09:40 / 27.07.2022
2 529

Ukraina urushidagi josuslik o‘yinlari

Ukraina urushidagi josuslik o‘yinlari
Foto: Sergey Malgavko / TASS
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB/FXX) ukrainalik razvedkachilar Rossiyaning kamida uchta harbiy samolyotini o‘g‘irlamoqchi bo‘lganini xabar qildi. Ruslar Rossiyaga qarshi ko‘plab surishtiruvlar muallifi Xristo Grozevni ham ushbu ishga aloqador deb e’lon qildi.

Grozevning fikricha, FXX jiddiy xatoga yo‘l qo‘yib, o‘nlab kontrrazvedka xodimlarini oshkor qilib qo‘ygan. BBC jiddiy shov-shuvga aylangan voqea haqidagi hozirgacha mavjud bo‘lgan barcha tafsilotlarni to‘pladi.

FXX talqini

Dushanba kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Ukraina razvedkasining operatsiyasi yo‘qqa chiqarilganini e’lon qildi. Xabarda aytilishicha, ukrain razvedkachilari Su-24 bombardimonchi samolyoti, Su-34 qiruvchi-bambordimonchi samolyoti va Tu-22M3 raketa tashuvchi qiruvchi samolyotini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan. Ya’ni rossiyalik uchuvchilarga pul va’da qilish orqali bu samolyotlarni qo‘lga kiritishni istagan.

FXX xabariga ko‘ra, ukrainlar har bir o‘g‘irlangan samolyot uchun uchuvchilarga 2 million dollargacha pul, ularning xotinlarini esa Yevropa Ittifoqidagi birorta davlatga olib borishni va’da qilgan. FXX e’lon qilgan videoda uchuvchilar o‘z samolyotini ko‘rsatgan va qo‘lida raqam ushlab turgan. FXXga ko‘ra, uchuvchilar bunday video orqali Ukraina qurolli kuchlariga samolyotlarni o‘g‘irlash operatsiyasiga tayyor ekaniga ishora bergan. Xabarda iddao qilinishicha, uchuvchilar qo‘llarida ushlagan raqamlarni ularga Ukraina razvedkasi vakillari bergan.

FXX ushbu operatsiya davomida ukrainalik harbiylarni mamlakat janubi-sharqidagi havo hujumidan mudofaa tizimlari va aerodromlar haqida ma’lumot berishga majbur qilganini xabar qilgan. Shuningdek, xabarda iddao qilinishicha, Ukraina razvedkachilari bu operatsiyani g‘arblik, xususan, britaniyalik maxsus kuchlar yordamida amalga oshirgan.

Rossiya tomoni ushbu operatsiyada Bellingcat nashri surishtiruvchisi Xristo Grozev ham ishtirok etganini aytmoqda. Bu jurnalist Rossiyaga qarshi ko‘plab surishtiruvlar o‘tkazgan. Xabarda aytilishicha, Grozev Britaniyaning Mi-6 razvedka guruhi bilan hamkorlik qiladi.

Xristo Grozev talqini

Jurnalist tvitterdagi sahifasida ushbu operatsiya chindan Ukraina razvedkasi tomonidan amalga oshirilgani, ammo unga hech qanday aloqasi yo‘qligini yozdi.

Rossiya razvedkasi hisoblashicha, Xristo Grozev ukrain maxsus xizmatlari operatsiyasida ishtirok etgan. Foto: EPA\TASS
2022 yil aprel oyida Ukraina Oliy radasi Rossiya harbiy texnikalarini ixtiyoriy tarzda topshirish uchun mukofotlar tartibi to‘g‘risida qonunni tasdiqlagandi. Unga ko‘ra, Ukraina armiyasiga ruslarning bitta tankini topshirgan odam 100 ming dollar, bitta samolyot olib kelgan odam esa 1 million dollar bilan mukofotlanishi aytilgan.

Grozevning aytishicha, aynan mana shu qonun chiqarilganidan keyin Ukraina maxsus kuchlari Rossiya samolyotlarini o‘g‘irlash uchun rus uchuvchilariga aloqaga chiqqan. Bellingcat bundan xabar topgan va hatto bu haqda film suratga olishni boshlagan. «Biz uchuvchilarning Ukraina tomoni vakillari bilan «muzokarasi»ni yozib oldik. Ammo ularning gapirish ohangi tezda o‘zgardi. Uchuvchilar ortiq o‘z nomlaridan gapirmay qo‘yishdi va aftidan FXXdagi kontrrazvedkachilarning aytganini qila boshlashdi», deydi Grozev.

Uning aytishicha, uchuvchilardan biri uning xotinini emas, jazmanini mamlakatdan olib chiqib ketishni so‘raganda Ukraina tomoni uchuvchilarning harakati shubhali ekanini seza boshlagan. Gap shundaki, Ukraina tomoni uchuvchi aytgan ayolni ma’lumotlar bazasidan tekshirganda u anchadan buyon FXXga ishlashi oshkor bo‘lgan.

«Bu vaqtda operatsiya tugagani va o‘ziga xos «operatsiyalar o‘yini»ga aylanib ketganini sezdim. Bu o‘yinda tomonlar bir biridan ko‘proq ma’lumot olishga va bir-biriga ko‘proq yolg‘on ma’lumot yetkazishga harakat qilardi», deb yozdi Grozev o‘z sahifasida.

Operatsiya barbod bo‘lgach, Ukraina tomoni rossiyalik uchuvchilarga havo hujumidan mudofaa tizimlari haqida yolg‘on ma’lumotlar yuborgan, uchuvchilar esa qayerga qo‘nishi borasida ma’lumotlar yuborgan. Aftidan, ruslar ham ukrainlar kabi yolg‘on ma’lumot bergan.

