Saida Rametova: «Yoshlarimiz arzimagan narsaga ajrashib ketyapti» (video)

Saida Rametova: «Yoshlarimiz arzimagan narsaga ajrashib ketyapti» (video)
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • O‘zbekiston xalq artisti Saida Rametova bugungi yosh oilalarda sabr va shukrona fazilatlari kamayib borayotgani, bu esa arzimagan sabablar bilan ajrashishlarga olib kelayotganini ta’kidladi.
  • Uning so‘zlariga ko‘ra, oiladagi qiyinchiliklarni birgalikda yengish, bir-birini tushunish va qo‘llab-quvvatlash munosabatlarni mustahkamlaydi.

O‘zbekiston xalq artisti Saida Rametova «Shirchoy» ko‘rsatuvidagi suhbat davomida bugungi yosh oilalarda sabr va shukr qilish kabi fazilatlar kamayib borayotgani, bu esa ayrim holatlarda ajrimlarga ham sabab bo‘layotganini aytdi.

Aktrisaning ta’kidlashicha, oiladagi qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tish, bir-birini tushunish va qo‘llab-quvvatlash munosabatlarni mustahkamlaydi.

«Hozir ozgina sabr qilish yo‘qoldi. Shukrona keltirish sal yo‘qolib boryapti. Keyin yoshlarimiz arzimagan narsaga ajralib ketyapti. Har bir odam sabrli bo‘lsa, shukrona keltirsa, hamma qiyinchiliklarni, masalan, turmush o‘rtog‘i bilan birga yecha boshlasa, Alloh o‘zi yo‘l beradi, o‘sha oilani saqlab ham qoladi, rizq-nasiba ham beradi», — dedi Saida Rametova.

Aktrisa turmush o‘rtog‘i Jumadulla Rametov bilan hayotining dastlabki yillarida moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirganini ham esladi.

«Bizlarda ham bo‘lgan Jumadulla Rametov bilan qiyinchilik paytlarimiz, pulsiz qolgan paytlarimiz, bir burda non yeb o‘tirgan paytlarimiz hammasi bo‘lgan. Lekin o‘shanda “faqat halol bo‘laylik, pok bo‘laylik, birovning haqqini yemaylik, mehnat qilaylik, shu mehnat orqali hamma narsaga erishamiz”, deganmiz», — dedi u.

Saida Rametova, shuningdek, turmush o‘rtog‘i bilan bir-biriga ishonib, qiyin vaziyatlarda o‘zaro maslahatlashib kelganini aytdi. U hatto bir paytlar teatrni tark etish haqida o‘ylaganida ham Jumadulla Rametov uni bu qaroridan qaytarganini xotirladi.

Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i unga Samarqanddan san’at yo‘lida yaxshi niyatlar bilan kelganini, iste’dodi borligini eslatib, teatrdagi faoliyatini davom ettirishga undagan.

«Siz Samarqanddan yaxshi maqsadlar bilan kelgansiz. Sizning o‘zingizga yarasha talantigiz bor. Hozir san’atni yig‘ishtirib qo‘ysangiz, keyin bir umr pushaymon bo‘lasiz», — deganini esladi Saida Rametova.

Aktrisa Jumadulla Rametov uning kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlaganini, Milliy teatrda ishlashini tavsiya qilganini ham aytdi.

Saida Rametovining ushbu fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokama qilindi. Izohlarda ko‘plab kuzatuvchilar aktrisaning oilada sabr, o‘zaro ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash muhimligi haqidagi fikrlarini ma’qullagan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar