Foto: Reuters/Aly Song
Norvegiya elektromobillarga oʻtishda boshqalarga namuna boʻlmoqda. 2024 yilgi rasmiy statistik ma'lumotlarga koʻra, mamlakatda sotilgan har 10 ta avtomobildan toʻqqiztasi elektrda yuradi.
Norvegiya hukumati kuchli davlat siyosati, rivojlangan infratuzilma va jamoatchilik qoʻllab-quvvatlovi bilan iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha jiddiy majburiyatlarni oʻz zimmasiga olgan, deb yozmoqda DW nashri. Osloning maqsadiga koʻra, 2025 yil oxirigacha mamlakatda sotiladigan yengil avtomobillarning birortasi atmosferaga chiqindi chiqarmasligi kerak. Taqqoslash uchun, Evropa Ittifoqi xuddi shunday maqsad muddatini 2035 yilga belgilagan (Norvegiya ittifoqqa a'zo emas).
Norvegiyaning muvaffaqiyat siri — boyligi, kam sonli aholisi va davlat tomonidan kuchli ragʻbatlantirish choralarida
Ushbu Skandinaviya davlatining farovonligi va maydoni, shubhasiz, unda elektromobillarni joriy etish muvaffaqiyatiga oʻz hissasini qoʻshgan. Norvegiyada 5,5 million kishi istiqomat qiladi va u Rossiyadan keyin Evropadagi eng katta neft zaxiralari sharofati bilan boyigan davlatlardan biri hisoblanadi. Biroq mazkur omillarning oʻzi bu sohadagi ulkan yutuqlarni toʻliq izohlash uchun etarli emas.
Osloda joylashgan Xalqaro iqlim tadqiqotlari markazi (CICERO) katta ilmiy xodimi Robbi Endryuning fikricha, Norvegiya hukumati elektromobillikni rivojlantirishga oʻn yillardan beri intilib kelayotgani hal qiluvchi omil boʻldi.
“1990 yillardayoq Norvegiya elektromobillar ishlab chiqarish uchun kompaniya yaratishga harakat qilgan”, — deb eslatdi Endryu DW nashriga bergan intervyusida. U mahalliy avtomobil sanoatida kuchli lobbi yoʻqligi ushbu tashabbuslarga turtki boʻlganini ta'kidladi.
Elektromobil ishlab chiqarishga dastlabki urinishlar cheklangan tijoriy muvaffaqiyatga erishgan, bor-yoʻgʻi bir necha ming mashina sotilgan boʻlsa-da, ular keng jamoatchilikni elektromobillar ahamiyati haqida xabardor qilishga va uning muhimligini tan olishga hissa qoʻshdi. Bu esa Tesla va Volkswagen singari jahon ishlab chiqaruvchilarining elektromobillari keng tarqalishiga zamin yaratdi.
Soliq imtiyozlari va harakatlanish qulayligi elektromobillar ommalashishiga yordam berdi
Qulay davlat siyosati, shubhasiz, elektromobillarga oʻtish muammolarini yumshatishga koʻmaklashgan. Norvegiya elektromobillarni sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻi va import bojlarini undirmaydi. Odatda bunday soliqlar yangi avtomobil narxining kamida uchdan bir qismi, maksimal yarmini tashkil etishi mumkin. Elektromobil egalari pullik yoʻllar va avtoturargohlar uchun toʻlovlardan ham ozod etilgan. Ular hatto Oslo va uning atrofida avtobuslar uchun moʻljallangan yoʻlaklardan foydalanish imkoniyatiga ega. Soliq imtiyozlaridan eng koʻp manfaat koʻrganlar daromadi yuqori norvegiyaliklar boʻlib, koʻpincha bunday oilalar ikkinchi avtomobil sifatida elektromobillar sotib olmoqda.
2025 yilda elektromobillarga toʻliq oʻtish maqsadiga deyarli erishgan hukumat yaqinda ayrim imtiyozlarni bekor qildi. Endi qiymati 500 000 krondan (42 500 yevro) ortiq boʻlgan katta va hashamatli avtomobillar sotuvida QQS qisman undiriladi. Shunga qaramay, aholining kam ta'minlangan qatlamiga mansub elektromobil egalari koʻplab imtiyozlardan hamon foydalanmoqda.
Oslodagi Transport tadqiqotlari markazi direktori Byorn Grimsrudning fikricha, hukumat tomonidan joriy etilgan ragʻbatlantirishlar “juda qimmatga tushgan”, ammo mamlakat boyligi va 2050 yilga kelib iqlim boʻyicha neytrallikka erishish maqsadi hisobga olinsa, ularni amalga oshirish mumkin.
