
Foto: Hannibal Hanschke / EPA / Scanpix / LETA
Donetsk oblastining Rossiya nazoratidagi Makeyevka shahrida kamida 63 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgani rasman tasdiqlandi. Rossiyalik harbiy muxbirlar esa qurbonlar soni ko‘proqligi va ularning bari safarbar qilinganlar bo‘lganini aytishmoqda.
1 yanvarga o‘tar kechasi Donetsk oblastining Rossiya anneksiyasi ostida bo‘lgan Makeyevka shahridagi 19-sonli kasb-hunar maktabi binosiga raketa zarbalari yo‘llandi. Ukraina qurolli kuchlari strategik kommunikatsiyalar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, binoga safarbar qilingan rossiyaliklar joylashgandi, zarbalar oqibatida 400 ga yaqin kishi halok bo‘lib, yana 300 kishi yaralangan.
Anneksiya qilingan «DXR» rasmiylari zarbadan keyin TASS nashriga, Makeyevka o‘qqa tutilishi oqibatida, dastlabki xabarlarga ko‘ra 15 dan ortiq kishi jarohat olganini aytishgandi.
2 yanvar kuni kunduzi Rossiya mudofaa vazirligi har kungi brifing vaqtida rossiyalik harbiy xizmatchilarning vaqtincha joylashuvi punktiga zarbalar kelganini tasdiqladi. Vazirlikka ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari «HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan oltita snaryad uchirgan». «Fugasli to‘rtta raketa portlashi oqibatida 63 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, HIMARS'ning ikkita reaktiv snaryadi urib tushirildi», deyiladi xabarda.
«Agentstvo» nashri RF mudofaa vazirligi bungacha bitta zarba oqibatida berilgan yirik yo‘qotishlarni tan olmaganiga e’tibor qaratgan; Kreml ta’siridagi «Romanov Layt» telegram-kanali yo‘qotishlar 200 kishini tashkil etishini yozgan, lekin ularning qanchasini yaradorlar, qanchasini halok bo‘lganlar tashkil etishiga aniqlik kiritmagan. Harbiy muxbir («voyenkor») Aleksandr Kos o‘z telegram-kanalida Makeyevkadagi kasb-hunar maktabi binosi o‘qqa tutilishi oqibatida yarador bo‘lganlar soni qurbon bo‘lganlar sonidan ko‘p ekanini aytgan.
«Ribar» telegram-kanali (uni RF mudofaa vazirligi matbuot xizmatining sobiq xodimi Mixail Zvinchuk ochgan) tasdiqlashicha, qurbon bo‘lganlarning barchasi safarbar qilinganlar bo‘lgan, binoda 14444-polk joylashtirilgandi, binoda jami 600 kishi bo‘lgan. «Operativnie svodki» telegram-kanali manbalariga ko‘ra, zarbadan keyin 78 kishi halok bo‘lib, 136 kishi yaralangan. Shu telegram-kanalning yozishicha, zarbani nishonga yo‘naltirishda mahalliy aholi vakillari ishtirok etgan, ammo Rossiya tomoni ham, Ukraina tomoni ham bu haqda izoh bermagan.
Keyinroq Samara oblasti gubernatori Dmitriy Azarov Makeyevkadagi zarba bo‘yicha izoh berib, qurbonlar orasida samaraliklar borligini tasdiqladi:
«Biznikilar ham dushman zarbasi ostida qolgan. Yaradorlar bor, afsuski, qurbonlar ham. Ayni vaqtda ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda. Hozirda ko‘pchilik o‘z yaqinlari haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun tashvishlanishini tushunaman. Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab tekshirilmagan, feyk ma’lumotlar tarqalmoqda. <…> Mudofaa vazirligi, barcha xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibman. Yaradorlarni da’volash uchun barcha zarur yordamlarni ko‘rsatamiz. Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilasi bizning barcha tomonlama yordamimizga tayanishi mumkin».
«Ribar» telegram-kanaliga ko‘ra, bino hududida o‘q-dori ombori ham joylashtirilgan, raketa kelib tushgach detonatis hodisasi yanada halokatli oqibatlarga sabab bo‘lgan.
Anneksiya qilingan «DXR» «axborot vaziri o‘rinbosari» Daniil Bezsonov harbiy xizmatchilarni turli obyektlar bo‘ylab tarqatmasdan, bitta binoga joylashtirgan qo‘mondonlikni javobgarlikka tortishga chaqirgan. Rossiyalik harbiylar dislokatsiyasi «Z-kanallar» mualliflarining ham g‘azabini keltirgan: VGTRK reportyori Aleksandr Sladkov, Kreml ta’siridagi harbiy bloger Boris Rojin (Colonelcassad taxallusi bilan tanilgan), Moskva shahar dumasi vitse-spikeri Andrey Medvedev va «Ribar» mualliflari shular jumlasidan.
«DXR» huquq-tartibot organlaridagi manbalar TASS bilan suhbatda kasb-hunar maktabi binosiga zarba berilishi «Makeyevkadagi harbiy xizmatchilar telefondan faol foydalanishi» oqibatida sodir bo‘lgan. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerga kelgan harbiy xizmatchilar mobil telefonlardan faol foydalanishi HIMARS tomonidan zarbalar berilishiga olib kelgan. Dushman ECHELON razvedka kompleksi orqali abonentlarning telefon aloqalari faollashuvi va joyni aniqlagan», — deya suhbatdoshning so‘zlarini keltiradi TASS.
«7×7» Makeyevkadagi harbiy xizmatchilarning qarindoshlari bilan bog‘langan. Harbiylardan birining rafiqasi yaradorlarni «Rostov oblastidagi hospitalga ham olib ketishgan». «Boshqa yigitlar ham qo‘ng‘iroq qilishdi, ular u yerda kiyimsiz qolishgan. Omon qolganlar ham og‘ir ahvolda. Hech narsa yo‘q: zarur buyumlar ham, dori-darmon ham, pul ham, oziq-ovqat ham», — degan u.
Saratovdan safarbar qilinganlarning qarindoshlari 2 yanvar kuni gubernator Roman Busargindan «vaziyat bo‘yicha haqiqat»ni aytishni talab qilishdi. Avvalroq «Romanov Layt» telegram-kanali mualliflari binoda Saratov oblastidan safarbar qilinganlar ham bo‘lgani haqida xabar tarqatgandi. Keyinroq «Tvoi geroi, Saratov ZOV» telegram-kanalida, uni Saratov oblasti dumasi deputati Aleksandr Yanklovich yuritadi, «Makeyevkaga haymars orqali zarba berilishi oqibatida halok bo‘lgan va yaralanganlar orasida Saratov oblastidan safarbar qilinganlar va ko‘ngillilar yo‘qligi» haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Roman Busarginning matbuot xizmati Makeyevkadagi holat bo‘yicha izoh bermagan.
Kun oxiriga kelib Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi Makeyevkaga zarba berilganini tasdiqladi, xabarda 31 dekabr kuni bu hududda turli turdagi o‘ntacha harbiy texnikalar yakson etilgani va shikastlangani aytilgan. «Shaxsiy tarkib bo‘yicha yo‘qotishlarga aniqlik kiritilmoqda», — deyiladi Bosh shtab xabarida.

Foto: Nikolay Trishin / TASS
Bu Rossiya armiyasida bir vaqtning o‘zida berilgan eng yirik yo‘qotishmi?
Rossiya harbiy qo‘mondonligi urushdagi yo‘qotishlar haqida faqat ikki bor xabar bergan - 2022 yil mart oyi boshida va sentyabr oyi oxirida. Vazirlik qolgan barcha holatlarda o‘z harbiylari halokati tafsilotlari bo‘yicha qo‘shimcha raqamlarni taqdim etmagan.
Shunga qaramay, Rossiya harbiylari orasida bir vaqtning o‘zida berilgan yirik yo‘qotishlar bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar mavjud.
«Gostomel» aeroporti uchun jang. Kamida 27 qurbon
Rossiyaning Ukrainaga bosqinining ilk kunida desantchilar Kiyev yaqinidagi «Gostomel» aeroportiga tashlanadi. Bu amaliyot chog‘ida halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarning aniq soni ma’lum emas.
Lekin hujum qilgan tomon ilk kuniyoq jiddiy yo‘qotishlarga uchragan.
