
Foto: AP
Batalon asoschisi, qirg‘iziston fuqarosi Almaz Qudabek uulu Rossiya tomoni «Ukrainaning turkiyzabon aholisiga nisbatan haqiqiy genotsid» qilayotganini aytdi. U o‘z yurtida xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan qidiruvga berilgan.
Qirg‘iziston fuqarosi Almaz Qudabek uulu Ukrainada birinchi turkiyzabon bataloni tuzilganini e’lon qildi.
U Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Checheniston rahbari Ramzon Qodirovga videomurojaat yo‘llab, Ukrainada «maxsus operatsiya» niqobi ostida «mamlakatning turkiyzabon aholisiga nisbatan haqiqiy genotsid» qilinayotganini aytdi.
Batalon komandiri Qodirovdan «Ukrainadagi jinoyatlarini yashirish uchun muqaddas dindan foydalanmaslikni» talab qilgan.
«Maxsus operatsiya niqobi ostida Putin turkiyzabon xalqlarga genotsid uyushtirdi. Islom niqobi ostida Ramzon Qodirov jihod e’lon qildi. Islom dini biz uchun muqaddas, u bilan o‘ynashmang. Biz bu shaytoniy tuzumni yo‘q qilamiz… Sizlarni ichingizdan ham, tashqaridan ham dahshatga solamiz», deydi Qudabek uulu murojaatda.
Qayd etilishicha, Almaz Qudabek uulu 24 fevraldan beri Ukraina tomonida jangovar harakatlarda qatnashib keladi. Urushdan oldin u Rossiyada mardikorlik, xususan, sartaroshlik bilan shug‘ullangan.
Qirg‘izistonning Ukrainadagi elchixonasi u bilan aloqa o‘rnatgan va vataniga qaytishni taklif qilgan, ammo rad javobini olgan.
Stanradar xabariga ko‘ra, 2022 yil bahorida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Almaz Qudabek uuluga nisbatan «Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosining xorijiy davlatlardagi qurolli mojarolar yoki harbiy amaliyotlarda ishtirok etishi» moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochgan va qidiruvga bergan.
«Turon» 21 noyabr kuni tashkil etilgan bo‘lib, o‘ta o‘ng «Bo‘z bo‘rilar» («Bo‘z qurt») harakatining timsollarini namoyish etmoqda. Uning 350 ga yaqin a’zosi borligi, ular orasida qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur, ozarboyjonlar borligi, batalon Turkiya tomonidan moliyalashtirilayotgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar