14:12 / 04.08.2022
1 512

Zelenskiy Si Szinpin bilan Rossiya haqida «to‘g‘ridan-to‘g‘ri» gaplashish istagi borligini aytdi

Zelenskiy Si Szinpin bilan Rossiya haqida «to‘g‘ridan-to‘g‘ri» gaplashish istagi borligini aytdi
Foto: DPA
Ukraina Xitoy bilan Rossiya bosqini haqida «to‘g‘ridan-to‘g‘ri» gaplashish imkoniyatini qidirmoqda, chunki XXR Moskva pozitsiyasiga ta’sir ko‘rsatadigan yagona kuchdir. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy South China Morning Post nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Men to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashishni istardim. Xitoy rahbari Si Szinpin bilan o‘tgan yili bir marta suhbatlashgan edim. 24 fevralda keng ko‘lamli tajovuz boshlanganidan keyin suhbat o‘tkazish haqida rasmiy so‘rov yo‘lladik, ammo hech qanday muzokaralar bo‘lmadi, fikrimcha, bu foydali bo‘lgan bo‘lardi», — dedi u.

Zelenskiy Si Szinpin Ukrainaga «loaqal bir marta tashrif buyurgan» sanoqli jahon yetakchilaridan biri ekanini ta’kidlab, Xitoy rahbari 2021 yili ikki yetakchi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida Ukraina bilan aloqalarini iliqlik bilan eslaganini qo‘shimcha qildi.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Rossiyaning asosiy iqtisodiy hamkori, shuning uchun u «katta va qudratli davlat sifatida kelib, Rossiyani ma’lum bir joyga qo‘ya oladi».

«Ishonchim komilki, Rossiya Xitoy bozorisiz o‘zini to‘liq iqtisodiy izolyatsiyada his qiladi», — dedi Zelenskiy.

U, shuningdek, Ukraina Xitoy bilan «oilaga va bolalarga muhabbat» kabi o‘xshash qadriyatlarga ega ekanini ta’kidladi. Bundan tashqari, prezidentning so‘zlariga ko‘ra, dunyodagi energiya inqirozi tufayli kam mahsulot sotayotgan Xitoy iqtisodiyoti Ukrainadagi mojarodan aziyat chekmoqda. «Odamlar Xitoydan keladigan tovarlar uchun emas, balki energiya resurslari uchun pul to‘lashi kerak. Xitoydan eksport kamayadi. Bu 100 foiz», — deb tushuntirdi u.

Rossiyaning Ukrainadagi bosqini boshlanganidan beri Xitoy rasmiylari bir necha bor tezkor muzokaralar o‘tkazish va mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishni taklif qilgan. Shu bilan birga, Xitoy Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmadi. Xitoy bank va sug‘urta sohasini tartibga solish komissiyasi (CBIRC) raisi Go Shutsing buni Pekin har doim bir tomonlama sanksiyalarga qarshi chiqqani, ular muammolarni samarali hal qilishga imkon bermasligi bilan izohladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Si Szinpin bilan Rossiya haqida «to‘g‘ridan-to‘g‘ri» gaplashish istagi borligini aytdi