18:52 / 16.09.2022
1 549

Rossiyada Qodirovning «o‘zini o‘zi safarbar qilish» g‘oyasini 4 nafar gubernator qo‘llab-quvvatladi

Rossiyada Qodirovning «o‘zini o‘zi safarbar qilish» g‘oyasini 4 nafar gubernator qo‘llab-quvvatladi
Foto: AP
Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning Ukrainaga qarshi urush fonida «o‘zini o‘zi safarbar qilish» tashabbusi Rossiyaning to‘rt gubernatori tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 16 sentabr, juma kuni Magadan oblasti gubernatori Sergey Nosovdan ijobiy javob keldi. Telegram’da joylagan postida u nafaqat Qodirovning g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan, balki «hududlar o‘rtasida qanday resurslar borligiga qarab hamkorlikni yo‘lga qo‘yish»ni ham taklif qilgan.

Avvalroq Ramzan Qodirov tashabbusini anneksiya qilingan Qrim «rahbari» Sergey Aksyonov, Kursk oblasti gubernatori Roman Starovoyt va Mari El rahbari Yuriy Zaysev qo‘llab-quvvatlagan edi. Zaysev Ukrainaga 250 nafar ko‘ngilli jo‘natishga va’da berdi.

Severodvinsk rahbari Igor Skubenko Qodirovning g‘oyasini «to‘g‘ri» deb atadi va munitsipalitet rahbarlariga zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan ta’minlash masalalarini joyida hal qilish uchun jangchilarga hamrohlik qilishni taklif etdi.

Bir kun avval Ramzan Qodirov Rossiya mintaqalari rahbarlari Kreml harbiy holat e’lon qilishini kutmasdan, «o‘zini o‘zi safarbar qilish»ni amalga oshirishi va Ukrainadagi urushga jo‘natish uchun ko‘ngillilarni tayyorlashi kerakligini aytgan edi. Checheniston rahbarining fikricha, agar har bir mintaqa kamida 1000 nafar ko‘ngilli tayyorlasa, «maxsus operatsiya muammolarini hal qilish masalasi eng qisqa vaqt ichida yopilishi mumkin».

Sentabr oyi boshida Ukraina armiyasi qarshi hujum natijasida Izyum va boshqa o‘nlab aholi punktlarini ozod qildi. Rossiya qo‘shinlari Xarkiv oblastining shimoliy hududlarini tark etdi. Rus armiyasining frontdagi muvaffaqiyatsizliklari fonida, Rossiyada yana umumiy safarbarlik haqida gapira boshlandi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Kreml buni e’lon qilish niyatida emas.

Shu bilan birga, Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) tomonidan e’lon qilingan yana bir tahliliy sharhda aytilishicha, Kreml yashirin safarbarlikni kuchaytirmoqda. Mualliflar, xususan, Rossiya hukumati bir qator mintaqalar va ayniqsa Moskva aholisini frontga yollashdan himoya qilish g‘oyasidan voz kechishga qaror qilgan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Meduza» nashri «Sobyanin polki»ga yollanma askarlar yig‘ilayotgani haqida xabar bergan edi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo