21:08 / 09.12.2022
1 028

Urush boshlanganidan beri 300 mingga yaqin ukrainalik Rossiya pasportini oldi

Urush boshlanganidan beri 300 mingga yaqin ukrainalik Rossiya pasportini oldi
Foto: «TASS»
Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainaga hujumi boshlanganidan buyon 300 mingga yaqin ukrainaliklar Rossiya fuqaroligini oldi. Bu haqda «Mediazona» nashri ma’lum qildi.

Jurnalistlarga ko‘ra, bosqinning dastlabki kunlaridanoq bosib olingan hududlarda yashovchi yoki Rossiyaga deportatsiya qilingan ukrainaliklarga pasport berish kuchaygan. Hujjatlarni berishda asosiy e’tibor Rostov viloyati va anneksiya qilingan Qrimga qaratilgan.

«Agar urushdan oldin Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, ukrainaliklar Rossiya fuqaroligini olgan xorijliklar orasida yetakchi bo‘lgan. 2021 yilda barcha yangi pasportlarning 50 foizi Ukraina fuqarolari, undan keyin Tojikiston, Qozog‘iston, Armaniston va boshqa postsovet mamlakatlari egallagan», deyiladi maqolada.

Rossiya rasmiylarining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yildan 2020 yilgacha qariyb 1 million ukrainalik fuqarolik olgan. Ular orasida bosib olingan Donbass aholisi ham bor. Ammo bosqindan keyin Rossiya pasportini olishni xohlovchi Ukraina fuqarolari soni keskin kamaygan.

Vaziyat iyul oyida, Vladimir Putin barcha ukrainaliklar uchun bosib olingan hududlarda yashashni tasdiqlovchi hujjatsiz fuqarolikni olishni soddalashtiruvchi farmonni imzolaganidan so‘ng o‘zgargan. 2022 yilning uchinchi choragida Ukraina fuqarolari Rossiya fuqaroligini olish bo‘yicha rekord o‘rnatgan.

Oktabr oyidan boshlab, Rossiya Ukrainaning to‘rt viloyatining rasman anneksiya qilinishini e’lon qilganidan beri, bu hududlarning barcha aholisi avtomatik ravishda Rossiya fuqarosi hisoblanish huquqini oldi. Bu sxema ortidan bir oyda 40 mingga yaqin fuqaro pasport oldi. Ushbu pasportlarning to‘rtdan uch qismi Rostov viloyatida berilgan. Moskva va Moskva viloyatida jami qariyb 2,5 ming kishi pasport oldi, ikki mingga yaqini Sibir va Uzoq Sharq mintaqalarida berilgan.

Shuningdek, oktabr oyida Qrimda Ukraina fuqarolari uchun pasport berish faollashdi — bir oy ichida 30 ming kishi fuqarolik oldi. Ularning muhim qismi aslida pasport olishga majbur bo‘lgan qochqinlardir, chunki Rossiya hujjatlarisiz hech qanday ijtimoiy xizmatlarni olish deyarli mumkin emas.

Umumiy natijalarni sarhisob qilib, maqola mualliflari keng ko‘lamli bosqinning boshidan oktabr oyi oxirigacha, taxminan, 300 ming ukrainalik Rossiya pasportini olgan degan xulosaga keldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Urush boshlanganidan beri 300 mingga yaqin ukrainalik Rossiya pasportini oldi