19:27 / 20.09.2022
1 975

Ukrain harbiylari Luhansk oblastidagi hududlarni ozod qilishni boshladi

Ukrain harbiylari Luhansk oblastidagi hududlarni ozod qilishni boshladi
Ukraina qurolli kuchlari yozda Donbassdagi janglar vaqtida boy berilgan Bilohorivka posyolkasini qaytarib oldi. Bu hudud Ukraina qurolli kuchlarining yangi qarshi hujumi uchun strategik ahamiyatga ega hisoblanadi.

Ukrain harbiylari qarshi hujumlar davomida Luhansk oblastidagi ilk aholi manzilini ozod qildi. Ukraina qurolli kuchlarining ilg‘or otryadlari Bilohorivka (Belogorovka) posyolkasiga bir necha kun oldin kirishgan, 19 sentyabr kuni esa Luhansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday Bilohorivka to‘lig‘icha ukrain harbiylari nazoratida ekanini ma’lum qildi. Shu bilan birga Gayday Luhansk oblastini ozod etish jarayoni tezlik bilan amalga oshmasligidan ogohlantirgan. «Luhansk zaminining har bir santimetri uchun qattiq kurash bo‘ladi», — deya yozgan u telegramda va «ishonish hamda sabrli bo‘lish»ga chaqirgan.

Bilohorivka Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga o‘tganini Rossiya manbalari ham tasdiqladi. Ukrain harbiylari Bilohorivka bo‘ylab harakatlanayotgani aks etgan video rossiyalik harbiy muxbirlarning telegram-kanallarida tarqaldi. «Meduza» geolokatsiya orqali bu video aynan Bilohorivkada olinganini tasdiqlagan. Shu bilan birgalikda Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham, Rossiya mudofaa vazirligi ham o‘z hisobotlarida ushbu posyolka haqida eslab o‘tmagan.

Bilohorivka Luhansk oblastida Rossiya harbiylari tomonidan egallangan so‘nggi aholi manzillaridan biri bo‘lgandi. RF qurolli kuchlari ushbu posyolka nazorat ostiga olingani haqida faqat iyul oyiga kelib xabar bergan. Bu Bilohorivkaning joylashuvi bilan ham izohlanadi. Posyolka yozda og‘ir janglar kechgan Lisichanskdan 20 kilometr g‘arbda joylashgan. Bilohorivka ikki tomondan ham zarba ostida qolgan va u yerda o‘rnashib qolish qiyin edi.

Ukraina va G‘arb nashrlari Bilohorivka ozod etilgani haqidagi xabarlarida bungacha RF armiyasi Luhansk oblastini 100 foiz egallab turgani, endilikda oblastning butun hududi Rossiya qo‘shinlari nazoratida emasligiga urg‘u qaratmoqda. Aslida bunday emas. Luhansk oblastining ma’lum bir qismi Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga o‘tishidan oldin ham «kulrang zona»da edi — bu hududni na ukrainlar, na rossiyalik harbiylar nazorat qilayotgandi. Ammo Bilohorivka — Luhansk oblastidagi so‘nggi vaqtlarda ukrain harbiylari nazoratiga o‘tgan ilk aholi manzili bo‘ldi.

Bilohorivkaning qaytarib olinishi faqat ramziy ahamiyatga ega emas. Posyolka ustidan nazorat o‘rnatgan ukrain qo‘shini undan Lisichanskka hujum boshlash va birinchi navbatda Lisichansk neftni qayta ishlash zavodi ustidan nazoratni qaytarish uchun platsdarm sifatida foydalanishi mumkin.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo