
Antonov ko‘prigidagi portlash / Twitter
Rossiya harbiylari Dnepr daryosining o‘ng sohilini tark etishdi. RF mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shini bo‘linmalarini Dneprning chap sohiliga o‘tkazish jarayoni Moskva vaqti bilan soat 5:00 da yakunlanganini ma’lum qildi.
«O‘ng sohilda birorta harbiy texnika va qurol qolmadi. Barcha rossiyalik harbiy xizmatchilar Dneprning chap sohiliga olib o‘tildi. Rossiya qurolli kuchlari tuzilmalari va harbiy qismlari oldindan tayyorlangan mudofaa chiziqlari va pozitsiyalarini egalladi. Rossiya qo‘shinlari guruhining shaxsiy tarkib, qurol-yarog‘, harbiy texnikalar va moddiy vositalarida yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilmadi», deyilgan vazirlik xabarida.
Rossiya davlat agentligi RIA Novosti Dneprning o‘ng va chap sohilini bog‘lovchi Xerson yaqinidagi Antonov ko‘prigida olingan videoni namoyish etgan. Unda agentlik muxbiri 11 noyabrga o‘tar kechasi «Rossiya qo‘shinlarining so‘nggi qismi» o‘ng sohilni tark etgani haqida aytadi. Videoda ko‘prik bo‘ylab harakatlangan g‘ildirakli texnikalar aks etgan. Muxbirning so‘zlariga ko‘ra, og‘ir texnikalar, jumladan tank va jangovar piyodalar mashinalari (BMP) ko‘prik yaqinidagi ponton kechuv yo‘li orqali o‘tkazilgan.
VGTRK harbiy muxbiri Aleksandr Sladkov 11 noyabr tongida uch kun ichida Dneprning o‘ng sohilidan chap sohiliga shaxsiy tarkibdan 20 ming kishi va 3,5 ming harbiy texnika olib o‘tilganini xabar qilgan.
Moskva vaqti bilan 11 noyabr kuni soat 4:00 dayoq Ukraina qurolli kuchlari «Janub» quruqlik qo‘shini operativ qo‘mondonligi Rossiya harbiylar va texnikalarini Dneprning narigi sohiliga tashishda davom etayotgani, chap sohilda mudofaa chizig‘i tashkil etib, Ukraina armiyasining o‘ng sohildagi pozitsiyalarini o‘qqa tutayotganini xabar qilgandi. Xabarda ukrain qo‘shinlari front chizig‘ini chap sohilga tobora yaqinlashtirayotgani, Rossiya kuchlari esa «shoshilinchda suzib o‘tish uchun yaroqli bo‘lgan qayiqlarga chopayotgani» qayd etilgan. 10 noyabr kuni kechqurun «Janub» guruhi matbuot kotibi Natalya Gumenyuk RF qurolli kuchlari qo‘shinlarining bir qismini olib chiqqani, ammo bo‘linmalar va texnikalarning bir qismi Dneprning o‘ng sohilida qolayotganini aytgandi.
Shu bilan birga anneksiya qilingan Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati vakili, ayni vaqtda Simferopolda bo‘lib turgan Sergey Yeliseyev «Interfaks»ga bergan intervyusida Rossiya kuchlarini Dneprning o‘ng sohilidan olib o‘tish davom etayotganini aytgandi.
Xersondagi Antonov ko‘prigi vayron qilingan

11 noyabr kuni tongda kremlparast telegram-kanallar Antonov ko‘prigi portlatilgani aks etgan videoni (bu video haqiqiyligi va qachon olingani tasdiqlanmagan) tarqata boshladi. Shuningdek, Rossiya nashrlari xabarlariga ko‘ra, parallel o‘tgan temiryo‘l ko‘prigi ham vayron qilingan (bunga dalil keltirilmagan). Rossiyalik «vatanparvar» telegram-kanallar yozishicha, ko‘prikning portlatilishi Rossiya guruhining o‘ng sohildan olib chiqilishi yakunlangani haqida «signal» bo‘lgan.
«Komsomolskaya pravda» harbiy muxbiri Aleksandr Kos va «Smotri» telegram-kanali to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘prikda turib olingan videoyozuvni, Ukraina tomoniga tegishli bo‘lgan «Suspіlne» kanali esa — mahalliy aholi vakillari tomonidan olingan ko‘prik fotosuratini nashr etgan. Video va fotoda ko‘prikning avtomobillar uchun mo‘ljallangan polotnosida ikkita oraliq yopmasi qulab tushganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, Sergey Yeliseyev Antonov ko‘prigi «portlatilmagani» va «doimiy holatida turgani»ni qayd etgan.
Ukraina mudofaa Aleksey Reznikov avvalroq Rossiya Dneprning o‘ng sohilidagi qo‘shinlarini olib ketishi uchun bir hafta vaqt talab etilishi haqida gapirgandi. U bu haqda Reuters agentligida 10 noyabr kuni chiqqan intervyusida aytib o‘tgan. Reznikov istilo vaqtida Xerson oblastida go‘yoki rossiyaliklarning 40 minglik qo‘shini bo‘lib turganini aytgan. «Bu qo‘shinlarni Xersondan bir yoki ikki kun ichida olib ketib bo‘lmaydi. Bu kamida bir hafta vaqt oladi», — degandi vazir. U Rossiyaning harakatlarini oldindan aytish qiyinligini qo‘shimcha qilgan.
10 noyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat qurolli kuchlari Xerson oblastida 41 ta aholi yashash manzillarini ozod etganini ma’lum qildi. U bu hududlar nomlarini keltirmagan va gap qancha vaqt ichida ozod etilgan hududlar haqida borayotganiga aniqlik kiritmagan. Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 9 noyabr kuni mamlakat armiyasi Xerson yo‘nalishida 12 ta aholi punktini ozod etganini ma’lum qilgandi. 10 noyabr kuni ukrain harbiylari Mikolayiv oblasti tarkibidagi Snigirevka shaharchasi ozod etilganini xabar qilishdi — bu Dnepr daryosining o‘ng sohilidagi muhim logistik uzel hisoblanadi. Reuters agentligi ozod etilgan Snigirevkada olingan fotosuratlarni namoyish etgan.
Kreml qo‘shinlar olib ketilganiga qaramay, anneksiya qilingan Xerson oblastini RF sub’ekti deb hisoblashda davom etmoqda. Bu haqda RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tdi. «Bu Rossiya Federatsiyasi sub’ekti, bu maqom qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan. Bu borada o‘zgarish bo‘lishi mumkin emas», — degan Peskov. U Kreml Xerson tashlab chiqilishini sharmandalik deb hisoblamasligini bildirgan.

RF mudofaa vazirligining Ukraina janubidagi vaziyat aks etgan xaritasida Xerson Ukraina nazoratiga qaytgani aks etgan
Ukraina qo‘shini Xersonga kira boshladi
11 noyabr kuni kunning ikkinchi yarmida Ukraina qurolli kuchlarining ilk qismlari Xersonga kirib kela boshladi. Bu ma’lumotni «Gromadske» nashriga shahar mahalliy aholisi, mahalliy jurnalistlar, shuningdek Xerson oblasti ma’muriyatidagi manbalar tasdiqlagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Xerson aholisi shahar ko‘chalarida ukrain askarlarini olqishlayotgani aks etgan foto va videolar tarqalgan. Shuningdek, harbiylar Xersondagi politsiya boshqarmasiga Ukraina bayrog‘ini ilayotgani aks etgan kadrlar paydo bo‘ldi.
Bundan tashqari, internetda Xerson oblasti ma’muriyati binosi oldida Ukraina bayrog‘ini tutib turgan odamlar fotosi tarqaldi.
Ukraina hukumati ham, Ukraina armiyasi ham hozircha mamlakat qurolli kuchlari shaharga kirgani to‘g‘risida rasman e’lon qilmadi. Ammo ukrain mulozimlari bunga ishora qilishmoqda. Xususan, Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak telegram-kanalida «11.11.2022» sanasi bilan qisqa post qoldirgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar