date
views 1 203

17 yilga qamalgan Janubiy Koreya sobiq prezidenti Li Myon Bak afv etildi

17 yilga qamalgan Janubiy Koreya sobiq prezidenti Li Myon Bak afv etildi
Li Myon Bak
Foto: Reuters

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 2020 yilda sudlanib, 17 yilga qamalgan sobiq davlat rahbari Li Myon Bakni afv etdi, deb xabar bermoqda «Ryonxap» agentligi.

Afv haqidagi qaror 28 dekabr kuni kuchga kiradi. Shu bilan birga, 81 yoshli sobiq prezidentga 2028 yil mayiga qadar davlat lavozimlarini egallash taqiqlanadi.

Li Myon Bak 2008—2013 yillarda prezident bo‘lgan. U mablag‘larni o‘zlashtirib olgani va o‘ta yirik miqdorda pora olgani uchun qamoqqa hukm qilingandi. Shuningdek, unga qariyb 15,7 million dollar jarima to‘lash majburiyati ham yuklangandi.

Undan avvalroq, 2018 yilda ham korrupsiya uchun 15 yillik qamoqqa hukm qilingan edi, biroq o‘shanda uning sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli, garov evaziga ozod etishga qaror qilishgandi.

2021 yil dekabrida Janubiy Koreyaning yana bir sobiq prezidenti Pak Kin Xe afv etilgandi. 2018 yilda Pak Kin Xe davlat sirini oshkor etish, tamagirlik, vakolatini suiiste’mol qilish va pora olishda ayblanib, 24 yil muddatda ozodlikdan mahrum etilgan va unga nisbatan 18 milliard von (o‘sha vaqtdagi kurs bo‘yicha 17,5 million dollar) jarima belgilangan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 17 yilga qamalgan Janubiy Koreya sobiq prezidenti Li Myon Bak afv etildi