13:48 / 04.05.2022
1 809

Isroil Lavrovning Hitler va yahudiylar haqidagi bayonotidan g‘azabda

Isroil Lavrovning Hitler va yahudiylar haqidagi bayonotidan g‘azabda
Isroildagi yetakchi nashrlar Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni Italiya telekompaniyasiga bergan intervyusida yahudiylar va Hitler haqidagi o‘ylovsiz aytgan so‘zlari uchun qattiq tanqid qilmoqda. Jerusalem Post nashridagi maqolada aytilishicha, shu vaqtgacha Ukrainadagi urush borasida betaraflik saqlashga urinib kelgan Isroil Lavrovning so‘zlaridan keyin bunday qila olmaydi.

«Isroil ochiqchasiga Vladimir Putinga qarshi turishdan manfaatdor bo‘lmasa-da, Putinning Ukrainadagi urushiga qarshi demokratik G‘arb va «erkin dunyo» tomonida turishdan xuddi shu darajada manfaatdor», deya yozadi gazeta o‘z tahlilida.

Jerusalem Post Rossiya TIVning Isroil go‘yoki Ukrainadagi neonatsistlarni qo‘llab-quvvatlashi to‘g‘risidagi bayonotiga ham e’tibor qaratgan.

Gazeta Isroil bosh vazirining Lavrovning so‘zlariga bildirgan reaksiyasi va Rossiya elchisi Isroil TIVga chaqirtirilgani Isroil bu urushda bundan buyon betaraf pozitsiya egallamasligi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlay boshlashi haqida signal ekanini qayd etgan.

Haaretz gazetasi Lavrov Hitler to‘g‘risidagi «antiqa bayonoti» bilan Rossiyaning tajovuzini oqlash uchun behuda uringanini yozgan va Amerika yahudiylari qo‘mitasi munosabatidan iqtibos keltirgan: «Biz bir necha bor denatsifikatsiya zarurati haqida aytganmiz - Kiyevda emas, Moskvada».

Gazeta Isroil sog‘liqni saqlash vaziri va «Meres» partiyasi yetakchisi Nitsan Xorovitsdan ham iqtibos keltiradi: «Ukrainada neonatsistik rejim yo‘q. Zelenskiy - natsist emas. Ha, Isroil Rossiyaning beshafqat bosqini qarshisida Ukrainaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini yoqlaydi».

«Kechirib bo‘lmas so‘zlar»

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Italiyaning Mediaset telekompaniyasiga bergan intervyusi diplomatik mojaro keltirib chiqardi. Prezident Volodimir Zelenskiyning o‘zi yahudiy bo‘lgani holda qanday qilib Ukrainani «natsifikatsiya»da ayblash mumkinligi haqidagi savolga javoban rossiyalik vazir Adolf Hitlerda ham «yahudiy qoni» bo‘lgani, qolaversa «eng ashaddiy antisemitlar» qoidaga ko‘ra yahudiylar bo‘lishi haqida aytdi.

Lavrovning bayonoti noroziliklar to‘lqinini uyg‘otdi - butun dunyodagi yahudiylarning tashkilotlarida va Isroil hukumati vakillari orasida.

Isroil bosh vaziri Naftali Bennet Rossiya TIV rahbarini yolg‘onchilikda aybladi va Holokost fojiasidan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Rossiya elchisi Isroil TIVga izoh berish uchun chaqirildi, isroilliklar tashqi ishlar vaziri Yair Lapid Lavrovning bayonotini «kechirib bo‘lmas so‘zlar» deb atadi.

BBC’ning Quddus (Iyerusalim)dagi muxbiri qayd etishicha, rossiyalik vazirning so‘zlari Isroil va Rossiya munosabatlari uchun o‘ziga xos sinovga aylanishi mumkin.

Lavrov nimalar dedi?

Sergey Lavrov Mediaset nashriga (Italiyadagi Silvio Berluskoni asos solgan eng yirik mediakonglomerat) bergan intervyu 1 may kuni kechqurun e’lon qilindi - uning to‘liq rasshifrovkasi Rossiya TIV saytiga joylashtirilgan.

Unga ko‘ra, vazir savollardan biriga javob berarkan, Ukraina hududida «militaristlar va natsistlar» «gullab-yashnayotgani» haqida aytadi.

Bunday ritorika Rossiya rahbariyati uchun yangilik emas - Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirish sabablaridan biri sifatida ushbu mamlakatni «denatsifikatsiya» qilish zaruratini keltirgan.

Lavrovdan intervyu olgan Mediaset jurnalisti bu borada bahslashadi. «Bu sizning nuqtayi nazaringiz, Volodimir Zelenskiy esa butunlay boshqacha gapiradi. U denatsifikatsiyani ma’nosiz deb ataydi. Axir u yahudiy. Natsistlar, «Azov»chilar - ular kamchilik», - degan u Lavrovga.

Bunga Rossiya TIV rahbari qanday javob qaytardi? Birinchidan, uning fikricha, «Azov» va «Aydar» kabi bo‘linmalarning asir tushgan a’zolarining tanalarida svastika va natsistik batalonlar ramzi hisoblangan tatiurovkalar borligi Ukrainada natsizm mavjudligidan darak beradi.

Zelenskiy ham yahudiyligi haqidagi argumentni esa Lavrov ishonarli emas deb hisoblaydi.

«Adashayotgan bo‘lishim mumkin, lekin Hitlerda ham yahudiy qoni bo‘lgan. Bu mutlaqo hech narsani anglatmaydi. Dono yahudiy xalqi aytadiki, eng ashaddiy antisemitlar, odatda, yahudiylardir. Bizda esa «har oilaning o‘z ahmoq a’zosi bor» deyishadi», degan u.

Lavrovning so‘zlari qanday reaksiya keltirib chiqardi?

Lavrovning Hitler yahudiy bo‘lishi mumkinligi haqidagi gapi mojaro keltirib chiqardi. Bunga eng keskin reaksiyalarni Isroildagilar bildirishdi.

«Rossiya tashqi ishlar vaziri bayonotiga o‘ta jiddiylik bilan yondashaman. Uning so‘zlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, uning aytilishi noto‘g‘ri. Bunday yolg‘onlardan maqsad yahudiylarga qarshi sodir etilgan tarixdagi eng jirkanch jinoyatlarda ularning o‘zlarini aybdor qilish va bu orqali Isroilning dushmanlarini javobgarlikdan ozod etish hisoblanadi», degan Isroil hukumati rahbari.

«Yahudiy xalqi Holokostidan siyosiy instrument sifatida foydalanishni darhol bas qilish zarur», deya qayd etgan bosh vazir.

«Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrovning ta’kidi kechirib bo‘lmaydigan va kishini g‘azablantiradigan bo‘lishdan tashqari, o‘ta qo‘pol tarixiy xatodir. Yahudiylar Holokost chog‘ida o‘zlarini o‘zlari o‘ldirishmagan. Yahudiylarga nisbatan irqchilikning eng quyi darajasi – yahudiylarning o‘zini antisemitizmda ayblashdir», dedi 2 may tongida Isroil tashqi ishlar vaziri Yair Lapid.

Isroil TIVga rossiyaliklar elchisi Anatoliy Viktorov «tushuntirish suhbati» uchun chaqirilgan. Lapid bu «oddiy suhbat» bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Isroil TIV rahbari o‘rinbosari Idan Roll tvitterida Lavrovning chiqishini «antisemitizmning yangi tubi» deb atab, Rossiya hokimiyati urush boshlanganidan buyon Holokost tarixi bo‘yicha muntazam iltifotsizlikka yo‘l qo‘yayotganini qo‘shimcha qildi.

Isroil aloqa vaziri Yoaz Hendel ham Isroil mudofaa armiyasi radiosiga bergan intervyusida Lavrovning so‘zlarini noxolis bo‘lganini qayd etdi: «Shunchaki tarixiy aniqlik uchun: Hitlerda yahudiylar qoni bo‘lgani haqidagi gaplar tarixchilar tomonidan inkor etilgan - Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar esa kishini g‘azabga soladi».

Hendel Isroilda o‘tgan haftada Holokost qurbonlarini xotirlash kuni bo‘lib o‘tganini eslatgan. Holokost chog‘ida natsistlar va ularning hamtovoqlari Germaniya nazoratiga o‘tgan hududlarda 6 mln atrofidagi yahudiylarni o‘ldirishgan.

Isroilning diaspora ishlari bo‘yicha vaziri Naxman Shay Lavrovni zudlik bilan o‘z so‘zlarini qaytarib olishga chaqirgan. «Hitlerda yahudiylar qoni bo‘lmagan, bu bema’ni yolg‘onni takrorlash tarixda yahudiylarga qarshi sodir etilgan eng yomon jinoyatlar uchun javobgarlikni yahudiylarning o‘ziga yuklaydi. Yahudiylarga qarshi jinoyatlarda yahudiylarni ayblash mohiyatan antisemitizm hisoblanadi», degan u.

Naftali Bennet 27 aprel kuni Quddusda Holokost memorialida chiqish qilmoqda. Foto: Getty Images
Isroil jamoat xavfsizligi vaziri Omer Bar-Lev Lavrovning so‘zlari natsistlar tomonidan o‘ldirilganlar «xotirasini oyoqosti qilishi» va bu kabi yolg‘onga asoslangan bayonotlar butun dunyo bo‘ylab antisemitizm to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkinligini qayd etdi.

Uning o‘rinbosari Yair Golan ham Lavrovning so‘zlarini yolg‘on deb atadi. «Bu Rossiya hokimiyati aslida qanday ekanligini aks ettiradi: u — o‘z uyida raqiblarini yo‘q qiluvchi, o‘zga davlatga bostirib kirib, uni natsizmni uyg‘otishda yolg‘ondan ayblovchi shafqatsiz hukumat...», degan Golan.

Lavrovning intervyusiga Quddusdagi «Yad va-Shem» muzeyida ham munosabat bildirildi, Holokost memoriali raisi Dani Dayan Lavrov «qurbonlarni jinoyatchiga aylantirayotgani»ni aytib, bayonotni asossiz deb atadi. «Umuman ukrainaliklarni, xususan prezident Zelenskiyni natsist deb atash ham jiddiylikda undan kam emas. Bu tarixni to‘liq soxtalashtirish va natsizm qurbonlarini haqorat qilishdir», degan Dayan.

Isroil va Rossiya munosabatlari uchun sinov

Bu so‘nggi ikki oyda «Yad va-Shem» tomonidan Rossiyaning harakatlari qoralanishi bilan bog‘liq ikkinchi holatdir. Mart oyi boshida memorial rahbariyati Kiyevdagi Babi Yar atrofi rossiyalik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilishini qoralagandi - o‘shanda bu hujum nishoni ushbu hududda joylashgan teleminora bo‘lgani aytilgandi.

Aynan Babi Yarda natsistlar Ikkinchi jahon urushi vaqtida tinch aholi vakillarini ommaviy qatl etgan - asosan yahudiylar otilgan. Bu yerda 1941 yil avgustining so‘nggi ikki kunida 33 mingdan ortiq kishi o‘ldirilgan.

Yetakchi tarixchilar va Holokost memoriali rahbarlari Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralab, Moskvaning bu mamlakatni «denatsifikatsiya» qilish zarurati haqidagi ritorikasini natsizm qurbonlari va unga qarshi kurashganlar, jumladan Qizil armiya askarlari xotirasi uchun haqorat ekanini aytgan.

Rossiyalik harbiylar zarbalaridan jabrlangan Drobitskiy Yardagi Holokost memoriali. Xarkov atrofi, 2022 yil 27 mart.
SERGEY BOBOK/AFP VIA GETTY IMAGES

Isroil bosh vaziri Naftali Bennet bu harbiy mojaroni hal etishda o‘z vositachiligini taklif etgan. Ukraina hukumti Isroilni Ukraina xavfsizlik kafolati uchun potensial garant davlatlardan biri sifatida ko‘rayotganini bildirgan - Istanbuldagi muzokaralardan keyin hozirgacha bunday kafolatni imzolash masalasi muhokama etilmoqda.

Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mart oyi o‘rtalarida Quddusni uning Vladimir Putin bilan uchrashuvini o‘tkazish mumkin bo‘lgan joy deb atagandi.

BBC’ning Quddusdagi korrespondenti Jon Donnisonning qayd etishicha, Isroil hukumati Vladimir Putin bilan munosabatlarda yetarlicha qat’iyatlik ko‘rsatmayotgani uchun ko‘p bor tanqidga uchragan. Sergey Lavrovning so‘zlari esa Isroilning Rossiya bilan munosabatlari mustahkamligini sinovdan o‘tkazish vazifasini o‘tashi mumkin.

Lavrov nega Hitler yahudiy bo‘lishi mumkin deb aytishga qaror qildi?

Natsistlar partiyasi yetakchisi Adolf Hitlerda yahudiylar qoni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi nazariyalar o‘nlab yillar mobaynida muhokama qilib kelingan. Bu gapning asosiy manbasi - Hitlerning bobosi (bu odam kim bo‘lgani haqida ishonchli ma’lumot yo‘q) ota tomondan yahudiylarga mansub bo‘lishi mumkinligi haqidagi tasdiqlanmagan ma’lumotdir.

Bunday ma’lumot dastlab Hitlerning ishonchli kishilaridan biri bo‘lgan, Ikkinchi jahon urushi vaqtida ishg‘ol etilgan Polsha general-gubernatorligiga tayinlangan Hans Frankning memuarlarida tilga olingan. Uning xotiralari 1953 yilda - Frank Nyurnberg tribunali hukmiga ko‘ra qatl etilganidan yetti yil o‘tib nashr qilingan.

Frankning memuarlarida 1930 yilda Hitlerning bobosi Avstriyaning Gras shahrida yashagan yahudiy bo‘lgani aniqlangani da’vo qilinadi. Bu go‘yoki Hitlerning buvisi Mariya Anna Shiklgruberning o‘zi uyida ishlagan, kelib chiqishiga ko‘ra yahudiy bo‘lgan Frankenberger familiyali odam bilan yozishmalarida ko‘rsatilgan. Maktubga ko‘ra, Shiklgruber xo‘jayinning 19 yoshli o‘g‘lidan homilador bo‘lib qolgan.

Bundan tashqari, Frank Hitlerning jiyani go‘yoki fyurerni shantaj qilgani va unda yahudiylar qoni borligi haqidagi ma’lumotni tarqatish bilan tahdid qilgani haqida ham yozadi.

Isroildagilar Lavrovning so‘zlari natsistlar qurbonlari xotirasini oyoqosti qilish deb hisoblamoqda.
VALERY SHARIFULIN/TASS

Focus jurnali batafsil yozishicha, Hitlerning biografiyasini o‘rgangan tarixchilar doimo Frankning gaplarini shubha ostiga olishgan. Birinchidan, u asoslangan yozishma arxivlardan topilmagan. Ikkinchidan, uning memuarlarida juda ko‘plab noaniqliklar mavjud va bu uning barcha ishlarini shubha ostiga qo‘yadi. Va uchinchidan, Hitlerning buvisi yozishmalari bo‘lib o‘tgan deb hisoblangan 1836 yilda Gras shahrida katta ehtimol bilan birorta yahudiy yashamagan.

So‘nggi tezisning o‘zi amerikalik olim, psixiatr Leonard Saks tomonidan shubha ostiga olinadi, u 1850 yilda Gratsda yahudiylarning kichik diasporasi vujudga kelganiga oid dalillar aniqlagan.

Shu bilan birga natsizmni tadqiq qilgan britaniyalik mashhur tarixchi Richard Evans The Times of Israel nashriga bergan intervyusida aytishicha, Gratsda XIX asrning 30-yillaridayoq yahudiylar diasporasi bo‘lgan deb hisoblansa ham, Hitler ularga qon rishtalari bilan bog‘langan deyish uchun dalil yo‘q.

Tarixchining so‘zlariga ko‘ra, hatto Gratsda Frankenberger familiyali yahudiylar oilasi yashagani borasida ham dalil yo‘q. «Hitlerning otasi yoki ota tomondan buvisining yozishmalariga mansub bo‘lgan birorta parcha topilmagan. Shuningdek Hitlerning qarindoshi uning kelib chiqishini bilgani va uni shantaj qilganiga oid dalillar ham yo‘q», degan Evans.

Shu intervyuda Evans Hitlerning kelib chiqishi borasidagi bahs-munozaralar «ayrimlar uchun unda kuchli va mudhish antisemistik qarashlari paydo bo‘lishi sababini tushunarsizligi va buni shaxsiy motivlar tufayli bo‘lgan deb o‘ylashlari» sababli olib borilishi haqida aytib o‘tgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil Lavrovning Hitler va yahudiylar haqidagi bayonotidan g‘azabda