18:06 / 20.10.2022
1 051

Aliyev va Erdo‘g‘on yangi havo bandargohini ochib berdi

Aliyev va Erdo‘g‘on yangi havo bandargohini ochib berdi
Bugun, 20 oktabr kuni Ozarbayjonning Zangilan shahrida yangi xalqaro aeroport foydalanishga topshirildi. Havo bandargohi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan ochib berildi. Shu tariqa Erdo‘g‘on yangi aeroportga tashrif buyurgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi.

Prezidentlar yangi inshootdagi shart-sharoit bilan tanishgan, ularga aeroportning ramziy kaliti topshirilgan.

Zangilan xalqaro aeroporti bir yarim yil davomida barpo etildi. Bu – Ozarbayjonning ishg‘oldan ozod etilgan hududlarida bunyod etilgan ikkinchi aeroportdir. Shahar roppa-rosa ikki yil avval – 2020 yil 20 oktabr kuni Armaniston qurolli kuchlari nazoratidan Ozarbayjon tasarrufiga o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 26 oktabr kuni Qorabog‘ mintaqasida dastlabki havo bandargohi – Fuzuliy xalqaro aeroporti foydalanishga topshirilgan, uni ham prezidentlar I.Aliyev va R.T.Erdo‘g‘on ochib bergan edi.

Ikki xalqaro aeroport hayot qayta jonlanayotgan mintaqada transport, turizm va savdo-sotiq rivojiga xizmat qilishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo