Foto: EPA
Ukrainadagi harbiy harakatlari ortidan G‘arb mamlakatlari Rossiyaga nisbatan misli ko‘rilmagan darajada ko‘p va og‘ir sanksiyalarni joriy etgandi. Oradan 6 oy vaqt o‘tdi. Yevropa mamlakatlari iqtisodiy inqiroz bilan kurashmoqda, Rossiya esa urushni davom ettirmoqda. Sanksiyalar qanchalik darajada ishlayapti o‘zi?
G‘arbning Rossiyaga qarshi cheklovlari va ularning ta’siri bo‘yicha turli fikrlar mavjud. Ba’zilar sanksiyalar allaqachon bumerang kabi G‘arb davlatlarining o‘ziga ham ta’sir qilishni boshlagani, boshqalar esa, uzoq davom etadigan o‘yinda g‘olib oxirida ma’lum bo‘lishiga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlamoqda.
Vladimir Putinning fikricha, «Rossiyaga qarshi iqtisodiy blitskrig barbod bo‘ldi» va sanksiyalar Yevropada hukumatlar almashinuvi bilan yakunlanadigan inqirozga sabab bo‘ladi.
G‘arb esa «Rossiya iqtisodiyoti birinchi bo‘lib qulashi, chunki u xomashyo eksportiga asoslangani»ni aytishmoqda. O‘nlab yillar davomida Rossiya G‘arb texnologiyasi, sarmoyasi va bozorlariga qattiq bog‘langan holda yashadi. Endi esa yillar davomida yuzaga kelgan bo‘shliqni ichki manbalari va boshqa tashqi bozorlarni topish orqali to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Urushdan keyin ham jahon tartiboti me’yorlarini buzgan davlat bilan osonlikcha hech kim do‘st bo‘lishni va savdo qilishni xohlamaydi.
Urush G‘arbning yagona bosh og‘rig‘i emas. Rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotiga pandemiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarish va savdodagi uzilishlar, markaziy bank stavkalari ko‘tarilishi, uzoq vaqtdan beri davom etayotgan mehnat bozori muammolari, immigratsiya, aholi qarishi, tabiiy resurslar yetishmasligi, iqlim o‘zgarishi kabi omillar ham ta’sir o‘tkazmoqda.
Qirqdan ortiq mamlakatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatladi: ular orasida nafaqat AQSH, Yevropa Ittifoqi va ularning eng yaqin ittifoqchilari, balki Tayvan, Janubiy Koreya, Shveysariya va Albaniya kabi asosan betaraf qoladigan davlatlar ham bor.
Ukrainadagi tinch hayot rus dunyosi kelishi bilan yakunlandi. Foto: Reuters
Sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan rossiyalik oligarxlarning 30 milliard yevrolik aktivlari, Rossiya Markaziy bankining 300 milliard yevroga yaqin oltin-valyuta zaxiralari muzlatib qo‘yildi.
G‘arb Rossiya olmosi, neft va ko‘miridan voz kechdi, jahon moliya tizimidan uzib qo‘ydi, asbob-uskunalar va hashamatli tovarlar sotishni taqiqladi, rus elitasi uchun chegaralarini yopdi va ularning hisobraqamlari, yaxtalari va ko‘chmas mulklarini xatladi.
Aslini olganda, bu qarama-qarshilikning boshlanishi. Muzlatilgan aktivlar musodara qilinmagan bo‘lsa-da, sanksiyalarni bekor qilish shartlari ham ishlab chiqilmagan. Shimoliy Koreya yoki Eron keysidan farqli ravishda, G‘arb cheklovlar qanday sharoitda Rossiyadan olib tashlanishi mumkinligini muhokama qilishni ham boshlagani yo‘q.
So‘rovnomalarga ko‘ra, Rossiyaning eng yirik savdo sherigi bo‘lgan Yevropa aholisining 62 foizi Kremlni G‘arbdan to‘liq izolyatsiya qilish va barcha iqtisodiy aloqalarni uzish siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Boshqa davlatlar, xususan, Xitoy va Hindiston sanksiyalarga qo‘shilmadi. Ammo rus bozorini tark etayotgan G‘arb kompaniyalari kabi, ko‘plab osiyolik ishbilarmonlar ham jahon iqtisodiyotining atigi 2 foizini tashkil etuvchi Rossiya bilan aloqalarni saqlab qolish uchun G‘arb bozorini yo‘qotish xavfiga tayyor emas.