Grozevning aytishicha, uchuvchilardan birining xotini FXXdagilar hamrohligida Minskka go‘yoki Ukraina tomonidan kelgan kurerlar bilan uchrashuvga borganini aytgach operatsiya barbod bo‘lgan. Uchrashuvga hech kim bormagan. O‘shanda har ikki tomon ham bir biridan ortiq ma’lumot ololmasligini sezgan.

Ukraina tomoni bu holat bo‘yicha FXX va Grozevning chiqishlariga munosabat bildirmadi. Jurnalist tez orada bu borada film e’lon qilinishini aytdi.

«Vagnerchilar» operatsiyasi kabi barbod bo‘lgan operatsiya

Rossiyalik harbiy uchuvchilar orasida mashhur bo‘lgan Flightbomber Telegram-kanalining yozishicha, urush boshlanganidan buyon chindan ukrainalik harbiylar rus uchuvchilari, ularning oila a’zolari bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilib kelgan. Kanal mualliflarining aytishicha, ukrainalik harbiylar rus uchuvchilari va ularning oila a’zolariga nafaqat nafratomuz xabarlar yuborgan, balki million dollar ishlab olish imkoni haqida eslatib turgan.

O‘tgan yil noyabrida Bellingcat nashri Ukraina maxsus kuchlarining barbod bo‘lgan boshqa bir operatsiyasi haqida yozgandi. Unda Rossiyadagi xususiy deb aytiladigan «Vagner» harbiy guruhining 30 nafar a’zosini qo‘lga olish jarayoni oxiriga yetmay qolgani hikoya qilinadi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, o‘shanda «vagnerchilar» Venesuelaga «komandirovka»ga ketayotganiga amin bo‘lgan. Qo‘lga olinishi kerak bo‘lgan harbiylar avvaliga Moskvadan Minskka, keyin esa Istanbulga uchishi kerak bo‘lgan. Ammo Ukraina uchun hammasi barbod bo‘ladi: keyingi reysini kutayotgan «vagnerchilar»ni Belarus maxsus kuchlari qo‘lga oladi. Moskvada bu jarayonda Ukraina maxsus kuchlari ham qatnashgani haqida bir hafta o‘tib bilishadi.

Ukraina tomoni avvaliga bu operatsiyaga aloqasi borligini rad etdi, keyinchalik Zelenskiy «bu bizning operatsiyamiz emas» deb Rossiyaga ishora qildi. Ukrainaning bu boradagi oxirgi bayonoti shunday ko‘rinishda bo‘lgandi: «33 nafar «vagnerchi»ni Ukrainaga yo‘naltirish bo‘yicha operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rilgan, ammo bu amalga oshmay qolgan». Ya’ni, katta ehtimol bilan Ukraina maxsus xizmatlaridan bu borada ma’lumot sizib chiqqach, «vagnerchilar» Belarusning o‘zida qo‘lga olinib, operatsiya barbod bo‘ladi. Yaqinda ukrain millatiga mansub Kongress deputati Viktoriya Spars bu operatsiya Zelenskiy ma’muriyati rahbari Andrey Yermak sabab barbod bo‘lgani, Yermak sababli operatsiya haqida ma’lumotlar chiqib ketganini aytgandi.

«2 million dollar va pasport qilib bera olamiz»

FXX e’lon qilgan videoda ukraincha gapirayotgan ovoz rus uchuvchisiga samolyotni olib qochgani uchun pul va oilasiga xavfsizlik taklif qiladi: «Biz unga siz xohlayotgandek xorijiy pasport qilishimiz mumkin. Yevropadagi birorta davlatda yashash guvohnomasi ham qilib bera olamiz. Agar u Litva, Estoniya, Germaniya, Belarus (jin ursin, Belarus emas, Bolgariya)ga chiqsa, unga o‘sha yerning pasportini beramiz», deydi kadrdagi ukraincha gapirgan odam. Videoda juda ko‘p yozishmalar va pasport suratini ham ko‘rish mumkin.

Keyinchalik videodagi ovoz samolyotni qanday olib qochish bo‘yicha tavsiyalar bergan. Unda aytilishicha, uchuvchiga aholi yashash punktlaridan uzoqroq uchishi uchun koordinatalar beriladi, chunki bunday hududlarda ko‘plab zenit-raketa tizimlari bo‘lgan. Videodagi ovozga ko‘ra, uchuvchi front chizig‘ini kesib o‘tgach, 50 metrgacha pastlashi, keyin belgilangan masofaga yetgach, balandlashi, shunda uni havoda qo‘lga olishlari kerak bo‘lgan.

«Rossiya 24» davlat telekanalida FXX operatsiya deb atayotgan holat haqida yana boshqa xabarlar e’lon qilingan. Unda aytilishicha, Ukraina razvedkasi operatsiyasida Xristo Grozev ham ishtirok etgan, Grozev ikkita kurer qiz topgan va ular Moskvadan keladigan kurerni Lipetsk vokzalida kutib olishi kerak bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, samolyot uchun 2 million dollar (!) taklif qilingan uchuvchiga kurer 4 ming dollar (!) avans berishi kerak bo‘lgan. «Rossiya 24» kadrida ko‘rsatilgan kadrda aytilishicha, bu 4 ming dollar Donetsk va Luhanskni tiklashga yo‘naltiriladi. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina urushidagi josuslik o‘yinlari