197 ot kuchi va 1500 km masofa: Volkswagen Tiguan L ePro taqdim etildi

SAIC Volkswagen qoʻshma korxonasi gibrid kuch qurilmasiga ega boʻlgan yangi Passat ePro va Tiguan L ePro modellarini rasman namoyish etdi. Passat ePro sedani uch xil komplektatsiyada, 169 900 dan 203 900 yuangacha (taxminan 25-30 ming dollar) boʻlgan narxlarda taklif etilmoqda. Avtomobil butunlay yangilangan tashqi koʻrinish, zamonaviy LED faralar va yoritiladigan emblema bilan jihozlangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Passat ePro salonida uchta displey mavjud: 15 dyuymli media-tizim, 10,3 dyuymli raqamli asboblar paneli va yoʻlovchi uchun 11,6 dyuymli ekran. Shuningdek, model IQ.Drive tizimlari va yuqori komplektatsiyalarda avtomatik boʻlak oʻzgartirish hamda yoʻl ayriqlaridan oʻtish funksiyasiga ega yarim avtonom boshqaruv tizimi bilan taʼminlangan.
Tiguan L ePro krossoveri esa ikki xil versiyada chiqarildi va uning narxi 191 900 dan 207 900 yuangacha (28,3-30,7 ming dollar) etib belgilandi. Krossover ham yangilangan yoritish texnikasi va birlashtirilgan yorugʻlik chizigʻiga ega boʻldi. Uning gʻildirak bazasi 2791 mm ni tashkil etadi.
Texnik jihatdan har ikkala model bir xil: 1,5 litrli 129 ot kuchiga ega EA211 benzinli dvigatel va 197 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. 22 kW·soat quvvatli akkumulyator yordamida Passat ePro faqat elektrda 157 km, Tiguan L ePro esa 143 km masofa bosib oʻtadi. Toʻliq bak va quvvat bilan umumiy masofa mos ravishda 1468 va 1423 km ga yetadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!