“Ilgari hukumat har yili avtomobillardan olinadigan soliq va bojlar hisobiga 75 milliard kron yigʻardi, ammo bu summa ikki baravarga qisqardi”, — deb tushuntirdi Grimsrud DW bilan suhbatda.
Norvegiyada uyda zaryadlash stantsiyalari ustunlik qiladi
Norvegiyaning yana bir afzalligi — dunyodagi eng ekologik toza va ishonchli energetika tizimidir. Mamlakatda elektr energiyasini ishlab chiqarishning 90 foizdan ortigʻi gidroenergetikaga toʻgʻri keladi va u, odatda, ortigʻi bilan ishlab chiqariladi, bu esa elektromobillarni uy sharoitida zaryadlashni osonlashtiradi.
“Evropaning boshqa mamlakatlarida elektr energiyasidan foydalanish qiyin boʻlgan bir paytda, koʻpchilik norvegiyaliklar oʻz elektromobillarini uyda (jamoat quvvatlash punktlarida emas) zaryadlashi mumkin”, — deydi Grimsrud.
2022 yilda Norvegiya elektromobillar uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnoma shuni koʻrsatdiki, elektromobil egalarining toʻrtdan uch qismi alohida hovlilarda istiqomat qiladi, bu esa uy zaryadlash qurilmalarini oʻrnatishni ancha osonlashtiradi. Londondagi LCP konsalting kompaniyasi hisobotiga koʻra, Norvegiyadagi elektromobillarning 82 foizi uyda zaryadlanadi, biroq shahar hududlarida bu koʻrsatkich nisbatan pastroq.
San-Diegodagi Barqaror energetika markazi etakchi mutaxassisi Lens Noel Norvegiyada birinchi darajali (Level 1) zaryadlash qurilmalarining keng tarqalishi elektromobillik joriy etilishiga katta ta'sir koʻrsatganini aytdi.
Level-1 — elektromobillarni oʻzgaruvchan tok bilan zaryadlashning eng oddiy usuli boʻlib, odatda maxsus ajratilgan elektr zanjiridagi rozetkadan foydalanadi. Bu usul asosan uylarda, korxonalarda va maktablarda qoʻllanadi; 1,4 kilovattdan 1,9 kilovattgacha quvvat bilan ta'minlaydi, bu esa avtomobillarni tunboʻyi zaryadlash uchun etarli.
Noelning fikricha, boshqa mamlakatlar hadeb Level-2 va Level-3 kabi jamoaviy zaryadlash stantsiyalariga e'tibor qaratmasdan, “jamiyatga elektromobillikni joriy etishning arzonroq va osonroq usullari haqida oʻylashi” kerak.
AQSh Tramp davrida Norvegiya muvaffaqiyatini takrorlashi dargumon
Koʻplab amerikaliklar Donald Tramp Oq uyga qaytgach, Jo Bayden ma'muriyatining elektromobillarni joriy etishni ragʻbatlantirish siyosatidan voz kechishidan xavotirlanmoqda.
Saylangan respublikachi prezident elektromobillar sotib olish uchun 7500 dollargacha federal soliq imtiyozlarini berishni toʻxtatishga, shuningdek, xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchilar uchun yangi import bojlarini joriy etishga va'da bergan, bu esa elektromobillar narxi oshishiga olib kelishi mumkin.
AQShning bir nechta shtati elektr avtomobillarini sotib olish uchun oʻz imtiyozlarini qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Soʻnggi oylarda AQShda elektromobillar savdosining oʻsish sur'atlari sekinlashgan. Bunga narxlar yuqoriligi va zaryadlash stantsiyalari etishmasligi sabab boʻlmoqda. Oʻtgan hafta Tesla kompaniyasi oʻn yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta savdo hajmi pasayganini ma'lum qildi.
Skandinaviya mamlakatlarida elektromobillarni joriy etish boʻyicha tadqiqotlar bilan shugʻullangan Lens Noel Tramp prezidentligi davrida Amerika hukumati elektromobillik siyosatida katta ehtimol bilan “orqaga qadam” tashlashini prognoz qildi. U elektromobillikni rivojlantirish siyosatiga eng koʻp mablagʻ sarflaydigan mamlakatlar eng koʻp natija olayotganidan ajablanmaslik kerakligini ta'kidladi.
“Norvegiyada amalga oshirilgan ishlarni takrorlashga qat'iy intilayotgan davlatlar rahbarlari bu sohada kuchli va aniq siyosat olib borish uchun oʻzlarida siyosiy iroda topishayotgan boʻlsa kerak”, — deb xulosa qildi Noel. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing