Prezident Vladimir Putin tan olinmagan Janubiy Osetiya respublikasi rahbari Anatoliy Bibilov bilan. Foto: dpa
Tan olinmagan Janubiy Osetiya respublikasi prezidenti Anatoliy Bibilov hududning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi masalasida referendum o‘tkazilishini ma’lum qildi. Ovoz berish tadbiri joriy yil 17 iyul kuni o‘tishi belgilangan.
Gruziyadan mustaqil ekanini da’vo qiluvchi Janubiy Osetiya rahbari hududning Rossiya tarkibiga kirishini aholining tarixiy istak-intilishi deb atagan.
Rasmiy Moskva mazkur tashabbusga munosabat bildirar ekan, ovoz berish natijalari hurmat bilan qabul qilinishini ta’kidlagan. Xususan, Davlat dumasining MDH masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Artyom Turov mintaqaning Rossiyaga qo‘shilishiga to‘sqinlik yo‘qligini qayd etgan.
Gruziya rahbariyati esa Janubiy Osetiyada 17 iyul kuni o‘tishi kutilayotgan referendum, umuman, hudud hukumati tan olinmasligini yana bir karra ma’lum qilgan.
Janubiy Osetiya ko‘p yillar davomida Gruziya tarkibida muxtor viloyat bo‘lib kelgan. 1990-yillarda hudud bir tomonlama mustaqillik e’lon qilgan. 2008 yili Gruziya xalqaro huquqiy me’yorlarga ko‘ra o‘ziga tegishli sanalgan hududda nazorat o‘rnatishga uringan. Ammo jarayonga Rossiya qurolli kuchlari aralashgan. Shu tariqa 2008 yilning 8-12 avgust kunlari davom etgan Rossiya–Gruziya urushidan keyin hududga rus qo‘shini kiritilgan. 26 avgust kuni Rossiya Janubiy Osetiya (shuningdek, Abxaziya) mustaqilligini tan olgan. Gruziya esa bu siyosiy qarorga norozilik ifodasi sifatida Moskva bilan diplomatik aloqani uzgan.
Ayni paytda Janubiy Osetiyada Rossiya harbiy bazasi mavjud. Mintaqa Moskvaning qo‘liga qarab qolgan. Masalan, 2021 yili tan olinmagan respublika budjetining 83 foiz xarajati Rossiya hisobidan qoplangan.
Rasmiy Tbilisi Janubiy Osetiyani ham, Abxaziyani ham o‘z hududi deb biladi.
Kreml Ukrainaga bosqin boshlangach, ayirmachi mintaqa de-yure Rossiya tarkibiga o‘tishidan xavotirlangani bois bo‘lsa kerak, Gruziya rahbariyati ehtiyotkor pozitsiyada turdi. Ammo tahlilchi va bloger Otabek Bakirovga ko‘ra, ehtiyotkorlik baribir naf bermadi, hududda referendum o‘tkazilishi e’lon qilindi.
«Urush boshlangandan buyon Gruziya hukumati iloji boricha Rossiyani xafa qilmaslikka, jig‘iga tegmaslikka urinib keldi. Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmadi, havo hududini Rossiya uchun yopmadi. Betaraflik uchun nima talab qilinsa, hammasini qildi. Hatto prezident Zurabishvilining urushni qoralash, Ukrainaga yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha bayonotlaridan keyin hukumat prezident o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda ayblab Konstitutsion sudga bermoqchi bo‘ldi. O‘tgan kuni bosh vazir Garibashvili Rossiyaga qarshi ikkinchi front hech qachon ochilmasligi, Rossiya bilan tinchlik o‘rnatish asosiy maqsad ekanini yana bir bor ta’kidlagandi. Ne tongki, shuncha bayonotlar, betaraflik pozitsiyalari va tinchlik signallari kor qilmadi», – deb yozadi O.Bakirov.
Tahlilchi obrazli tarzda «Dev akamizni bezovta qilmasak, bizga tegmaydi” qoidasini Kremlga tatbiq etib bo‘lmasligini qayd etadi.
“Rossiyaga nisbatan «umirotvoreniye» rejimi hech qachon natija bermasligini hayot yana bir marta ko‘rsatdi. Xalq tilida aytganda, «Dev akamizni bezovta qilmasak, bizga tegmaydi» qoidasi Rossiya misolida 146 - marta ishlamadi. «Dev aka» boshqasini yeyish bilan bandligi vaqtida qochib qolish yoki devdan qutulish chorasini ko‘rish kerakligi yana unutildi", – deb xulosa qiladi bloger.
Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekistonni tamsil etgan taniqli kurashchi, ayni paytda Davlat dumasi deputati Artur Taymazov esa Janubiy Osetiyaning Rossiyaga qo‘shilishiga doir referendumni olqishlagan. Shuningdek, sobiq sportchi Rossiya tarkibidagi Shimoliy Osetiya hamda Gruziyadan mustaqillik da’vo qilayotgan Janubiy Osetiya hududlarining birlashuviga xayrixohlik izhor etgan. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi