Bu musulmon yigitni barcha ukrainlar yaxshi ko‘rib qolgan edi, ammo u endi yo‘q...
Jahon o‘zbek xalqining matonat va jasoratiga Ikkinchi jahon urushida guvoh bo‘lgan, u goh jang maydonlarida, goh front orti chiziqlarida namoyon bo‘lib bordi. Insoniyatga qilingan har qanday jinoyatga bizning xalq mardonavor qarshi kurashgan va bugun ham bu mardlik o‘z isbotini topmoqda. Hozir so‘zni shu jasoratning kichik bir namunasi haqida yuritamiz.
1984 yil
Andijonning Asaka tumanidagi o‘zbek oilasida o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Unga ota-onasi yo‘lboshchi, jo‘mard bo‘lsin deya Sardor deb ism qo‘ydi.
2002 yil
Sardorning akasi Mansur shu yilda o‘qish maqsadida Ukrainaning Lugansk viloyatiga keladi. U ikki yildan so‘ng esa shaharda ochgan attorlik do‘konida ishlash uchun ukasi Sardorni ham chaqirgan. Mansur ota-bobosi shug‘ullanib kelgan attorlikni davom ettirgan, Sardor esa Asakadagi taniqli oshpaz amakilariga qiziqib oshpazlikni tanlagan. Aka-uka keyingi 20 yil davomida Ukrainada yashashdi, halol kasb orqali mehnat qilib kelishdi.
2014 yil
Sardor Hakimovni Luganskda yashagan paytlari haqida hududdagi masjid imomi Timur Beridze shunday deydi: “U har doim juma namozida jamoat safida qatnashar, namozdan chiqqach esa “Ehtiyojmandlarga taom bering” aksiyasida qatnashib, qozonda palov damlab, bepul tarqatar edi”.
Harbiy to‘qnashuvlar boshlangach Sardor Ukrainaning Chuguyev shahriga ko‘chib o‘tgan. U yerda Sardor o‘zbek oshxonasi va zirovar do‘konini ochgan.
2022 yil, 24 fevral
Rossiya qo‘shini “harbiy amaliyot” degan nom bilan erta tongdan Donbass hududiga bostirib kirdi. Dastlab Kiyev, Xarkov va Dnepropetrovskdagi harbiy qo‘mondonlik markazlari, aerodromlar va harbiy omborlarga raketa zarbalari berildi, so‘ng esa harbiy harakatlar butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi.
Ayni shu kunda Kiyevdagi O‘zbekiston elchixonasi yurtdoshlarimizga murojaat qilib, evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxatini ishlab chiqa boshladi. Unda hamyurtimiz Sardor va uning oilasi ham bor edi. Tashqi ishlar vazirligi 7 mart sanasigacha Polsha orqali 4300 dan ziyod yurtdoshimiz O‘zbekistonga evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan.
Sardorga ham O‘zbekiston tomonidan evakuatsiya qilinish taklif qilingan, ammo u xotini va to‘rt farzandini yuborib, o‘zi esa ukrainada qolishga qaror qiladi. Bu qarori haqida u avvalroq shunday degan edi: “Men uchun bu urush 2014 yildan beri davom etmoqda. Men qochmayman, ukrainaliklar hozir yordamga muhtoj, men esa qo‘limdan kelganicha yordam berishga ahd qildim”.
Dastlab, Sardor akasi Mansur Hakimov bilan birgalikda harbiy harakatlar olib borilayotgan hududdan ukrainaliklarni evakuatsiya qilishda ko‘ngilli sifatida faol qatnashadi. Keyin esa 15 kishidan iborat ko‘ngillilar jamoasi bilan oshpazlik guruhini tashkil etib, palov va boshqa milliy taomlarni tayyorlay boshlaydi. Urushdan zada bo‘lgan, uy-joyidan ayrilgan ukrainlarning och qornini o‘z hisobidan to‘ydira boshlaydi. Mamlakatda janglar davom etar, Sardor esa Chuguyevda 180 va 120 litrlik katta qozonlarda deyarli har kuni palov damlar va uni insonlarga bepul tarqatar edi. Chuguyevdagi barcha insonlar Sardorni tanib, uni yaxshi ko‘rib qolgan edi.
