22:38 / 08.12.2022
1 058

AQSH va Rossiya mahbuslar almashuvini amalga oshirdi

AQSH va Rossiya mahbuslar almashuvini amalga oshirdi
Foto: AP
Rossiya Federatsiyasida giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, 9 yilga qamalgan amerikalik basketbolchi Brittni Grayner AQSHda noqonuniy qurol yetkazib berishda ayblanib, 25 yilga qamalgan rossiyalik Viktor Butga almashtirildi.

Jarayon 8 dekabr kuni Abu-Dabi aeroportida bo‘lib o‘tdi. But allaqachon Rossiyaga qaytganini Rossiya TIV tasdiqladi. Grayner samolyotda uyiga parvoz qilayotganini Jo Bayden ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, But ham, Grayner ham avf etilgan va jazo muddatining qolgan qismini o‘z mamlakatida o‘tmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Brittni Grayner 2016 yildan buyon Yekaterinburgning UGMK basketbol klubida o‘ynab kelayotgandi. U 2022 yil 17 fevral kuni Sheremetevo aeroportida qo‘lga olindi. Nyu-Yorkdan Moskvaga uchib borgan Graynerning bagajida qoradori moyi solingan elektron sigaretalar topilgan. Ayol og‘riq qoldiruvchi vosita o‘rniga shifokorlar ruxsati bilan tibbiy marixuana ishlatganini aytgan. Qo‘shma Shtatlarda basketbolchi rasman «noqonuniy ushlab turilgan» deb tan olingan va prezident Jo Bayden uni ozod qilish niyati borligini bir necha bor aytgan edi.

«Qurol baroni» laqabi bilan tanilgan Viktor But 2008 yilda Tailandda hibsga olingan, 2010 yilda esa AQSHga ekstraditsiya qilingan. Ikki yil o‘tib, u noqonuniy qurol savdosi va terrorizmni moliyalashda ayblanib, 25 yilga qamalgan. Rossiyalik barcha ayblovlarni rad etib kelayotgan edi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo