18:00 / 27.07.2021
3 081

UzAuto Motors yangi avtomobillarning navbat o‘rinlarini «sotayotganlarga» qarshi kurashmoqda


UzAuto Motors kompaniyasi IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizlik xizmati inspeksiyasining ma’lumotlar bazasi bilan o‘z bazasini sinxronlashtirish tashabbusi bilan chiqdi. Bu yangi avtomobillarning noqonuniy xaridi va savdosining oldini olish uchun amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi kompaniya matbuot xizmati.

Loyiha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha noqonuniy boyish tizimi paydo bo‘lishining oldini olish va avtomobilni olishda navbatni berishning imkonsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Kompaniyadagilarning ta’kidlashicha, pandemiya vaqtida va butun dunyoda yarim o‘tkazgichlar taqchilligi sharoitida ular zavodning to‘liq to‘xtatishidan va ish o‘rinlarining qisqartirilishidan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Shunga qaramay, ishlab chiqarishning keskin tushib ketishi yangi mashinalar taqchilligini yuzaga keltirgan.

«Ushbu salbiy oqibatlar avtomobillarni sotish hamda sotib olishning noqonuniy yo‘llarini keltirib chiqardi. Shaffof savdo tizimining mavjudligi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha turli xil chora-tadbirlarga qaramay, ba’zi bir shaxslar o‘z daromadini chiqarib olish hamda tizimni chetlab o‘tishning yangi metodlarini topishadi», — deyiladi xabarda.

Shunday qilib, yaqinda sotuv tizimi yordamida bir shaxs tomonidan avtomobillarni sotib olish uchun 10, 20 va hattoki 200 ta kelishuv shartnomalarining tuzilganlik holatlari aniqlangan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ushbu shaxslar yuzaga kelgan holatni o‘z biznesiga aylantirib, «qo‘yilgan navbatini kutishni xohlamaydigan shaxslarga o‘z navbatini imtiyozli berish maqsadida shartnomalar tuzadi».

UzAuto Motors mijozlarning yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha noroziliklarini inobatga olgan. Biroq kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, UzAuto Motors hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar mijozlarning shaxsiy murojaatlari va shikoyatlarisiz na tezkor chora-tadbirlar ko‘rish, na jinoiy ish bo‘yicha tergov olib borish huquqiga ega emas.

«Noqonuniy bitimlar tuzishda qatnashgan har bir ishtirokchi jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ushbu hodisa haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki kompaniyaning call-center xizmatiga xabar berish har bir fuqaroning burchidir», — deya qayd etiladi xabarda.

Avtomobil sotib olish jarayonida tamagirlik yoki korrupsiyaning boshqa turlari bilan to‘qnash kelgan mijozlar, xususan, u yoki bu modeldagi avtomobil uchun shartnomaning yo‘qligi kuzatilsa, zudlik bilan UzAuto Motors kompaniyasi call-center markazining telefoni — (78) 141-77-77 yoki Bosh prokuraturaning 1007 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish so‘raladi.

Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy doiralarga aloqador manbalarda UzAuto Motors avtomobillarini sotib olish uchun «shapka» tizimi qayta tiklangani haqida xabarlar paydo bo‘ldi (aslida odamlar orasida bu kabi gap-so‘zlar Asakadagi avtozavod faoliyatida 2021 yil fevral oyida kuzatilgan salkam bir oylik tanaffusdan so‘ng, avtomobillarni yetkazib berish o‘rtacha 1—2 oyga kechikishi ma’lum qilinganidan keyin paydo bo‘lgan edi).

UzAuto Motors bu kabi gap-so‘zlarga munosabat bildirarkan, avtomobil ishlab chiqarishning keskin pasayib ketishi ortidan yuzaga kelgan taqchillikdan «ba’zi bir vijdonsiz sub’ektlar» foydalanishga urinib, «spekulyativ vaziyatlar va noqonuniy harakatlar sodir etilayotgani»ni tan oldi. Qayd etilishicha, «O‘zavtosanoat» bunday holatlarga qarshi faol kurash olib bormoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » UzAuto Motors yangi avtomobillarning navbat o‘rinlarini «sotayotganlarga» qarshi kurashmoqda