“Harbiy harakatlar boshlandi, insonlar uyidan ayrilgan, och qolishyapti, shunda Sardor garajdagi qozon va o‘choqni olib chiqib, osh damlab tarqatishni boshladi. U bu ehsonni bugungacha o‘zini hisobidan qildi, men va yana bir ukasi ham yordam berib turdik, ammo ko‘pincha xarajatlarni ukam o‘zining daromadidan qildi, ba’zida bersak ham bizdan pul olmasdi”, - deydi Sardorning akasi Mansur Hakimov.
2022 yil, 25 iyul
Ukrainaga urushning 152 kuni, ya’ni 25 iyul kuni erta tongda rus qo‘shini Sardor yashayotgan Chuguyev shahriga 12 ta raketa zarbasini berdi. Raketalardan biri Sardor va uning guruhidagi ko‘ngillilar panoh topgan madaniyat markazini vayron qildi. O‘sha kuni Mansur Hakimov ham ukasi Sardor bilan birga bo‘lgan. Ular raketa tushgan onda palov tayyorlash harakatida bo‘lishgan.
“Beshinchi snaryad kelib tushdi, shundan so‘ng men hech narsani eslay olmayman. Ko‘zimni ochsam hamma yoq chang, qorong‘i, ikkita betonni orasida qolib ketibman. Kimdur tirikmi, deya chaqirishni boshladim, hech kim javob bermadi. Allohga shukr, yonimda telefonim borligi sabab tashqaridagi tanishlarimga telefon qilib qutqarishlarini so‘radim. Shundan so‘ng balki chiqa olmasligim ham mumkin deb o‘ylab, onam va ayolimga telefon qilib “mendan rozi bo‘lasizlar”, deya rozilik oldim”, - deya Mansur bo‘lgan voqeani eslaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, hujum vaqti binoda 7 nafar ko‘ngilli bo‘lgan, ulardan 3 nafari vayronalar ostidan o‘zi chiqib olgan. Mansur Hakimovni esa qutqaruvchilar vayronalar orasidan olib chiqish uchun 5 soat vaqt sarflagan.
Shu o‘rinda statistik ma’lumotni keltirib o‘tamiz, BMTga ko‘ra, Ukrainadagi urushning besh oyi davomida 5237 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yetti mingdan ziyod kishi turli hil jarohatlar olgan. Bular ma’lum bo‘lgan raqamlar, xolos.
2022 yil, 27 iyul
Ikki kunlik qidiruvdan so‘ng vayronalar ostidan, afsuski, Sardor va uning Viktoriya ismli ko‘ngilli yordamchisining jasadi olib chiqiladi.
Sardorning o‘limi butun Chuguyevni larzaga soldi. Mahalliy ukrainlar u haqida faqat ijobiy gaplar aytishdi, tarmoqlardagi Telegram kanallar va saytlar uni shunday eslab postlar qo‘yishdi:
“Ko‘pchilik Sardorni ochiqko‘ngil, xushchaqchaq va mehribon inson sifatida bilishadi. Uning palov, suvli kabob va sho‘rvasini hech kim unutmaydi, u yordam berish yo‘lidan ketdi va har qanday vaziyatda ham haqiqiy insoniyligini saqlab qoldi. Biz uni yo‘qotganimizga haligacha ishona olmayapmiz”.
Sardor Hakimovga hududdagi masjidda janoza o‘qilib, musulmonlar qabristoniga qo‘yilgan. Shahar ahli Sardorning nomini abadiylashtirish uchun ko‘chalardan biriga shu ismni qo‘yish tashabbusini bildirishgan.
Chuguyevdagi madaniyat saroyi yerto‘lasida muhtojlar uchun xayriya palovini tayyorlab kelgan Sardorning ishini akasi Mansur Hakimov davom ettirmoqchi.
Uning yaqinlari bergan intervyularda aytilishicha, Sardorning O‘zbekistonda 2 o‘g‘il va 2 qiz farzandi bor ekan. Ularning kattasi 10 yoshda, kenjasi esa 6 oylik. Sardorning niyatlari ham qilgan ishlari kabi xayrli bo‘lgan, u madrasada o‘qiyotgan katta o‘g‘li qori bo‘lishini, kenjasini esa o‘zining kasbini davom ettirib oshpaz bo‘lishini orzu qilgan ekan. Ammo unga farzand kamolini ko‘rish nasib etmadi… lek solih farzandlar va qilgan savobli ishlari sabab, inshaalloh, ulug‘ mukofot hamda ajrlar olishidan umidvormiz, musulmon birodarimiz haqiga duo qilib qolamiz!
Zakariyo tayyorladi
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi