
Ukraina urushida mazlum ukrain xalqi tomonida bo‘lsam-da, bir mulohazamni yozmoqchiman. Ukrain va umuman g‘arb mediasi bu urushni yoritishda juda katta muvaffaqiyatga erishyapti.
Hatto ular milliardlar sarflangan rus propagandasidan ham ustun ko‘rinyapti. Va bu holat afkori ommani ukrain xalqiga hamdard bo‘lishini, keyin jang maydonida ham ruhiy ko‘tarinkiligini ta’minlayapti.
Shu ma’noda nega g‘arbning Iroq, Suriya yo Afg‘onistonda qilgan qattolliklarini qoralamaysiz, deydigan kishilarning xatolari ko‘zga tashlanadi.
1. Ular to‘g‘risida ham vaqtida bong urganmiz.
2. U urush va zo‘ravonliklar musulmonlarning axboriy va media maydonida yo‘qliklari sababli fojia o‘laroq o‘zining bo‘y-basti bilan ko‘rinmagan.
Telefon yo havaskor kameralarda olingan tasvirlar mediaustalar tomonidan feyk yoki eski videolar deya inkor qilingan.
Hech kim ularning bu da’volari puch ekanini isbotlab berolmagan. Aksincha, ukrain-rus urushida faktcheking ishlari juda yaxshi yo‘lga qo‘yilmoqdi va raqib tomon kuragi axboriy maydonda yerga oson tekkizilmoqda.
Shu kabi mulohazalar ko‘ngildan o‘tayotganda "Shum bola" filmidagi bir epizod ko‘z o‘ngimga keladi: O‘choq boshida o‘ynashlarni tutib olgan shum bola ulardan haq talab qiladi.
Rad javobini olgan bola qattiq baqiraman, deya, maqsadiga erishadi va qo‘shimcha narsalar undiradi. Bu qiliq axloqiy tomondan ma’qullanmasa-da, bir haqiqatni yuzaga chiqaradi: axborot maydonida qo‘li baland kelgan doim yutadi. Zero Alisher Navoiy: "Agar ogohsen, shohsen" deb bejiz aytmaganlar.
Axboriy maydon sohasida umuman musulmonlarga, xususan o‘zbeklarga omad tilayman. Bu maydonni tashlab qo‘ygan esa aniq mag‘lub bo‘lishidan ogohlantiraman.
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar