
Dushanba kuni funt sterling rekord darajada qadrsizlandi. Treyderlar Buyuk Britaniya hukumatining yangi iqtisodiy rejasi qirollik moliyaviy imkoniyatlarini zaiflashtirishini taxmin qilmoqda.
Funtning qulashi dollarning so‘nggi 20 yilda qolgan olti asosiy valyutaga nisbatan eng mustahkam pozitsiyani egallashiga yordam berdi. Birja savdolarida Britaniya valyutasi 4.9 foizga pasayib, bir funt sterling 1.0327 AQSH dollariga tenglashgan, birozdan so‘ng u biroz mustahkamlanib, 1.05425 dollarga teng bo‘lgan.
Juma kuni Buyuk Britaniya moliya vaziri Kvasi Kvarteng soliqlarning tarixiy rekord darajasida kamaytirilishini e’lon qilgandan so‘ng, funt sterling 3.6 foizga pasaydi. Soliqlar davlat qarzining keskin oshirilishi hisobiga pasaytirilgan.
Yevro ham dollarga nisbatan so‘nggi 20 yildagi eng minimum ko‘rsatkichni qayd etdi. Yevroittifoq qish yaqinlashishi oqibatida yuz berishi mumkin bo‘lgan retsessiyadan xavotirga tushgan. Dam olish kunlari Italiyada bo‘lib o‘tgan saylovlar ham yevro qulashiga munosib “hissa qo‘shdi”.
Dollar indeksi 2002 yil mayidan buyon ilk bor 114.58 ni tashkil etdi, keyinchalik u biroz pasaygan bo‘lsa-da, o‘tgan hafta oxiriga nisbatan 0.78 foizga yuqoriligicha qolmoqda.
“Dollarning mustahkamlanishi funt sterlingning katta miqdorda sotilishi hisobiga ro‘y berdi. Bu katta tavakkaldan qochish uchun amalga oshirildi. Global retsessiya xavfi sezilarli darajada oshdi”, – degan Maybank mintaqaviy rahbari Saktiandi Supaat.
Umumevropa valyutasi 0.71 foizga pasayib, 0.9623 dollarni tashkil etgan.
Dollar iyenaga nisbatan ham 0.54 foizga mustahkamlangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar