638
UzAuto Motors Onix sotuvini to‘xtatganiga aks-sado: “Monopolist endi faqat chayqovchilik qiladimi?”
Foto: UzAuto Motors
UzAuto Motors Chevrolet Tracker va Onix avtomobillari uchun shartnomalar berishni to‘xtatdi. Kompaniya dekabr oyi boshida budjet modellar – Damas, Labo, Cobalt va Gentra uchun shartnoma tuzishni to‘xtatgan edi. Oradan besh oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu modellar sotuvi qachon ochilishi borasida ham hech qanday ma’lumot yo‘q.
Kun.uz mazkur holat va kompaniya atrofidagi boshqa voqealar yuzasidan jamoatchilik faollari bildirayotgan fikrlarni jamladi.
“Monopolist endi faqat chayqovchilik qiladimi?”
Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zbekistonliklar uchun sotuvi to‘xtatilgan avtomashinalar UzAuto Motors'ning qo‘shni davlatlardagi savdo markazlarida bor va bemalol ekaniga e’tibor qaratdi.
“Hozirda avtosalon va tegishli ilovadan faqat boj to‘lamasdan, olibsotarlik ko‘rinishida keltirilayotgan 419 mln so‘mdan 1,1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan Malibu, Equinox, Traverse va Tahoe avtolariga shartnoma qilish mumkin xolos.
Endi nafaqat kam daromadli va o‘rtadan past, balki, o‘rta va o‘rtadan yuqori daromad egalari bo‘lgan o‘zbekistonliklar ham avtomobil sotib olishning tanlovsiz, yagona variantidan mosuvo bo‘lishdi. Hukumat aynan kam budjetli va o‘rta budjetli avtomobillar uchun juda yuqori boj to‘lovlari va cheklovlarini belgilagan.
Hammasidan qizig‘i, o‘zbekistonlik iste’molchilarga tupurib qo‘ygan monopolist UzAuto Motors erkin bozorlar hisoblangan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarboyjonda yangi va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etmoqda va kengaytirmoqda. O‘zbekistonliklarga yo‘q mashina, sanalgan davlatlar xaridorlari uchun bor va bemalol”, – deya yozadi Otabek Bakirov.
“Lavash narxiga teng penya”
Advokat va avtobloger Kamoliddin Bahavadinovning ta’kidlashicha, UzAuto Motors va xaridorlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlari to‘laligicha kompaniya manfaatlariga xizmat qiladi.
“UzAuto Motors nomli boshog‘riqning hozircha yagona davosi, menimcha, shunchaki undan avtomashina xarid qilmaslik.
Shartnoma va uning shartlari erkin tuziladi va shartnoma bandlariga e’tiroz bildirish ish bermasligi mumkin. Sababi, siz olibsotarning barcha “shart”lariga rozi bo‘lib imzo chekkansiz.
UzAuto Motors va mijoz o‘rtasida avtomashina yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnoma:
5.1 Mahsulotni yetkazib berish muddatlari buzilgan taqdirda, xaridor dilerdan har bir kechiktirilgan kun uchun mahsulot qiymatining 0,01 foizi miqdorida jarima (penya) undirish huquqiga ega, biroq bunda jarima (penya)ning umumiy summasi mahsulot qiymatining 5 foizi miqdoridan yuqori bo‘lmasligi kerak.
Bunaqa penya foizlari bilan kim ham kuttirmasin mijozni. Qo‘limga mijoz va UzAuto Motors bilan avtomashina yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalardan biri kelib tushdi. Faqat bir tomon manfaati uchun ishlaydigan shartnomalarni ko‘p ko‘rganman, ammo bunaqa “sirtmoq” shartnomalar faqat olibsotarda”, deydi u.
“Aftidan, narxlar yana oshadi”
Bloger Qobil Xidirov (Davletovuz) UzAuto Motors avtomashinalarining narxi yaqin kunlarda yana oshirilishi mumkinligini taxmin qildi.
“UzAuto Motors Chevrolet Tracker va Onix avtomobillari uchun shartnoma berishni to‘xtatgan. Kompaniya buni yangi komplektatsiyadagi modellar uchun shartnomalar tez kunda ochilishi bilan izohlagan. Bunda isitish tizimi opsiyalari qo‘shilishi va redlayn pozitsiyalari nazarda tutilgan. Aftidan, narxlar yana oshadi”.
“Har qanday monopoliya cho‘ntagimizdan maksimal miqdorda pul chiqartirishga intiladi”
Iqtisodchi Shuhrat Qurbonov elektr transport vositalari uchun bojlar olib tashlanganidan keyin O‘zbekiston bozoriga elektromobillar kirib kelishi ko‘paygani va narxlar pasaygani misolida, monopoliyaning raqobat muhitiga ta’siri haqida fikr bildirdi.
“Xitoydan elektr transport vositalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri import qilishga yordam beradigan ko‘plab kompaniyalar, importchilar va hatto vositachilar paydo bo‘ldi. Natijada, narx haqiqatan ham tushdi. O‘tgan yili 40 ming dollardan oshiqrog‘ga elektromobil sotib olgan do‘stlarimiz o‘sha mashinalar allaqachon 35 mingdan sotilayotganini ko‘rishmoqda.
Bundan tashqari, agar siz salonga elektromobil sotib olish istagi bilan kelsangiz va uning narxi boshqasiga nisbatan qimmatroq bo‘lsa, darhol qo‘shimcha chegirma yoki aksessuarlar bilan kompensatsiya olasiz. Bu raqobat, mijozlarning pullari uchun haqiqiy kurash.
Har qanday monopoliya cho‘ntagimizdan maksimal miqdorda pul chiqartirishga intiladi. Sizning manfaatlaringiz niqobi ostida hamyonidan pul chiqarishiga ishonmang”, deydi iqtisodchi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
AQSH Adliya vazirligi Google'dan Chrome'ni sotishni talab qiladi
Tramp g‘alabasidan keyin Qo‘shma Shtatlarni butunlay tark etishni rejalashtirayotgan Gollivud yulduzlari
“Diabet — hayot tarzi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi