
Telegram kanallardan biri Pavel Durovdan Markaziy osiyolik migrantlarni Ukrainadagi urushga jalb qilinishini oldini olishda yordam so‘radi.
Telegram asoschisi Pavel Durovdan Rossiyadagi markaziy osiyolik migrantlarga Rossiya-Ukraina mojarosida ishtirok etmaslik haqida axborot berishni so‘rashdi. Durovga murojaat "SNG Glavnoye" Telegram kanalida e’lon qilingan.
«Hurmatli Pavel Valerevich, bizga yordam berishingizni so‘raymiz. Har ikkala tomondan ham odamlar hayotini saqlab qolishga yordam bering. Biz sizning jamoangiz pandemiya davrida maxsus xabarlar yuborib davlatlar bilan ajoyib ishlaganini bilamiz», – deyiladi kanalda e’lon qilingan postda.
Endilikda migrantlarga ham shu kabi maxsus xabarlar yuborish kerakligi qayd etilgan.
«Biz Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolariga maxsus xabar yuborishni so‘raymiz. U ikki tilda: ularning ona tili va rus tilida jo‘natilishi kerak», – deb ta’kidlangan murojaatda.
Mualliflar mehnat migrantlarini aldashayotganini, ayrimlarini pul bilan sotib olishayotganini yoki fuqarolik va’da qilinayotganini qayd etgan.
«Bilasizki, Rossiyada faol propaganda ketmoqda va Markaziy osiyo davlatlaridan kelgan migrantlarni «ko‘ngillilar» safiga qo‘shishga harakat qilinmoqda. Ularning aksariyati yetarli ma’lumotga ega emas, ularni aldashmoqda, ayrimlarini pul bilan sotib olishmoqda yoki fuqarolik va’da qilinmoqda. Ayrim holatlarda esa ularning pasportlari shunchaki olib qo‘yilmoqda va qaynoq nuqtalarga jo‘natib yuborishyapti», – deyilgan xabarda.
Markaziy Osiyo davlatlaridagi rasmiy idoralar murojaatlari esa «propagandaning dahshatli kuchi» oldida ojizlik qilayotgani tan olingan.
«Pavel Valerevich, insonlar hayotini saqlab qolishda yordam bering. Xabarlar jo‘natilishiga yordamlashing!», – deb yakunlangan murojaat.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar