date
views 1 796

Ikki bor yadro portlashidan omon qolgan odam

Ikki bor yadro portlashidan omon qolgan odam
Sutomu Yamaguti uyiga derazalarining oynasi yo‘q poyezdda qaytayotgan edi. U poyezd bo‘ylab esayotgan shamol vagonlarda kuygan va qo‘lansa hidni sezgachgina sergak tortdi. Yamaguti bir necha kun ichida bu hidlarga ko‘nikib qoldi. Butun Xirosima shu hid ichida edi.

Yamagutining yonida o‘tirgan ayol eski ko‘rpachaga o‘ralgan chaqalog‘i bilan band edi. U nimadir dedi. Erkak buni eshitmadi. Portlashdan keyin miyasi chayqalib kar va ko‘r bo‘lib qoldi. Yamaguti endi atrofini umuman farqlay olmasdi. Ayol tutgan qopga qarab, katta ko‘mir bo‘lagidek qora narsaga ko‘zi tushdi. Shu kunlarda hamma joy shunday qora dog‘ bo‘lib ko‘rinardi.

Ayol tinmay gapira boshladi va Yamaguti o‘zining qo‘llariga qaradi. Ular muhandisning qo‘llari emas, balki qizil go‘shtdan yasalgan shaklsiz bir nima edi. U o‘z fikrlarini to‘play olmadi. U qandaydir uzoq va dahshatli tushdan uyg‘onishni istardi.

Aslida u Mitsubisi kompaniyasining yigirma to‘qqiz yoshli xodimi edi. Xirosimada uch oydan beri yangi neft tankeri loyihasi ustida ishlardi. Tayyor chizmalar ertasi kuni keyingi guruhga topshirilishi kerak edi.

1945 yil 6 avgust kuni ertalab Yamaguti zavodga ko‘tarinki kayfiyatda keldi. Bugun xizmat safaridagi so‘nggi kuni. U onasi, xotini va o‘g‘liga olib kelayotgan sovg‘alar haqida o‘ylab mamnun edi. Fikrlarini samolyotning dahshatli ovozi to‘zitib yubordi.

Ertalab soat 8:15 da Yamaguti binodan chiqib osmonga qaradi. Amerikaning B-29 bombardimonchi samolyoti! U faqat bitta samolyot borligiga hayron bo‘ldi. Ehtimol bu razvedka samolyotidir. Chunki bombardimon paytida amerikaliklar har doim bir nechta jangovar mashinalardan foydalangan.

Samolyot shahar markazi ustidan uchib o‘tayotganda undan katta narsa ajralib, pastga quladi. Yamagutiga bombardimonchi samolyotdan bahaybat bir odam tushib ketgandek tuyuldi. Yerga yetib bormasdan, ob’ekt minglarcha quyosh nuridek yorqin bo‘lib portladi. Yamaguti ko‘zlarini yumdi va o‘zini ariqqa tashladi. Zarba to‘lqini ko‘z ochib yumguncha zavodni yer bilan yakson qildi. Sutomu Yamaguti uyg‘onganida atrof zulmat bilan qoplangan edi. Qorong‘ulik markazida ulkan olovli qo‘ziqorin turardi.

Yamaguti o‘rnidan turib, zavod vayronalari tomon yo‘l oldi, u yerda uni tirik qolgan ikki hamkasbi kutib oldi. Ular nima bo‘lganini tushunishga harakat qilib, tunni bombadan saqlanadigan yerto‘lada o‘tkazdilar. U yerda yaradorlar ko‘p, o‘liklar undan ham ko‘p. Hamma boshpanaga olib ketildi. Ba’zi jasadlar qorayib ketgan. Ko‘piga yordam berishning iloji yo‘q edi.

Ertalab Yamaguti shahar xarobalari orqali vokzalga yetib keldi, Nagasaki poyezdiga o‘tirdi va uyiga jo‘nab ketdi. U hayratda qolgan va butunlay chalg‘igan holda, qanday do‘zax qurilmasi bunday ulkan zarar keltirishi mumkinligini aniqlashga harakat qildi. Yaponiya shaharlari avval ham bombardimon qilingan, lekin hech qachon bunaqasi bo‘lmagandi.

Mashinada kimdir yo‘qolganlarning ismlarini aytib baqirar, boshqalar yig‘lardi. Yamaguti, ko‘pchilik yo‘lovchilar singari, derazadan tashqariga befarq tikilib ketar, o‘ylashga ham majoli yo‘q edi.

O‘shanda – 1945 yilning 6 avgustida Xirosimada bir vaqtning o‘zida sakson ming kishi nobud bo‘lganini hali hech kim bilmas edi.

Poyezd terminalga yetib keldi, Yamaguti platformaga chiqdi va shundan keyingina uning barcha yuklari Xirosimada qolganini angladi. U o‘z-o‘zidan uydagilarga sovg‘a olmaganman, deb o‘yladi. Ko‘z yoshlari yuzlarida dog‘ qoldirib dumaladi.

Kutib oluvchilar kuygan va yarador olomonini ko‘rib hayratda qoldi. Sutomu Yamaguti sekin boshidan o‘ylay boshladi. Xayollari asta jonlandi. Odamlar nima bo‘lganligi haqida savollar bilan ko‘mib tashladi. U bitta bomba deyarli butun Xirosimani vayron qildi, deb javob berdi. Olomon unga ishonmadi.

Yamagutini sinfdoshi shifokor bo‘lib ishlaydigan kasalxonaga olib borishdi. Uning ahvoli shunchalik yomon ediki, do‘sti dastlab uni tanimadi. Yamagutining o‘zi shu qadar dahshatda ediki, u jarohatlarining og‘irligiga e’tibor bermasdi. Shifokor kasalxonada qolishi kerakligini aytdi. Yamaguti esa imkon qadar tezroq oilasini ko‘rishni xohlardi.

Boshdan-oyoq o‘ralgan holda uyiga kirib bordi. Uni ko‘rgan xotini hushidan ketishga oz qoldi. Onasi uni arvoh, deb o‘yladi.9 avgust kuni to‘shakdan zo‘rg‘a turishga muvaffaq bo‘lgan Yamaguti neft tankeridagi ish natijalari haqida hisobot berish uchun Mitsubisi ofisiga borishga qaror qildi. Rasmiylar muhandisning Xirosimani vayron qilgan super qurol haqidagi so‘zlariga shubha bilan qarashdi. Kimdir. "Bizning Nagasaki kabi katta bir shaharni bir lahzada yer yuzidan yo‘q qilishiga ishonmayman", dedi.

Sutomu Yamaguti o‘z tajribasi haqida gapirayotganda, ofis oynasidan Xirosimadagidan ham yorqinroq chaqnash ko‘rindi. Yamaguti zarba to‘lqini barobar polga yiqildi. Tepalik landshafti tufayli yigirma bir kilotonna ekvivalentoi atom bombasining portlashi natijasida bu hududga unchalik katta zarar yetmadi. Ammo Nagasakining qolgan qismi ancha vayron bo‘lgandi.

Portlashdan keyin Yamaguti bor kuchi bilan uyga yugurdi. Yaxshiyamki, uning qarindoshlari jabrlanmagan, ammo uyi butunlay yonib ketgandi.

Keyingi bir necha yil davomida Sutomu Yamaguti bir vaqtning o‘zida ikkita yadroviy portlash ta’siridan davolandi. U kuyish va nurlanishdan azob chekdi. Sochi va tishlarining bir qismi to‘kilib ketdi. Bir muncha vaqt o‘tgach, Yamaguti tuzalib ketdi.

U yana ikki qiz farzandli bo‘ldi. Mitsubisi kompaniyasida muhandis bo‘lib ishladi va uzoq umr ko‘rdi.

***
2006 yilda u Nyu-Yorkda BMT delegatsiyasi oldida yadroviy qurolsizlanish zarurligi haqida doklad qildi.

"Men ikki marta atom bombasidan omon qoldim. Mening vazifam bu haqda aytib berishdir", deb boshladi u o‘z nutqini.

Yamaguti bir umr yadroviy qurolsizlanish tarafdori bo‘lib yashadi. Alloh umrga barokat bersa, inson atom portlashidan ham omon qolishi mumkin ekan. Yapon muhandisning hayoti bunga yorqin misol.

Mana, bugun dunyo katta bir mamlakatning yadro qurolidan foydalanish rejasini qoralab turibdi. Bugungi atom urushi Xirosima yoki Nagasaki fojeasini takrorlamaydi. Butun insoniyat, hatto yadro urushini ochgan mamlakat ham bundan jabrlanishi ochiq haqiqat. Alloh shu ofatdan asrasin.

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ikki bor yadro portlashidan omon qolgan odam