Kim ko‘proq jabr chekmoqda: Rossiyami yoki G‘arb?
XVJning oxirgi hisob-kitoblariga ko‘ra, iqtisodiy qarama-qarshilikning dastlabki oylarida Rossiya iqtisodiyoti kutilganidan ham ancha yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etgan, aksincha, Yevropa mamlakatlari iqtisodiyoti esa kutilganidan ham ko‘proq zarar ko‘rgan.
Ikkita asosiy sabab: Rossiyaga to‘liq embargo joriy qilinmagani va mamlakat eksport qiladigan energiya resurslar rekord darajada qimmatlashgani, shuningdek, hukumat tomonidan tartibga solishning keskin kuchaytirilishi tufayli ichki iste’molning sezilarli darajada kamaymagani rasmiy Kremlga og‘ir iqtisodiy inqirozni chetlab o‘tishga yordam bermoqda.
O‘z navbatida, energiya narxlari oshishi va ta’minotdagi uzilishlar, Xitoydagi COVID-19 cheklovlari Yevroittifoqda iste’mol va ishlab chiqarish jarayoniga putur yetkazdi.
YEI Rossiya neftiga embargo qo‘ygan. Ammo hozircha to‘liq emas va bu faqat qishga qolgan. Foto: Reuters
Iqtisodchilar fikricha, rasmiy Kremlning hozirgi ustunligi xayoliy va vaqtinchalik bo‘lib, Rossiya Yevropadan bir necha baravar ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin. G‘arb allaqachon iqtisodiyotini yangi voqelikka moslashtirishni boshlagan, ularda ulkan moliyaviy, tabiiy va inson resurslari mavjud. Shuningdek, iqtisodiy munosabatlar faqatgina Rossiya bilan to‘xtatildi, rivojlanayotgan dunyoning qolgan davlatlari, xususan Xitoy va Hindiston bilan savdo aloqalari davom ettirilmoqda.
Rossiya esa o‘zining eng boy bozori, texnologiya va pulning asosiy manbasini yo‘qotmoqda. Eksport tushumlari va zaxiralarning vaqtinchalik o‘sishidan ishlab chiqarish, import va iste’moldagi pasayishlarni niqoblash uchun foydalanilmoqda va bu sanksiyalar hali to‘liq kuchga kirmagan sharoitda yuz bermoqda.
Robert Shuman tadqiqot markazi iqtisodchilari G‘arbning Rossiyaga qarshi to‘liq savdo embargosi natijalarini simulyatsiya qilib chiqishdi. Qayd etilishicha, Rossiya iqtisodiyoti 14 foizga, Yevropa iqtisodiyoti 0,7 foizga pasayishi mumkin.
Mutaxassislarga ko‘ra, zarar har bir davlat uchun teng darajada bo‘lmaydi, biroq G‘arb davlatlarining hech biri YAIMning 1,6 foizdan ko‘prog‘ini yo‘qotmaydi.
Sanksiyalarga qo‘shilmagan davlatlar Rossiyaga G‘arbdagi hamkorlari o‘rniga muqobil tanlov topishga yordam berish evaziga ma’lum miqdorda pul ishlab olishi mumkin. Biroq, tovarlarni yetkazib berish xarajatlari o‘sishi oxir-oqibat Rossiya foydasini keskin kamaytiradi. Iqtisodchilar Xitoy, Hindiston va Turkiya misolida buni hisoblab chiqishgan.
Sanksiyalar ish beradimi?
Sanksiyalar samaradorligini baholashda ularning maqsadi, muddati va ko‘lamini hisobga olish muhim.
Yevropa sanksiyalarga uchragan rossiyaliklarning 30 mlrd yevrolik aktivlarini bloklagan yoki muzlatgan. Foto: Reuters
Birinchidan, sanksiyalardan maqsad nima: uzoq muddatli davrda Rossiyaning harbiy mashinasini zaiflashtirishmi yoki imkon qadar tezroq sulhga erishish? G‘arb yetakchilari uzoq muddatli davrga mo‘ljallangan rejalar haqida gapirishmoqda. Bundan tashqari, iqtisodchilar fikriga ko‘ra, Rossiya bir yarim yil urush olib borish uchun yetarli darajada mablag‘ga ega. Bu shuni anglatadiki, frontdagi vaziyat sanksiyalar samaradorligini baholashdagi asosiy mezon emas.
Ikkinchidan, vaqt masalasi. Moliyaviy sanksiyalar urush boshlanganidanoq joriy etildi, ammo savdo sanksiyalarini amaliyotga tatbiq qilish bir necha oyga cho‘zildi: Rossiya ko‘miriga embargo avgust oyiga kelibgina kuchga kirdi, neft embargosini butunlay joriy qilish qishgacha qoldirildi.
Xulosa chiqarishga hali erta, cheklovlarning ta’siri vaqt o‘tishi bilan sezila boshlaydi, deb hisoblashmoqda G‘arb rasmiylari.
«Sanksiyalar Rossiyaga kuchli iqtisodiy bosim o‘tkazmoqda va bu kuchayib bormoqda. Kreml iqtisodiy barqarorlik «rasmini chizish» uchun harakat qilayotgan bo‘lsa-da, raqamlar buning aksini ko‘rsatmoqda. Sanksiyalar vaqt o‘tishi bilan yanada kuchayadi», dedi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken.
Uchinchidan, sanksiyalar ko‘lami. G‘arb to‘g‘ri harakat qilyaptimi? Bu savolga aniq javob berishning imkoni yo‘q, chunki tarixda hech qachon yirik yadroviy resurslarga ega davlatga nisbatan bunday sanksiyalar bosimi qo‘llanmagan. Boshida G‘arb qat’iyat bilan harakat qildi, endi esa keyingi qadamlarni qo‘yishdan oldin oqibatlarini diqqat bilan baholamoqda.
Kollektiv G‘arbda iqtisodiy bosim o‘tkazishning muhim arsenallari mavjud. Ayrim siyosatchilar va iqtisodchilar uni zudlik bilan faollashtirish kerak deyishsa, boshqa bir guruh shoshilmaslik kerak deb hisoblamoqda.
Zaxirada ikkita asosiy qurol bor: ikkilamchi sanksiyalar va to‘liq savdo embargosi. Shu paytgacha G‘arb Rossiyaga qarshi ikkilamchi ekstraterritorial sanksiyalarni qo‘llab, uchinchi davlatlardan ularga rioya qilishni talab qilmadi.
Foto: Reuters
G‘arb Rossiyadan metallar, oziq-ovqat mahsulotlari va eng muhimi, energiya resurslarini sotib olishda davom etmoqda va to‘liq savdo embargosi joriy qilganicha yo‘q. To‘g‘ri, AQSH, Buyuk Britaniya va yana ba’zi ittifoqchi davlatlar Rossiyadan neft, gaz, ko‘mir va neft mahsulotlari import qilishdan butunlay voz kechishdi, ammo ularning umumiy savdodagi ulushi bir necha foizlarnigina tashkil qilgan, xolos.
Yevropa ham yaqin yillarda Rossiyadan qilinadigan import o‘rnini bosa olmaydi. YEI barcha iste’mol qilinadigan energiya resurslarining 55 foizdan ortig‘ini import qiladi, Rossiya esa asosiy eksportyor hisoblanib, umumiy iste’molining deyarli 25 foizini yetkazib berib kelgan va neft va gaz eksportidan kuniga 1 milliard yevrogacha daromad olgan. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina urush boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqi Rossiyaga neft va gaz uchun 80 milliard yevrodan ortiq pul to‘lagan.
Iqtisodchilar Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar savdo embargosisiz samarali bo‘ladimi yoki yo‘qmi degan savolga aniq javob berayotgani yo‘q.
