Chery kompaniyasi Yaponiyada yangi Emta brendi ostida key-karlar ishlab chiqaradi

Omoda va Jaecoo brendlarining egasi boʻlgan Chery kompaniyasi Yaponiyaning murakkab avtomobil bozoriga kirishni maqsad qilgan. Buning uchun Xitoy giganti Osiyoning toʻrtta yirik kompaniyasi bilan hamkorlikda Emta deb nomlangan yangi elektromobil brendiga asos soldi. Chery ushbu loyihada platformalar va texnik qismlarni yetkazib beruvchi asosiy hamkor sifatida ishtirok etadi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Emta brendining birinchi modeli Yaponiyaning key-kar standartlariga mos keladigan, uzunligi 3,4 metr boʻlgan ixcham shahar avtomobili boʻladi. Hozircha nomi oshkor qilinmagan ushbu model Chery kompaniyasining elektr uzatmalari va Gotion batareyalari bilan jihozlanadi. U bozorda Honda N-Box, Nissan Sakura, Daihatsu Tanto va Suzuki Hustler kabi mahalliy yetakchilar bilan raqobatlashishi kutilmoqda.
Texnik jihatdan yangi key-kar Chery kompaniyasining Xitoy bozoridagi eng kichik modeli — QQ Ice Cream bilan oʻxshash boʻlishi taxmin qilinmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, avtomobil 27 ot kuchiga ega dvigatel va taxminan 160 kilometr masofani bosib oʻtish imkonini beruvchi akkumulyator bilan jihozlanadi. Sotuv jarayonlari bilan Autobacs Seven shugʻullansa, Anest kompaniyasi sifat nazoratiga masʼul boʻladi.
Dastlabki bosqichda avtomobillar Xitoyda, Jiangsu Yueda zavodida ishlab chiqariladi. Agar brendning debyuti muvaffaqiyatli kechsa, kelajakda ishlab chiqarishni bevosita Yaponiyaning oʻzida tashkil etish rejalashtirilgan. 2029-yilga qadar Emta qatoriga yana uchta yangi model — supermini, kichik krossover va MPV qoʻshilishi kutilmoqda.
Hozircha Emta brendini Yaponiya tashqarisiga olib chiqish rejalari yoʻq. Chery bu loyihada asosan aksiyador va texnologik hamkor sifatida ishtirok etadi. Shu tariqa, Xitoy avtosanoati BYD ortidan Yaponiya bozorining uchdan bir qismini tashkil etuvchi key-karlar segmentida oʻz oʻrnini egallashga harakat qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!