date

Senat tashish xavfsizligi qoidalarini buzish uchun jarimani oshirdi

Senat tashish xavfsizligi qoidalarini buzish uchun jarimani oshirdi

O‘zbekiston Respublikasi Senati tashish sohasida javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonunni ma’qulladi. Ushbu hujjat transport xavfsizligiga oid qoidalarni buzish holatlarini keskin kamaytirish, yo‘lovchilar hamda yuklarni manzilga o‘z vaqtida va xavfsiz yetkazib berishni ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Qonunga ko‘ra, xalqaro va shaharlararo yo‘nalishlarda avtomobil harakatini amalga oshiruvchi haydovchilarning mehnat va dam olish qoidalarini buzishi katta moliyaviy jazo bilan belgilanmoqda. Xususan, bunday holat uchun bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari (hozirgi hisobda 2 mln 884 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llanishi belgilandi. Bu qaror uxlamasdan mashina boshqarish oqibatida yuzaga kelayotgan yo‘l-transport fojialarining oldini olishga qaratilgan.

Bundan tashqari, temiryo‘l va metropoliten transportida harakat xavfsizligi, yo‘lovchilar, bagaj hamda yuk tashish qoidalarini buzganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil davomida metropoliten 172 million, poyezdlar esa 9,3 million yo‘lovchi tashigan bo‘lsa, 2024-yilda ushbu ko‘rsatkichlar mutanosib ravishda 270 million va 10 million 70 ming nafar yo‘lovchini tashkil etgan. Shuningdek, avtomobil transporti orqali 8 milliarddan ziyod yo‘lovchi tashilgani qayd etildi.

Yuk tashish sohasida ham ko‘rsatkichlar ancha katta. Faqat 2024-yilning o‘zida temiryo‘l transporti 102,7 million tonna, avtomobil transporti esa 2 milliard tonnadan ko‘proq yuk yetkazib bergan. Bu ko‘rsatkichlar transport tizimida xavfsizlik va uzluksizlikni ta’minlash zarurligini yanada kuchaytirayapti.

Amaldagi tartibga ko‘ra, agar temiryo‘lda xavfsizlik talablari buzilsa, Transport nazorati inspeksiyasi faqat ko‘rsatma berish bilan cheklanar edi. Biroq 2024-yilda 130 ta yirik holat qayd etilgani, ular natijasida infratuzilma va harakatdagi tarkibga qariyb 4 milliard so‘m zarar yetkazilgani, shuningdek, temiryo‘l kesishmalarida 38 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, 11 inson halok bo‘lgani qonunni kuchaytirishga asos bo‘ldi.

Yangi tartibga muvofiq, transport xavfsizligi qoidalarini buzgan mansabdor shaxslar va xizmatchilarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (hozirgi holatda 4 mln 120 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llanadi.

Senatorlar ushbu qonunni ma’qullab, uni amalga joriy etish tashish sohasida intizomni kuchaytiradi, deb hisoblashmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Senat tashish xavfsizligi qoidalarini buzish uchun jarimani oshirdi