19:56 / 01.07.2022
1 344

Rossiya Odessa yaqinidagi kurortni o‘qqa tutdi, 20 kishi halok bo‘ldi (foto)

Rossiya Odessa yaqinidagi kurortni o‘qqa tutdi, 20 kishi halok bo‘ldi (foto)
Foto: Ukraina FVDX
Juma kuniga o‘tar kechasi Rossiya aviatsiyasi Odessa shahri atrofidagi kurort posyolkasiga uchta raketa yo‘lladi. Raketalardan biri to‘qqiz qavatli uyni qisman vayron qilgan, yana ikkitasi dam olish maskanlariga kelib tushgan. Hujum oqibatida 20 kishi halok bo‘lgan, ulardan biri 11 yoshli bola, yana 40 nafarga yaqin kishi yaralangan. Qurbonlar soni ortib bormoqda.

Zarbalar Belgorod-Dnestrovsk rayoniga, Odessadan 80 km janubda joylashgan Sergeyevka posyolkasidagi dam olish maskanlariga berilgan.

To‘qqiz qavatli uyda qutqaruvchilar ishni yakunlashgan, ammo dam olish bazasida ishlar davom etmoqda - mahalliy rasmiylar xarobalar orasida yana odamlar qolgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan.

Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmatiga ko‘ra, yaralanganlar orasida olti nafar bola va bir homilador ayol bor, xarobalar ostidan sakkiz kishi qutqarib olingan, ularning uch nafari bolalar.

Qutqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, turar joy binosida 16 kishi halok bo‘lgan, dam olish maskani hududi xarobalari ostidan to‘rt jasad chiqqan, ulardan biri 11 yoshli bola bo‘lgan. 38 kishi yaralangan.

Ukraina qurolli kuchlarining «Janub» operativ qo‘mondonligi xabar qilishicha, o‘tgan tunda Odessa oblastiga Rossiyaning Tu-22 bombardimonchi samolyotlari tomonidan uchta raketa uchirilgan.

«Tunda Odessa oblastining Belgorod-Dnestrovsk rayoniga Tu-22 strategik aviatsiya samolyotlari orqali Qora dengiz havo hududidan turib uchta X-22 raketasi uchirilishi oqibatida ko‘p qavatli uy va ikkita dam olish maskani nishonga olingan», deyiladi xabarda.

Kreml Odessaga zarbalar haqida: «RF qurolli kuchlari fuqarolik nishonlari bo‘yicha ishlamaydi»
Kremldagilar yana bir bor Rossiya armiyasi fuqarolik ob’ektlarini nishonga olmasligini aytib chiqdi.

«Men sizga yana bir bor prezident va RF bosh qo‘mondonining Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari maxsus amaliyot davomida fuqarolik nishonlari va fuqarolik infratuzilmalari bo‘yicha ishlamasligi haqidagi so‘zlarini eslatmoqchiman», degan Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov.

Ukraina hukumati Odessa oblastining jumaga o‘tar kechasi hujumga uchragan hududi harbiy infratuzilmalarga aloqador bo‘lmaganini ta’kidlamoqda.

Xalqaro tashkilotlarning ko‘plab guvohliklariga qaramay, Rossiya amaldorlari Rossiya armiyasi zarbalari natijasida tinch aholining ko‘plab vakillari jabr ko‘rayotganini inkor etib kelmoqda. Dalillar bo‘lsa ham, Kremldagilar bunday xabarlarni «feyk va provokatsiyalar» deb atamoqda.

Odessa yaqinidagi Sergeyevka posyolkasidagi dam olish maskani binosiga ham rossiyaliklar raketasi kelib tushgan

Rossiya raketasi kelib tushgan Sergeyevkadagi to‘qqiz qavatli uyda 160 nafarga yaqin kishi yashagan


To‘qqiz qavatli uy binosida 150-160 kishi yashagan. «Uyning bir tomoni butunlay shikastlangan, qavatlardagi plitalar buzilib ketgan», deya yozgan Odessa harbiy ma’muriyati vakili Sergey Bratchuk telegram kanalida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu uyda qutqaruvchilar odamlarni qidirish ishlarini yakunlashgan, ammo kvartiralarda nobud bo‘lgan jonivorlarning jasadlari qolmoqda, ularning ko‘pchiligi mushuklar, shuningdek vayronalar ostidan kuchuklarning hurishi ham eshitilgan.

Bratchuk dam olish maskanlari vayronalari orasida odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

«Rossiyaliklarning navbatdagi raketa zarbasi Odessa oblastidagi turar joy binosi va dam olish maskanlariga kelib tushdi. Qurbonlar bor, ular orasida bolalar ham. Terrorchi mamlakat bizning odamlarimizni o‘ldirmoqda», deya yozadi telegram kanalida Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak.

Bu 24 soat ichida Odessa oblasti bo‘ylab yo‘llangan ikkinchi zarba bo‘ldi. Payshanba kuni Odessa oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Marchenko oblast hududiga ikkita raketa kelib tushganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu zarbalar vayrongarchiliklar va qurbonlar olib kelmagandi.

Payshanba tongida Rossiya garnizoni Odessadan bir necha o‘n kilometr masofadagi Ilon orolini (Zmeiyniy) tark etdi. Bu Ukraina tomonidan ketma-ket hujumlar ortidan ro‘y berdi.

Urushning to‘rt oyi mobaynida maydoni 0,2 kv km bo‘lgan bu orolcha uchun doimiy janglar bo‘lib o‘tdi va harbiy harakatlar natijasida o‘nlab harbiylar halok bo‘lib, ko‘plab kemalar cho‘kib ketdi. Hozirgi sharoitda orolning strategik ahamiyati bahsli, ammo Rossiya uni Ukrainaga bostirib kirishining ilk kunlaridayoq egallab, keyingi yo‘qotishlarga qaramay o‘z nazoratida olib qolishga harakat qilgandi.

Ilon oroli uchun janglardagi eng mashhur epizod 14 aprel kuni Rossiyaning Qora dengiz floti flagmani, «Moskva» kreyseri cho‘kib ketishi bo‘lgandi.
Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Odessa yaqinidagi kurortni o‘qqa tutdi, 20 kishi halok bo‘ldi (foto)