10:27 / 23.09.2022
1 631

Zelenskiy Germaniyadan tanklar yetkazib berishni so‘radi

Zelenskiy Germaniyadan tanklar yetkazib berishni so‘radi
Foto: Global Look Press
Germaniya Ukrainaga harbiy texnikani, shu jumladan, Qurolli kuchlar uchun zarur bo‘lgan tanklarni yetkazib berish haqidagi qarorlarni mustaqil qabul qilishi kerak. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Bild nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning qayd etishicha, Berlin boshqa davlatlar yetkazib berishni boshlashini, masalan, Vashington Kiyevga Abrams tanklarini berishini kutmoqda. Zelenskiy Germaniyani ushbu masalada boshqa mamlakatlarga bog‘liq bo‘lmaslikka chaqirdi.

«Agar bizga (tank va zirhli texnikani) berishni istamasangiz, xafa bo‘lish yo‘q, siz mustaqil davlatsiz — bermasangiz, bermang, lekin avval Amerika bersin, keyin Germaniya, undan keyin Polsha beradi, demang. Kerakmas. Hamma o‘zi uchun javob bersin», — dedi Ukraina prezidenti.

Kiyev Berlindan aynan tanklar yetkazib berishni birinchi marta so‘rayotgani yo‘q. Sentyabr boshida Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal Ukrainaga eng yangi Leopard 2 tanklarini jo‘natishni so‘ragan, biroq Germaniya kansleri Olaf Shols bunga rozi bo‘lmagan edi.

Germaniya mudofaa vaziri Kristina Lambrext 18 sentyabr kuni mamlakat Ukrainaga G‘arb nusxasidagi jangovar tanklarni yubormasligini, chunki g‘arblik sheriklarsiz, yakka o‘zi ish tutishni istamasligini aytgandi. Berlindan Kiyev boshqa qurollarni — raketa qurilmalarini, shu jumladan, Mars baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari, ular uchun o‘q-dorilar, pulemyotlar, gaubitsalar va boshqalarni olmoqda.

Lambrextning bayonotidan avvalroq Zelenskiy Germaniyada uning natsistik o‘tmishi tufayli harbiy texnika yetkazib berish masalasida «muayyan psixologik to‘siqlar» borligini aytgandi.

Rossiya tomoni esa G‘arb qurol-yarog‘larining yetkazib berilishi unga Ukrainadagi maxsus operatsiya maqsadlariga erishishda xalal bermasligini qayd etgandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo