Hyundai Tucson beshinchi avlodi butunlay yangi qiyofada namoyish etildi

Hyundai kompaniyasi o'zining eng ko'p sotiladigan krossoveri Tucson modelining beshinchi avlodini rasman taqdim etdi. Yangi Tucson Art of Steel konsepsiyasi asosidagi tik siluet, H harfini eslatuvchi yoritish chiziqlari va off-road uslubidagi elementlarga ega bo'ldi. Avtomobil uzunligi 4700 millimetrga, g'ildirak bazasi esa 2785 millimetrga yetib, C-segmentidan D-segmentiga o'tdi va Skoda Kodiaq, Honda CR-V hamda Renault Austral bilan raqobatlashadi.
Koreyaning Hyundai kompaniyasi oʻzining eng koʻp sotiladigan krossoveri — Tucson modelining beshinchi avlodini rasman taqdim etdi. Avtomobil bozorda jiddiy oʻzgarishlarga yuz tutib, yanada yiriklashdi va oʻzgacha dizayn yechimiga ega boʻldi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, yangi avlod avtomobili oʻzining xaridorlar orasida mashhurligi boʻyicha yetakchi boʻlgan oʻtmishdoshiga nisbatan ancha jasur va pishiq koʻrinishga keltirilgan. Hozirgi kunda ushbu krossover Buyuk Britaniyaning eng koʻp sotiladigan oʻntaligidan toʻrt yil davomida tushmagani va 2025-yilda dunyo boʻyicha yettinchi oʻrinni egallagani uning naqadar muvaffaqiyatli loyiha ekanini koʻrsatadi. Toyota RAV4 modelining asosiy raqobatchisi sanalgan bu avtomobil brendning yangi dizayn tilida bajarilgan.
Yangi tashqi koʻrinish va oʻlchamlar
Tashqi dizayndagi tub oʻzgarishlar Hyundai tomonidan joriy etilayotgan Art of Steel konsepsiyasiga asoslanadi. Ushbu uslub ikkinchi avlod Nexo modelida qoʻllanilgan boʻlib, kelgusi yillarda kompaniyaning barcha qatoriga tatbiq etilishi rejalashtirilgan. Yangi Tucson oldingi avlodning yumshoq chiziqlaridan voz kechib, tik va ikki hajmli siluetga ega boʻldi.Krossoverning asosiy eʼtiborni tortuvchi jihatlaridan biri bu uning yoritish tizimidir. Old va orqa qismlarda H harfini eslatuvchi yupqa yorugʻlik chizigʻi hamda vertikal kunduzgi chiroqlar oʻrnatilgan. Shuningdek, boʻrtib chiqqan gʻildirak arkalari, pastki qismdagi himoya qoplamalari va bamperlardagi maxsus elementlar avtomobilga haqiqiy off-road xarakterini beradi.
Salondagi qulayliklar va kengaytirilgan makon
Yangi Hyundai Tucson avvalgisiga qaraganda sezilarli darajada kattalashdi. Uning uzunligi 4700 millimetrni tashkil etib, bu amaldagi versiyadan naq 180 millimetrga uzunroqdir. Oʻlchamlarning bunday oʻsishi krossoverni C-segmentidan D-segmentiga oʻtkazdi va endi u Skoda Kodiaq, Honda CR-V hamda Renault Austral kabi modellar bilan bevosita raqobatlashadi.Gʻildirak bazasi 100 millimetrga kengayib, 2785 millimetrni tashkil qildi. Kompaniyaning taʼkidlashicha, bu sinfdagi eng yaxshi ichki makon hajmini taʼminlaydi. Ikkinchi qatordagi yoʻlovchilar uchun bosh qismi 29 millimetrga oshgan, orqa eshiklar esa kengroq ochilib, saloniga chiqib-tushishni osonlashtirgan.
Avtomobilning ichki qismi ham tubdan oʻzgartirildi. Ioniq 3 modeli uslubida ishlangan minimalistik salon markazidan yirik sensorli ekran joy olgan. Rul chambarining ustida joylashgan yupqa raqamli displey esa haydovchining diqqatini yoʻldan chalgʻitmaslikka moʻljallangan. Hozircha Hyundai yangi Tucson uchun qanday dvigatellar taqdim etilishini oshkor etgani yoʻq. Eslatib oʻtamiz, amaldagi avtomobil oddiy benzinli motor, shuningdek, oddiy, toʻliq va plagin-gidrid turlarini taklif etib kelmoqda.































Izohlar 0
…