15:11 / 23.11.2021
3 906

Xorazmda 90 O 900 OA avtoraqami uchun onlayn auksionda kurash tonggacha davom etdi

Xorazmda 90 O 900 OA avtoraqami uchun onlayn auksionda kurash tonggacha davom etdi
Avtoraqamlar onlayn auksionida 15—21 noyabr oralig‘ida 2846 ta avtoraqam sotildi. O‘zbekiston tovar xom ashyo birjasining ma’lum qilishicha, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 6,2 milliard so‘mni tashkil qildi.

Auksion savdolarini kuzatgan «Daryo» muxbirining ma’lum qilishicha, ba’zi avtoraqamlar uchun kurash keskin kechgan va davlat raqamlarining boshlang‘ich narxi 10 barobardan ham ko‘proq ko‘tarilgan.

Onlayn auksionda avtoraqamlar uchun dushanbadan jumaga qadar xaridor o‘z narxini taklif etishi mumkin. Narx taklif qilishning yakuniy turli raqamlar uchun navbati bo‘yicha soat 10:00 dan 17:00 gacha etib belgilangan. Ammo auksion tugashiga 10 daqiqadan kam vaqt qolganda yangi narx taklif etilsa, savdolar uchun yana 10 daqiqa vaqt qo‘shib beriladi. Yangi-yangi narxlar taklif etilishi ortidan savdolar bir necha soatga ham cho‘zilishi mumkin. Shunday holatlardan biri Xorazmda sodir bo‘ldi va qariyb tonggacha chiroyli raqam uchun kurash bo‘ldi.

Raqam uchun faqat bir da’vogar bo‘lsa, auksion yakunigacha boshlang‘ich narxni 1 foizga oshirishi g‘oliblik uchun kifoya qiladi. Biroq Xorazmda 10 noyabr kuni 1 350 000 so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga qo‘yilgan 90 O 900 OA avtomobil raqami uchun talabgorlar bittadan ortiq edi.

90 O 900 OA avtoraqami 18 noyabr tonggi soat 04:08 holatiga ko‘ra 17,3 million so‘mdan oshgandi.
Skrin: «Daryo»

17 noyabrda tugashi kerak bo‘lgan savdolar 18 noyabr tonggigacha davom etdi. Raqamning narxi 1255 marta ko‘tarildi. 90 O 900 OA avtoraqami boshlang‘ich narxidan 13,5 barobar qimmatga — 18 292 500 so‘mga sotildi.

Xorazmda bir hafta oldin ham shunga o‘xshash holat qayd etilgandi. 1 080 000 so‘m boshlang‘ich narx bilan savdoga qo‘yilgan 90 O 880 OA avtomobil raqamining savdolari 10 noyabrda yakunlanishi kerak edi. 1000 dan ortiq marta uning narxi ko‘tarildi va 11 noyabr soat 03:52 da auksion 12 463 200 so‘m narx taklif etilganidan so‘ng to‘xtadi. Raqamning narxi 11,5 barobarga ko‘tarildi.

90 O 880 OA avtoraqami uchun savdolar to‘xtagan paytda taklif etilgan eng yuqori narx 12 463 200 so‘m bo‘ldi.
Skrin: «Daryo»

Taqqoslash uchun: Xorazmda 777 soni bor avtoraqamlar 6 750 000 so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga qo‘yiladi. Bu Xorazmdagi eng qimmat raqamlardan biridir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Xorazmda 90 O 900 OA avtoraqami uchun onlayn auksionda kurash tonggacha davom etdi