BBC o‘rgangan ma’lumotlarga ko‘ra, Gostomelda rossiyalik desantchilar 6 mart kuni ham yirik yo‘qotishga uchragan - o‘shanda kamida 27 askar va zobitlar halok bo‘lishgan. Ularning aksari harbiy desant kuchlarining 31-brigadasida xizmat qilishardi.
Shu kungi qurbonlarning haqiqiy soni yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki nashr faqat ochiq manbalardagi ma’lumotlarga tayangan. Rossiya mudofaa vazirligi Gostomel shturmi chog‘ida qurbon bo‘lganlar haqida ma’lumot bermagan.
«Moskva» kreyseri cho‘kib ketishi. Kamida 22 qurbon
13 apreldan 14 aprelga o‘tar kechasi ukrain harbiylari Qora dengizdagi «Moskva» raketali kreyserini o‘qqa tutishadi. Jiddiy shikastlangan kema cho‘kib ketadi. Bu vaqtda bortda qancha odam bo‘lgani va qancha dengizchi halok bo‘lgani to‘g‘risida ishonchli ma’lumot yo‘q.
Rossiya mudofaa vazirligi avvaliga Rossiya Qora dengiz floti flagmani «shtorm to‘lqini sharoitlarida» Sevastopol portiga shatakchi kema orqali olib ketilayotganini ma’lum qilib, bir kishi halok bo‘lganini tan olgandi. 27 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan.
Ochiq ma’lumotlar asosida vaziyatni o‘rgangan BBC, «Mediazona» va ko‘ngillilar «Moskva» ekipaji a’zolaridan kreyser cho‘kishi oqibatida halok bo‘lgan 22 kishi o‘limini tasdiqlashgan.
«Meduza» o‘z manbasiga asoslangan holda raketa zarbasi va kreyser cho‘kishi oqibatida 37 harbiy halok bo‘lgani haqida xabar bergan.

Foto: RIA Novosti
Noyabr oyida Rossiya sudi «Moskva» kreyseri cho‘kishi oqibatida 17 nafar dengizchi halok bo‘lganini tasdiqladi, ammo bu hodisani Ukrainadagi urush bilan bog‘lamadi. Bunga qadar ushbu dengizchilar «bedarak yo‘qolganlar» qatorida sanalardi.
Moshchun qishlog‘i uchun jang. Kamida 21 qurbon
Martning ilk kunlarida Rossiya armiyasi bir necha yo‘nalishlar bo‘ylab Kiyevga hujum qilgandi. Eng qonli janglardan biri Bucha rayonining Moshchun qishlog‘i uchun bo‘lib o‘tadi.
6 mart kuni dengiz piyodalari askarlari va zobitlari ushbu aholi yashash manzilini egallash uchun kechgan jangda jami 21 kishini yo‘qotadi. Qurbonlarning aksari 155-dengiz piyodalari brigadasida xizmat qilgan.
Rossiya mudofaa vazirligi bu jangdagi yo‘qotishlar to‘g‘risida xabar bermagan.

«Merkuriy» bazasi o‘qqa tutilishi. Kamida 18 qurbon
19 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlari Rosgvardiyaning «Merkuriy» dala otryadi joylashgan binoga zarba beradi.
Ukrainalik jurnalistlar 18 qurbon haqida xabar berishgan, Rossiya tomonidan rasmiy xabar bo‘lmagan. Ammo qurbonlarning yaqinlari ham xuddi shu raqamni tasdiqlashgan. Yana o‘nlab kishilar yaralangan.
O‘shanda BBC «Merkuriy» maxsus topshiriqli bo‘linmasi a’zolari bo‘lgan 10 kishi familiyasini aniqlagandi.
Rossiya mudofaa vazirligi bu zarba haqidagi ma’lumotni hech qachon tasdiqlamadi.
Frontdan ma’lumotlar yetarlicha emasligi sharoitida Makeyevkadagi kasb-hunar maktabi o‘qqa tutilishi oqibatlari Rossiya armiyasining bir vaqtning o‘zida berilgan eng yirik yo‘qotishi bo‘lgani haqida ishonch bilan aytish qiyin. Ammo shunisi aniqki, bu Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan tan olingan eng yirik bir vaqtdagi yo‘qotish bo‘ldi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar