15:55 / 15.12.2020
1 531

Smart avtomobillar: avtokompaniyalar fikrlay oladigan ulovlarni tajribadan o‘tkazishyapti

Smart avtomobillar: avtokompaniyalar fikrlay oladigan ulovlarni tajribadan o‘tkazishyapti
Foto: INTEL
Inson miyasiga taqlidan ishlaydigan tajriba kompyuter chiplari ovoz va imo-ishoralar orqali beriladigan buyruqlarni tushuna olishni tezlashtirishi mumkin.

Wall Street Journal nashri Intel Corp. va Accenture PLC tadqiqotchilariga asoslanib xabar berishicha, ilg‘or neyromorfik hisoblash texnikasi an’anaviy avtomobilga simsiz ulanadigan kompyuter va grafika qismlaridan kamroq quvvat talab qiladi. Avtomobillarga o‘rnatilayotgan hozirgi sun’iy ong ko‘plab ovozli va ishorali buyruqlarni tushunmaydi. Bu o‘sha funksiyalar ishlashi uchun yetarli quvvat mavjud emasligi bilan ham bog‘liq.

«Avtomobil kompaniyalari sun’iy ongning kamroq quvvat sarflaydigan neyromorfik hisoblash metodlari nega foydaliroq ekanini tushunib yetishyapti. Ular hozirgi chiplarning zarur darajada sozlanmasligi ustida ish olib borishyapti», deydi Accenture Labs’ning texnik tadqiqotchisi Tim Shi.

Germaniyaning Mercedes-Benz avtokonserni o‘tgan hafta Intel kompaniyasining Neuromorphic Research Community loyihasiga qo‘shilganini e’lon qildi. Loyiha avtomobillarga o‘rnatiladigan sun’iy ong bilan ishlaydigan neyromorfik chiplarning quvvat sarfi, tezlik va aniqlikni yaxshilashni o‘rganadi.

«Erishgan bilimlarimiz bilan sun’iy ongni boshqaradigan dasturlarimizni tezlashtiramiz. Bu nafaqat bizning avtomobillar, balki uning atrofidagi ulovlarga ham tegishli», deydi Mercedes-Benz kompaniyasining kelajak texnologiyalari bo‘limi direktori Jasmin Ayxler.

«Intel firmasining neyromorfik chiplari besh yil ichida sotuvga chiqadi», demoqda firmaning neyromorfik hisoblash laboratoriyasi direktori Mayk Deyvis.

Neyromorfik chip bilan ishlaydigan dastur o‘rnatilgan avtomobillar ichidagi odam qaltirayotganini sezadi va haroratni shunga moslaydi. Shuningdek, ular avtomobilni sekinlatish yoxud oynani tushirish buyrug‘ini ham taniy oladi. Chiplar bevosita avtomobilning o‘ziga o‘rnatiladi va ishlashi uchun tashqi aloqaga ulanishga hojat qolmaydi.

Accenture Labs joriy yilda nomi oshkor qilinmagan avtokonsern bilan neyromorfik hisoblash texnikasi ustida tajriba o‘tkazdi. Tajribada Intel’ning Loihi nomli neyromorfik chipi «motorni yurgizing» kabi ovozli buyruqni taniy olgan. «Chip standart grafik protsessorlarga qaraganda 1000 barobar kamroq quvvat sarflaydi va 200 millisekundga tezroq ishlaydi», deydi Tim Shi.

Intel korporatsiyasi neyromorfik hisoblash ustida ishlayotgan bir necha kompaniyalardan biridir. Undan tashqari, IBM, SynSense va Applied Brain Research ham ayni soha ustida izlanishlar olib boryapti. «Soha kamroq quvvat sarf etadigan sun’iy ongni rivojlantirishning yangi yo‘llarini izlamoqda», deya o‘z fikrini bildirgan Gartner Inc’da sun’iy ong tahlilchisi sifatida faoliyat yurituvchi Alan Prisli.

Energiya sarfi ayrim sun’iy ong ixtirolari uchun katta to‘siqdir. Massachusets universtiteti tadqiqotchilarining fikricha, bir sun’iy ong modelini ishlab chiqarish mobaynida AQSHda besh avtomobilning umri davomida chiqaradigan karbonat angidrid gazi havoga sovurilishi mumkin.

Neyromorfik hisoblashda xuddi chaqaloqlar kabi o‘rganish ro‘y beradi. Ya’ni biror tasvir yo o‘yinchoqni bir marta ko‘rib, uni keyinchalik eslab qoladi.

Neyromorfik chiplar avtomobilning ichiga o‘rnatilishi mumkin va bulutli xizmatlarga ulanish shart emas. Bu sun’iy ong har yerda, hatto aloqa sifati yomon bo‘lgan joylarda ham bemalol ishlayveradi deganidir.

Bu kabi chiplar 2025 yilga borib sun’iy ongning yangi va progressiv shakllari uchun eng asosiy resurs bo‘lishi kutilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, o‘sha yilga borib bu texnologiya grafik protsessorlar o‘rnini egallaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)