13:13 / 27.09.2022
1 401

Funt sterling nomi qayerdan kelib chiqqan?

Funt sterling nomi qayerdan kelib chiqqan?
Funt sterling nomining kelib chiqishiga bir necha taxmin va farazlar mavjud. Ba’zi manbalarga ko‘ra, bu nom XII asrda paydo bo‘lgan va dastlab «bir funt sof kumush» degan ma’noni anglatgan. Bu «sterling» - qadimgi ingliz kumush tangasi nomi bilan bog‘liq. 1 funt kumushdan 240 ta tanga zarb qilingan (Tauerdagi Qirollik zarbxonasida saqlanadigan standart «Tower pound» 5400 gran yoki taxminan 350 grammdan iborat).

Yirik oldi-sotdilar «funt sterling»da ifodalangan. Boshqa tomondan, bu tangalarning og‘irligini tekshirish usuli edi - agar 240 tanganing og‘irligi 1 funtga teng bo‘lmasa, tangalar soxta yoki juda eskirgan bo‘lgan.

1955 yilda Oksford inglizcha lug‘ati sterling nomi taxminan 1300 yilga borib taqalishi va kichik yulduzchalari (qadimgi inglizcha: steorling) bo‘lgan kumush norman pennisining umumiy nomidan kelib chiqqanligi haqida farazni taklif qildi.

Eng keng tarqalgan nazariya Uolter Pinchebek tomonidan ilgari surilgan «Easterling Silver» (sharqiy yerlar kumushi) nomidir. Bu Shimoliy Germaniyada tangalar ishlab chiqarilgan 925 probali kumushning o‘ziga xos qotishmasini bildirgan.

Inglizlar «Easterling» deb atashgan bu beshta shahardan iborat hudud XII asrda Ganzey ittifoqi tarkibiga kirgan. Bu hudud Londonda o‘z vakolatxonasiga ega bo‘lib, Angliya bilan faol savdo-sotiq ishlarini olib borgan, tovarlar uchun yuqori sifatli va qattiqlikka ega (sof kumush juda yumshoq va tez eskiradi) mahalliy tangalar to‘langan.

Qirol Genrix II 1158 yildan boshlab xuddi shunday qotishmani Angliya tangalari uchun standart qildi. Asta-sekin, nutqda qotishma nomi «Sterling Silver»ga qisqartirildi va «kumush tanga»ning ekvivalentiga aylandi.

Amerikalik antropolog va siyosatshunos Liya Grinfeldning fikricha, funt sterling nomiga Po‘lat saroyi (ingl. Steelyard) joylashgan London Hanzey idorasining «Easterlings» degan nomi ta’sirini o‘tkazgan.

Bu nom pul birligiga 1694 yilda Angliya banki birinchi marta banknotlarni chiqarishni boshlagan paytda berilgan.

Zamonaviy ingliz tilida funt so‘zi Buyuk Britaniya pullariga nisbatan qo‘llaniladi.

Britaniya valyutasini boshqa mamlakatlardagi bir xil nomdagi valyutalardan farqlash uchun rasmiy hujjatlarda funt sterlingning to‘liq ko‘rinishi (pound sterling) qo‘llaniladi. Kamroq rasmiy matnlarda ingliz funti (British pound) atamasi uchraydi.

So‘zlashuv nutqida quid so‘zi ham ishlatiladi. Uning kelib chiqishi lotincha «Quid pro quo» iborasidan olingan deb faraz qilinib, tovarlar yoki xizmatlarning teng almashinuvini bildiradi. Boshqa taxminga ko‘ra, bu so‘z ingliz tilidagi quid – “chaynaladigan tamaki” ma’nosidadir. Amerika birja treyderlari orasida funt sterling «kabel» deb ataladi. Bunga 19-asrning o‘rtalaridan boshlab Britaniya kotirovkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Atlantika okeani tubi bo‘ylab yotqizilgan kabel orqali Amerikaga uzatilgani sabab bo‘lgan.

Funt sterling 18-19-asrlarda dunyoning aksariyat mamlakatlarida asosiy zahira valyutasi bo‘lgan. Ikkinchi Jahon urushidan keyin Buyuk Britaniyadagi og‘ir iqtisodiy vaziyat va Amerika Qo‘shma Shtatlarining global iqtisodiyotdagi ustunligining kuchayishi funt sterlingning eng muhim valyuta maqomini yo‘qotishiga olib keldi. U 2006 yilning o‘rtalarida uchinchi eng keng tarqalgan zaxira valyutaga aylandi.

Yoqub Umar tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo