojaat qiladi. To‘ldirilgan saylov byulleteni yopiq konvertda, tegishli USKning seyfida saqlanadi.

Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish tartibi
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi.

Saylovchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.

Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti soat 9:00 dan soat 19:00 ga qadar davom etadi.

O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan soat 19:00ga qadar amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining 12-00 qisqa raqamiga, xorijdagi vatandoshlarimiz esa 998 (55) 500-12-00 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi