1 009
YEI Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina va Gruziya hududlarida berilgan pasportlarni tan olmaydi

Foto: «TASS»
Yevropa Ittifoqi (YEI) kengashi Ukraina va Gruziyaning bosib olingan hududlarida berilgan Rossiya parportalarini tan olmaslikka qaror qildi. Bu haqda YEI kengashi xabarida ma’lum qilindi.
«Ushbu qaror Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz harbiy tajovuzi va bosib olingan hududlar aholisiga Rossiya xorijiy pasportlarini berish amaliyotiga javobdir. Bu, shuningdek, Rossiyaning 2008 yilda Gruziyaning Abxaziya va Janubiy Osetiya hududlari mustaqilligini tan olish haqidagi bir tomonlama qaroriga ham aloqador», deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida yoki Gruziya hududlarida yashovchi shaxslarga berilgan Rossiya sayohat hujjatlari viza olish yoki Shengen hududi chegaralarini kesib o‘tishda tan olinmaydi.
«Ushbu hududlarda berilgan pasportlar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan tan olinmayapti. Mazkur qaror umumiy yondashuvni ishlab chiqish, tashqi chegara va umumiy viza siyosatining to‘g‘ri ishlashini hamda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan», deyilgan xabarda.
YEIning eslatishicha, Qrim yarim oroli 2014 yilning mart oyida noqonuniy ravishda anneksiya qilinganidan beri Rossiya aholiga o‘zining pasportlarini berib kelmoqda. 2019 yil aprelida bu amaliyot Donetsk va Lugansk viloyatlarining Ukraina nazorati ostida bo‘lmagan qismlariga, keyinroq, 2022 yil iyulida esa Xerson va Zaporoje viloyatlarining bosib olingan hududlariga tatbiq etilgan.
Yevropa Ittifoqi Kengashida qayd etilganidek, ushbu hududlarda Rossiya pasportlarining muntazam ravishda berilishi xalqaro huquq va Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligining navbatdagi buzilishi hisoblanadi.
«Kengashning bugungi qarori Ukraina tomonida ekanimizning yana bir dalilidir. Uning hududlari Rossiya tomonidan noqonuniy anneksiya qilinishini hech qachon tan olmaymiz va Ukrainaning barcha bosib olingan hududlarni ozod qilish va ular ustidan to‘liq nazoratni tiklash huquqini yana bir bor tasdiqlaymiz», — deya izoh berdi Chexiya ichki ishlar vaziri, Yevropa Ittifoqiga raislik qiluvchi Vit Rakushan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar