16:47 / 13.09.2022
1 563

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari: Rossiyadan bosib olingan hududlarga kelgan o‘qituvchilar sud qilinadi

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari: Rossiyadan bosib olingan hududlarga kelgan o‘qituvchilar sud qilinadi
Irina Vereshchuk / Foto: babel.ua
Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumi davomida ozod qilingan Ukraina hududlarida maktablarga dars berish uchun kelgan rus o‘qituvchilari qo‘lga olindi. Endi ular urush qonunlari va urf-odatlarini buzganlik haqidagi jinoiy modda bo‘yicha sudlanadi, dedi Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk 12 sentabr, dushanba kuni.

«Ular davlatimizga qarshi jinoyat sodir etishdi. Biz Ukraina hududiga kelib, bu yerda qonun bilan taqiqlangan faoliyatni amalga oshirishga rozi bo‘lgan Rossiya fuqarolarini ko‘p marta ogohlantirganmiz», — dedi Vereshchuk «Strana.ua» nashriga. U endi sud qo‘lga olingan o‘qituvchilarga ehtiyot chorasini qo‘llashi kerakligini ta’kidladi. Nashr ushlangan o‘qituvchilar haqida batafsil ma’lumot bermagan. Urush qonunlari va urf-odatlarini buzish haqidagi moddada 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Rossiya dasturi bo‘yicha dars berishga rozi bo‘lgan ukrainalik o‘qituvchilar ham kollaboratsion faoliyati uchun jazolanishi kerak, dedi bosh vazir o‘rinbosari. «Jiddiy jazo muddatlari bor va men vaqtincha bosib olingan hududlardagi barcha o‘qituvchilarni yana bir bor ogohlantiraman: hech qanday holatda dushman va bosqinchi bilan hamkorlik qilmaslik kerak, imkon qadar tezroq evakuatsiyaga chiqib ketish va shu bilan o‘z hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish lozim», - deya ta’kidladi Vereshchuk.

Vereshchukning ta’kidlashicha, Ukraina hukumati rus o‘qituvchilarini almashish uchun asirlar deb hisoblamaydi. «Hech kim ularni harbiy asirlar deb hisoblamaydi, chunki ular jangchilar emas, Jeneva konvensiyalarida harbiy asir bo‘lmaganlar almashinuvi ko‘zda tutilmagan», dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, «vaqtincha bosib olingan hududlarga kelgan va bu hududlarni tark etmasa, albatta jazolanadigan ma’lum miqdordagi Rossiya fuqarolari» hamon Ukrainada bo‘lib turibdi.

Avvalroq ukrainalik deputat Oleksiy Goncharenko Xarkiv oblastining Kupyansk shahrida Rossiyadan ukrainalik bolalarga dars berish uchun kelgan o‘qituvchilar qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi. Iyul oyida «Mediazona» «bosib olingan shaharlarda dars berish istagini» allaqachon Rossiyaning 30 ta hududidan 200 dan ortiq kishi bildirganini xabar qilgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, o‘qituvchilar ro‘yxati ko‘rsatilgan jadval Dog‘iston Ta’lim vazirligi tomonidan xatolik tufayli chop etilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo