06:48 / 19.08.2022
2 250

Kobulda xuftonga yigʻilganlar oʻldirildi. Mudhish teraktni kim qildi?

Kobulda xuftonga yigʻilganlar oʻldirildi. Mudhish teraktni kim qildi?
Terakt qurboni boʻlgan kobullikni yaqinlari tobutda dafn qilish uchun olib ketishmoqda
Foto: Ibrohim Noruzi / AP

17 avgust kuni Afgʻoniston poytaxti Kobuldagi masjidlardan birida mudhish terakt sodir etildi. Terrorchi-xudkush Siddiqiya masjidida oʻzini portlatishi oqibatida hozircha 21 kishi halok boʻlgani, 33 kishi yaralangani ma'lum.

Afgʻonistonda boshqaruvchi kuch boʻlgan «Tolibon» rasmiylarining xabar berishicha, terakt sodir boʻlgan masjidda odamlar xufton namozini oʻqish uchun toʻplangan, masjid ichi toʻla boʻlgan. Guvohlarning aytishicha, portlash juda kuchli boʻlgan va atrofdagi uylarning derazalari sinib ketgan.

Voqea guvohlaridan biri Reuters bilan suhbatda jasadlar hatto masjid derazalaridan otilib chiqqani, juda koʻp jasadlarni koʻrganini aytgan. Qurbonlar orasida masjid imomi Amir Muhammad Kobuli ham boʻlgan va terakt aynan uni yoʻqotishga qaratilgan degan taxmin ham ilgari surilmoqda. Guvohlarning The Washington Post muxbiri bilan suhbatda aytishicha, imom katta hurmatga sazovor odam boʻlgan, u hech qaysi guruhlarni qoʻllamagan yoki qarshi chiqmagan.

«U doim rost gapirardi», deydi yana bir guvoh WP bilan suhbatda. Guvoh ismi sir qolish sharti bilan imom toliblar hukumat tepasiga kelishidan avval IShIDga oʻxshagan guruhlarning nishoni boʻlganini aytdi.

Foto: Reuters
Buni kim qildi?
Teraktni kim amalga oshirgani aniq emas, lekin «Tolibon» Afgʻonistonda boshqaruvni qoʻlga olganidan keyin tashkilotning IShID bilan qarama-qarshiligi kuchayib ketdi. Shu sabab masjiddagi portlashni ham IShID terrorchilari amalga oshirgan boʻlishi taxmin qilinyapti.

Guruh vakillari oʻtgan oy davomida Kobulda uch nafar diniy ulamoga hujum qilgan, boshqa viloyatda esa bir necha ulamolar oʻldirilgan. Bularning barchasi IShID tomonidan qilingani, Siddiqiya masjidi imomi ham aynan shu tizimli qotilliklar doirasida oʻldirilgani taxmin qilinmoqda. Oʻtgan haftada «Tolibon»ga yaqin ekani aytilgan shayx Rahimullo Haqqoniy oʻldirilgandi. Shu bois toliblar IShIDga qarshi kurashish uchun Afgʻoniston sharqiga qoʻshimcha kuch yuboradigan boʻldi.

Ijtimoiy tarmoqda masjidda odamlar qonga bulanib yotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Oʻlganlar orasida bolalar ham boʻlgan.

Ekspertlar IShID shu vaqtgacha shialar masjidiga hujum qilgani, bu gal esa sunniylar namoz oʻqiydigan masjid portlatilganiga e'tibor qaratgan. Ularning taxmin qilishicha, «Tolibon» mamlakatni egallaganining bir yilligi munosabati bilan amalga oshirilgan teraktni IShIDchilar amalga oshirgan boʻlsa, bu ularning hujum qiladigan doirasi kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Yaradorlarga kechiktirib boʻlmas yordam koʻrsatuvchi asosiy nodavlat tibbiyot tashkilot rahbari Stefano Sotstsa shifokorlar 35 kishiga yordam koʻrsatgani, ular orasida bolalar ham boʻlganini aytdi. «Shifokorlarimiz kechasi bilan xirurgik yordam kerak boʻlganlarni operatsiya qilishdi. Ular portlashda yaralangani uchun tanasidan turli xil buyumlar parchasini olib tashladik, tashqi tomondan esa koʻpchilikning tanasida kuyish kuzatilgan», deydi Sotstsa.

Foto: Reuters
Shifokorning taxmin qilishicha, portlash masjid ichkarisida sodir boʻlgan: «Aftidan, namoz vaqtida kimdir masjidga kirib borgan va qoʻlbola portlovchi vositani ishga tushirgan. Ichkarida odam koʻp boʻlgan, uning (xudkushning) yonida boʻlgan odamlar halok boʻlgan», deb oʻz taxminini bildirgan yaradorlarni koʻzdan kechirgan shifokor.

Doktorning aytishicha, mustaqil shifokorlar tashkiloti avgust oyining oʻzida portlash yoki boshqa turdagi ommaviy qoʻporuvchilik harakatlari oqibatida yaralangan 80 kishini davolagan. «Mamlakat oʻz kelajagini barbod qiluvchi juda uzoq davom etayotgan mojaro sabab sillasi qurib bormoqda», deydi u.

Tolibon rasmiysi Zabihullo Mujohidning aytishicha, teraktni amalga oshirganlar topib, jazoga tortiladi.

Qurbonlar soni koʻpayib bormoqda
BMTning Afgʻonistondagi missiyasi oʻzining Tvitteragi sahifasida teraktni keskin qoralab, oxirgi vaqtlarda tinch aholi orasida qurbonlar koʻpaygani, oxirgi haftaning oʻzida 250 kishi qoʻporuvchilik harakatlari oqibatida halok boʻlganini bildirdi. Bu oxirgi bir yildagi eng yuqori bir oylik koʻrsatkichni ham ortda qoldirdi. BMT missiyasi Afgʻoniston hukumatini har qanday terrorchilik harakatlarini bartaraf etishga chorlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo