Arxeologlar rim imperatori saroyi ostida kutilmagan xonani topdi

Italiyaning Tivoli shahrida joylashgan mashhur Adrian villasi hududida arxeologlar yana bir muhim kashfiyotga erishdi. Qazishmalar davomida Rimning afsonaviy imperatorlaridan biriga tegishli saroy ostida yashirin yerosti inshooti aniqlandi. Mutaxassislar fikricha, ushbu topilma majmua hududida hozirgacha ma’lum bo‘lgan eng qadimiy inshoot bo‘lishi mumkin. Bu haqda Ispaniyaning Sevilya shahridagi Pablo de Olavide universiteti (UPO) ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur ulkan saroy milodiy 117–138 yillarda Rim imperiyasini boshqargan mashhur imperator Adrianning qarorgohi bo‘lgan. Adrian Britaniya shimolida qurdirgan mashhur Adrian devori hamda Rim imperiyasi bo‘ylab amalga oshirgan safarlari bilan tarixda alohida o‘rin egallagan. Bugungi kunda uning villasi YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, har yili minglab sayyohlar va olimlarni o‘ziga jalb etadi.
Arxeologlar aniqlagan yerosti inshooti esa Adrian davridan ham ancha oldin — miloddan avvalgi 509–27 yillarni o‘z ichiga olgan Rim Respublikasi davriga mansub ekani taxmin qilinmoqda. Demak, ushbu qurilma imperator saroyi barpo etilishidan bir necha asr avval mavjud bo‘lgan.

Mutaxassislarning fikricha, yerosti xonalari avval omborxona yoki don saqlanadigan silos sifatida xizmat qilgan bo‘lishi mumkin. Keyinchalik binodan foydalanish to‘xtatilgan va uning ichi qadimiy qurilish qoldiqlari hamda keramika buyumlari bilan qisman to‘ldirilgan.
Loyiha rahbari, arxeolog Rafael Idalgoning ta’kidlashicha, inshootning tuproq bilan to‘liq ko‘milmagani olimlar uchun kutilmagan holat bo‘lgan. Qazish ishlari davomida esa yanada qiziqarli topilmalar yuzaga chiqqan.
Yerosti xonalaridan ko‘plab keramika parchalari, shuningdek, yaqin atrofdagi binolar tomini bezagan me’moriy terrakota bezaklari topilgan. Ayrim bezaklarda it boshi, boshqalarida esa buqa boshi tasvirlangan bo‘lib, ular qadimgi Rim me’morchiligi haqida qimmatli ma’lumotlarni saqlab qolgan.
Olimlarning aytishicha, topilgan materiallar ushbu qadimiy villaning qaysi davrda qurilgani va qancha vaqt foydalanilganini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa Adrian saroyidan avval mavjud bo‘lgan tarixiy majmua haqidagi bilimlarni yanada boyitishga xizmat qiladi.

Yana bir e’tiborli jihat shundaki, yerosti inshootining gumbazsimon tom qismi deyarli mukammal holatda saqlanib qolgan. Arxeologlarning ta’kidlashicha, bunday inshootlarda tom qismi odatda vaqt o‘tishi bilan qulab tushadi. Biroq bu safar hatto qadimgi rimliklar beton quyish jarayonida ishlatgan yog‘och qoliplarning izlari ham aniq ko‘rinib turgan.
Mutaxassislar ushbu kashfiyot Rim tarixidagi muhim bo‘shliqlarni to‘ldirishi mumkinligini aytmoqda. Chunki Adrian o‘z saroyini qurish jarayonida avvalgi binolarning katta qismini buzdirgan va shu sababli ular haqidagi ma’lumotlar juda kam saqlanib qolgan.






























Izohlar 0
…