«Moliyaviy sanksiyalar sarmoyani import qiluvchi va hisob taqchilligiga ega bo‘lgan mamlakatlarga nisbatan juda yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, 2018 yilda AQSHning Turkiyaga kiritgan sanksiyalari inqiroz va iqtisodiy tanazzulga olib keldi. Ammo Rossiya bilan bu amaliyot ishlamaydi, chunki ushbu mamlakatda profitsit bor va o‘zi kapital eksport qiladi», deydi Institute of International Finance markazi eksperti Robin Bruks.
«Moliyaviy sanksiyalar o‘rniga Rossiya eksportiga embargo qo‘yish kerak. Lekin bunday qilinmayapti. Biz shunchaki og‘riq keltiradigan joyga urishni istamaymiz», deya qo‘shimcha qilgan u.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi xodimi Jerar Dipipponing fikricha, G‘arb Rossiya eksportining yagona xaridori emas, shu jihatdan savdo embargosi ham kutilgan natijani bermasligi mumkin.
«Agar biz Rossiyani valyuta tushumlarining 30 foizidan mahrum eta olgan taqdirimizda ham, harbiy xarajatlarini moliyalashtirish uchun yetarli miqdordagi mablag‘ga ega bo‘ladi», deydi MRBda 11 yil katta iqtisodiy tahlilchi bo‘lib ishlagan Dipippo.
Ba’zi mutaxassislar G‘arbning o‘ziga ham qimmatga tushayotgan eksport embargosi o‘rniga, Rossiya importiga kiritilgan cheklovlar samaraliroq bo‘ladi, deb hisoblashmoqda.
Jumladan, asli rossiyalik, Ikkinchi jahon urushigacha bo‘lgan vaqtdagi sovet iqtisodiyotiga oid kitoblar muallifi, Uorik universiteti professori Mark Harrisonning tushuntirishicha, Rossiyaga uskunalar va texnologiyalarni yetkazib berishni taqiqlash va import uchun to‘lov qobiliyatini pasaytirish samaraliroq hisoblanadi. Eksport daromadlari Rossiyaga urushni moliyalashtirishda unchalik yordam bermaydi va kelayotgan daromad faqat valyuta zaxiralari hajmini oshirishgagina hissa qo‘shadi. Eng muhim jihat, Rossiya ko‘rayotgan daromadlari evaziga chetdan hech nima sotib ololmasligi kerak.
Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi neft-gaz do‘stligi nihoyasiga yetdi. Foto: Reuters
G‘arbda inqiroz boshlanadimi?
G‘arb ham, Rossiya ham sanksiyalar dushmanga ko‘proq zarar yetkazishini takrorlashdan charchamayapti. O‘z navbatida, har ikki tomon ham iqtisodiy yo‘qotishlarni boshdan kechirayotganini tan oladi.
Putin Yevropa uchun iqtisodiy inqiroz siyosiy inqiroz bilan yakunlanishi va muqarrar ravishda tanazzulga olib kelishiga ishonadi.
«Biz pandemiya bilan kurashdik, koviddan xalos bo‘lish uchun pul topdik, Rossiya agressiyasi oldida ham xuddi shunday birlikni namoyish etdik. Ishonchim komilki, energiya inqirozidan ham birgalikda omon qolamiz», deya ta’kidlagan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen.
1972 yilgi blekaut. Yevropaliklar bu birinchisi emasligini yodga olishmoqda
Foto: PA MEDIA
«Dunyo tartibotining beqarorlashuvi gumanitar, energetika va oziq-ovqat inqirozini keltirib chiqardi. Bu Rossiya va uning tanlovi. Murosaga ishora yo‘q, chunki bizning erkinligimiz va dunyo tinchligi xavf ostida», dedi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron.
Britaniyaning Fransiya siyosati bo‘yicha yetakchi ekspertlaridan biri, professor Midj Rahmanning so‘zlariga ko‘ra, Makron inqirozdan charchagan aholi o‘rtasida kuzda boshlanadigan norozilik to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan.
European Council on Foreign Relations markazi tomonidan Yevropaning 10 ta mamlakatida o‘tkazilgan oxirgi so‘rov natijalariga ko‘ra, yevropaliklarning 42 foizi o‘z mamlakatlari rasmiylari Ukrainadagi urushga haddan tashqari ko‘p e’tibor qaratmoqda, deb hisoblaydi. Ovoz berganlarning 36 foiz buni to‘g‘ri deb hisoblaydi.
«So‘rovlar Yevropaning ko‘pgina davlatlarida rasmiylarning olib borayotgan siyosati va jamiyatdagi kayfiyat o‘rtasidagi tafovut ortib borayotganini ko‘rsatmoqda», deydi ECFR tadqiqotchilari.
Ruminlar (58 foiz), polyaklar (52 foiz) va italiyaliklar (48 foiz) urush tufayli hukumat bizga kam e’tibor qaratmoqda, deb hisoblaydi. Skandinaviyaliklar va inglizlar esa hukumatga nisbatan kamroq shikoyat qilgan.
Yevropaliklar Rossiyadan qo‘rqishadi. Ular atom bombasi tashlanishi (61 foiz) yoki ularga hujum qilinishidan (42 foiz) xavfsirashmoqda. Shuningdek, energiya resurslar narxi oshishi (61 foiz) ham eng qo‘rqinchli holatlardan biri sifatida baholangan.
Sanksiyalarni vaqtincha yumshatish yoki ularni kuchaytirish ijtimoiy kayfiyatdan kelib chiqib olib boriladigan muhokamalarga bog‘liq. Shu bilan birga, Rossiyaga nisbatan jamoatchilik fikri keskin o‘zgarmas ekan, eski munosabatlarga qaytish ham imkonsiz bo‘lib qolaveradi.
«Yevropaning Rossiya bilan aloqalarini eng kamida o‘rta muddatli istiqbolda tiklab bo‘lmaydi. Yevropaliklar Rossiyani o‘z siyosiy hamjamiyatiga yoki boshqa tuzilmalariga integratsiyalashuvini tasavvur qila olishmaydi. Ular Rossiyasiz kelajakka tayyorgarlik ko‘rishmoqda», deyiladi ECFR olimlari hisobotida.
Tarixdagi eng qattiq sanksiyalar
Ilgari ham bir qancha omillar: inson huquqlari buzilishi, Kreml muxolifatlariga qarshi maxsus operatsiyalar, AQSHdagi saylovlarga aralashish, kiberhujumlar va 2014 yilda Qrim egallab olingani va Donbassda beqarorlik yuzaga keltirishi ortidan Rossiyaga nisbatan bir qancha sanksiyalar qo‘llangan.
Ammo avvalgi cheklovlar asosan Putinga yaqin odamlar va mudofaa sanoatini nishonga olgan. Ukraina hududida harbiy harakatlar boshlanganidan keyin hammasi o‘zgardi. G‘arbning yangi sanksiyalari joriy qilinish tezligi bo‘yicha ham, cheklovlar ko‘lami bo‘yicha ham, ularni qo‘llab-quvvatlagan mamlakatlar soni bo‘yicha ham zamonaviy tarixda misli ko‘rilmagan raqamlarni aks ettirmoqda.
Oldingi sanksiyalar axloqiy xarakter kasb etgan bo‘lsa, urushdan keyingilari amaliy jihatdan ham jiddiy ta’sirga ega va Rossiyani tiyib turishga qaratilgani bilan xarakterlanadi.
Sanksiyalar qanday sharoitlarda va qaysi shartlar bajarilgan taqdirda olib tashlanishiga aniqlik kiritilmagan. Ularning asl maqsadi – Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropada eng yirik urushni boshlagan harbiy-siyosiy mashinani o‘chirish va demontaj qilishga qaratilgan.
Rossiya savdo imtiyozlari, G‘arb kreditlari, mutaxassislari, sarmoyalari va texnologiyalarini yo‘qotdi. Umuman olganda esa, rasmiy Kreml oldida muqobil tanlovlar yo‘q, bu esa mamlakatni rivojlangan dunyodan ajralgan holda yashashga va uzoq muddatli turg‘unlikka mahkum qilishi mumkin. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)