12:30 / 07.11.2022
1 690

Rossiyalik blogerlar RF armiyasi Pavlovkada yirik yo‘qotishlarga uchraganini xabar qilmoqda

Rossiyalik blogerlar RF armiyasi Pavlovkada yirik yo‘qotishlarga uchraganini xabar qilmoqda
Foto: Insider
Donetsk oblastida jang qilayotgan primorelik dengiz piyodalari yomon qo‘mondonlikdan shikoyat qilishdi. Ularning gubernator Kojemyakoga yozgan maktubida to‘rt kun ichida yuzlab qurbonlar va yaradorlar bo‘lgani aytiladi.

Tinch okeani floti 155-dengiz piyodalari brigadasi harbiy xizmatchilari Primore o‘lkasi gubernatori Oleg Kojemyakoga qo‘mondonlikning katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan harakatlaridan shikoyat qilib maktub yo‘llashdi.

Rossiyaning «Voyennoye obozreniye» sayti Pavlovkadagi vaziyatni shunday tasvirlaydi: «Biznikilar aholi yashash manzilining yarmini egallashdi, Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi bilan to‘qnashdi va olovli qopga tushib qoldi».

Rossiyalik bloger, VGTRK harbiy muxbiri Aleksandr Sladkov o‘z kanalida 155-alohida dengiz piyodalari brigadasi jangchilari Primore gubernatori Oleg Kojemyakoga murojaat qilgani haqida yozadi.

«[Dengiz piyodalari] maktubida shunday katta uchta familiya keltirilganki, ammo ularni keltirmayman. Postni shuning uchun e’lon qilyapmanki, tepada Pavlovkadagi vaziyat haqidagi bir gapni takrorlashmoqda, buyoqda esa qon oqishi davom etmoqda», deya xabar qiladi Sladkov.

Pavlovkadagi vaziyat haqida Rossiya ta’siridagi yana bir bloger, Vyacheslav Volodinning sobiq maslahatchisi Anastasiya Kashevarova ham yozgan. U ham yomon boshqaruv va yaxshi o‘ylanmagan hujum tufayli katta yo‘qotishlar berilganidan shikoyat qilgan dengiz piyodalari murojaatini e’lon qilgan. Bu versiyaga ko‘ra, okrug qo‘mondonligi «javobgarlikdan qo‘rqib, yo‘qotishlar to‘g‘risida haqiqiy raqamlarni yashirmoqda». U ham hech qanday familiya keltirmagan.

Maktub matni qisqartirishlarsiz Grey Zone telegram-kanali tomonidan e’lon qilindi; matn haqiqiyligi mustaqil manba tomonidan tasdiqlanmagan.

Shunga o‘xshash postni rossiyalik yana bir taniqli «voyenkor» Semyon Pegov WarGonzo telegram-kanalida yozib qoldirgan. «Pavlovkada barchasi ob’ektiv jihatdan yomon», deb yozadi u.

Grey Zone kanalidagi xabarga ko‘ra, dengiz piyodalari maktubida to‘rt kun ichida Donetsk oblastining Vugledar shahri atrofidagi Pavlovka qishlog‘ida «tushunarsiz yurish» amalga oshirilishi tufayli «300 nafar atrofidagi kishi halok bo‘lgani, yaralangani va bedarak yo‘qolgani» aytiladi.

Maktub mualliflariga ko‘ra, ularning komandirlari — «general Muradov va uning hamyurti Axmedov» — yurishni shunday rejalashtirganki, birinchisi «Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov oldida bonus» ishlamoqchi, ikkinchisi esa Rossiya qahramoni unvonini olmoqchi bo‘lgan. «Ular hammaga tupurgan, faqat o‘zini ko‘rsatishni o‘ylaydi. Ular odamlarni to‘p yemi deb atashadi», — deyilgan maktubda.

«Ular qanday qilib raqib joylashgan pozitsiyalardan o‘tib qishloqni egallamoqchi bo‘lishgan? Endi esa biznikilar yaradorlarni evakuatsiya qilish va o‘q-dorilarni tashish chog‘ida yo‘q qilindi. Bundan tashqari, Pavlovka bizga zarbalar yo‘llangan Vugledardan pastlikda joylashgan», — deyiladi maktubda.

Xatda aytilishicha, dengiz piyodalari Kojemyakodan mudofaa vazirligiga aloqador bo‘lmagan «mustaqil» komissiya yuborish so‘rovi bilan oliy bosh qo‘mondonga murojaat qilishni so‘rashgan.

Primore o‘lkasi gubernatori Pavlovka yaqinida dengiz piyodalari katta yo‘qotishlarga uchragani haqidagi xabarni tekshirishga topshiriq bergan. «Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida ushbu murojaatni vakolatli organlar va harbiy prokuraturaga yubordik. Bu Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan axborot xuruji bo‘lishi ham istisno etilmaydi», — degan Oleg Kojemyako.

RF mudofaa vazirligi 30 oktabr kuni Pavlovkaning janubiy chekkalariga chiqilgani haqida xabar bergandi. 5-6 noyabr kunlari vazirlik ushbu qishloq hududida «Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalariga zarbalar berilgani»ni ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, Pavlovkaga yurishdagi muammolar haqida rasmiylar ham xabar bergan — xususan, bu haqda «DXR» harbiy arboblaridan bo‘lgan Aleksandr Xodakovskiy ham yozgan. U Pavlovkadagi janglarni «Rossiya tomoni tushib qolgan olovli qop» deb ta’riflaydi va yo‘qotishlarni tasdiqlab, yurish bevaqt amalga oshirilganini tan oladi.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabining yakshanba kungi brifingi chog‘ida Pavlovkada Rossiya armiyasi minomyotlar, stvolli va reaktiv artilleriyadan zarbalar berayotgani xabar qilingan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo