16:58 / 19.11.2022
2 161

Shomurodovning laqabi, himoyalanishdagi muammo va rotatsiya haqida Srechko Katanes nimalar dedi?

Shomurodovning laqabi, himoyalanishdagi muammo va rotatsiya haqida Srechko Katanes nimalar dedi?
O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida "oq bo‘rilar" bosh murabbiyi Srechko Katanes va himoyachi Sherzod Nasrullayev ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

"Assalomu alaykum. Ertangi kuchli raqibga qarshi kechadigan bahsga tayyormiz. Mavsum so‘ngi bo‘lgani uchun ba’zi futbolchilarda toliqish borligi tabiiy. Bir futbolchimiz bellashuvni o‘tkazib yuboradi".

- Tojikiston - Rossiya o‘yinini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Rossiyaliklarning hozirgi holati haqida nima deya olasiz?
- "Albatta ko‘rdim. Birinchi navbatda, ular sun’iy maydonda o‘ynaganini ta’kidlamoqchi edim. Bu qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqaradi. Shaxsan men agar uchrashuv sun’iy qoplamali maydonda o‘tsa, buni futbol deb hisoblamayman. Bu sportning boshqa turi deb hisoblayman. Bunday vaziyatda futbolchilarning harakat qilishi juda qiyin. Agar mendan qaysidir o‘yinni mana shunday sharoitda o‘tkazishni so‘rashsa, yo‘q deb javob bergan bo‘lardim.

Umuman olganda, men ko‘proq o‘zimning jamoamga e’tibor qaratmoqchiman, ularning o‘yiniga emas. Shuningdek, Rossiyaga qarshi bellashuvda tojikistonliklar namoyish etgan o‘yin menga juda yoqdi. Ular juda yig‘iq va agressiv futbol ko‘rsatdi. To‘qnashuv oldidan barcha Tojikistonni autsayder hisoblagani aniq. 3:0, 4:0 hisobini taxmin qilganlar ham bo‘lgandir. Ammo hozir bu uslubda o‘ynaydigan jamoalarga qarshi maydonga tushish murakkab vazifa bo‘lib qoldi".

- Tojikistonning Rossiyaga qarshi qo‘llagan uslubini maqtadingiz. Siz ham shunday qilmoqchimisiz? Yana bir savol, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev nega terma jamoaga chaqirilmadi?
- Men shogirdlarimdan doim mana shunday o‘ynashni talab qilib kelganman. Bu qarama-qarshilikda ham Rossiya favorit. Shunchaki RPL va O‘zbekiston Superligasini solishtirsangiz, oradagi katta farq borligini ko‘rishingiz mumkin.

Yo‘ldoshevga keladigan bo‘lsak, u yosh va o‘z o‘yini, xususan, hujumga o‘tish hamda himoyalanish ustida ishlashi lozim.

- O‘tgan uchrashuvda Oston O‘runovga imkoniyat taqdim etildi. Vaholanki, u ayni paytda formada emas. Nega mavsum mobaynida yaxshi temp namoyish etgan futbolchilar maydonga tushirilmadi? Misol uchun, Bobir Abdiholiqov.
- "Siz Belarus chempionatidagi barcha o‘yinlarni qoldirmay ko‘rib borasizmi? Men uni kuzatganim uchun Bobirni termaga chaqirdim. Ostonga keladigan bo‘lsak, u hozir klubsiz yurgan bo‘lsa ham O‘runovda bizga kerakli sifatlar bor. Oston undan nima talab qilayotganimni tushunmoqda, potensiali ham yuqori. U yaqin kelajakda O‘zbekiston uchun muhim futbolchi deb o‘ylayman. Menda terma jamoa hujumida variant u qadar ko‘p emas. Masalan, Abdiholiqovni qanotga qo‘ya olmayman. Shuningdek, uni hujum markazida ajoyib o‘yin namoyish etayotgan Eldor Shomurodov o‘rniga ham maydonga tushirolmayman.

O‘zi nega Bobir va Ostonni misol keltirganingizni tushunmadim. Ular maydonda ikki xil pozitsiyada o‘ynaydi, turli xil funksiyalarni bajaradi. Keling, muhokamani to‘xtataylik. Bu mening qarorim! Va bunga sabablarim bor. Kimni qaysi pozitsiyaga qo‘yish bu mening vakolatimga kiradi".

- O‘zbekiston MTJning asosiy muammosi doim himoya chizig‘i bo‘lib kelgan. Hozirgi paytda bosh murabbiyning mudofaadan qanchalik ko‘ngli to‘q?
- "Shu savol doim beriladi. Lekin bir narsani tushuning: himoya hujumchilardan boshlanadi. Raqib tashkil etayotgan hujumni avval bizning jamoa hujumchilari, keyin yarim himoyachilar qarshi oladi. Agar barcha chiziqdagilar to‘g‘ri o‘ynasa, o‘shanda mudofaadagilar ham yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etadi.

Zamonaviy futbolda hujumchi va yarim himoyachilarning mudofaaga ko‘maklashmasligi bu ilojsiz narsa. Kuchli jamoalarning barchasiga e’tibor bersangiz, oldingi chiziqdagilar pressing uyushtirib, himoyadagilarga yordam beradi. Hujum qilish chog‘ida ham xuddi shunday. Birinchi pas doim orqa chiziqdagilardan keladi.

- Eldor Shomurodov "Rostov"da o‘ynab yurgan paytlari bosh murabbiy Karpin uni "qiyshiq oyoq" deb laqab qo‘ygandi. Umuman sizda Eldor yoki MTJning boshqa futbolchilari uchun mana shunday laqab bormi?
- U mana shu "qiyshiq oyoq"lari bilan juda ko‘p gol urmoqda. Keling, Eldorning oyog‘i shundayligicha qolsin.

- Valeriy Karpin O‘zbekistonga qarshi umuman boshqacha tarkib maydonga tushishini ma’lum qilgandi. Bizda ham rotatsiya bo‘ladimi yoki yana Qozog‘iston bilan o‘yindagi yigitlarni ko‘ramizmi?
- "Balki bo‘lar. Ertaga ko‘rasiz".

Sherzod Nasrullayev: Assalomu alaykum, matbuot anjumani ishtirokchilari. Ertangi raqibimiz juda kuchli. Muxlislarimizni xursand qilib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

- Rossiyaning Tojikiston bilan durangidan keyin ba’zi futbolchilar ertangi raqib bilan bemalol o‘ynasa bo‘larkan degan fikrni bildirishibdi. Siz bunga qo‘shilasizmi?
- "Yo‘q. Tojikistonga qarshi Rossiya MTJning asosiy futbolchilari maydonga tushmagan. Shuning uchun bellashuv durang bilan yakunlandi. Menimcha, ular biz bilan o‘yinda asosiy tarkibni maydonga tashlasa kerak.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo