17:43 / 17.01.2023
370

Dneprga raketa zarbasi: 44 kishi halok bo‘ldi, 70 dan ortiq kishi yaralandi

Dneprga raketa zarbasi: 44 kishi halok bo‘ldi, 70 dan ortiq kishi yaralandi
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaliklarning Dneprga yo‘llagan raketa zarbasi oqibatida 44 kishi halok bo‘lgan. 14 yanvar kuni amalga oshirilgan hujum tufayli to‘qqiz qavatli uyning ikkita pod’ezdi qulab tushgan.

16 yanvar kuni Ukraina IIV 36 kishi halok bo‘lgani (jumladan ikki bola ham), yana 75 kishi jabrlangani (ulardan 15 nafari bolalar) haqida ma’lumot berdi. 39 kishi qutqarilgan, shundan olti nafari bolalar. Yana 30 ga yaqin kishi taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Dnepropetrovsk oblasti kengashi raisi Nikolay Lukashukning ma’lum qilishicha, uyda 72 kvartira vayron bo‘lgan, yana 230 tasi shikastlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 16 yanvar kuniga kelib voqea joyidan 7,4 ming tonnadan ortiq vayron bo‘lgan konstruksiyalar olib chiqilgan. Qutqaruvchilar odamlarni qidirish ishlarini davom ettirishgan, qidiruv-qutqaruv ishlariga 500 dan ortiq kishi va 140 dona texnika jalb etilgan.

Volodimir Zelenskiy Dneprga zarbadan keyin rossiyaliklarga murojaat qildi. Urushning 326-kuni yakunlari bo‘yicha 15 yanvar kuni kechqurun qilingan videomurojaatda Ukraina prezidenti ukrain tilidan rus tilida gapirishga o‘tgan va rossiyaliklarning «qo‘rqoqlarcha sukut saqlayotgani» haqida gapirgan.

«Rossiyadagi — va Rossiyadan bo‘lganlarning barchasiga qarata aytmoqchiman, — endi ham bu terrorni qoralash uchun bir necha og‘iz so‘z aytolmaganlarga. Holbuki ular barchasini ko‘rib va bilib turishibdi. Sizning qo‘rqoqlarcha jimlik saqlashingiz, bo‘layotgan voqealarning o‘tishini poylab turishga urinishingiz oqibatida bu terrorchilar bir kun kelib sizning ham izingizdan tushadi. Yovuzlik qo‘rqoqlikka juda sezgir, yovuzlik undan qo‘rqqanlarni va savdolashishga harakat qilganlarni doimo yodda tutadi. Va sizning oldingizga kelganda esa himoya qiladigan hech kim bo‘lmaydi», — degan Zelenskiy.

Rossiya Dneprdagi turar joyga zarbaga aloqadorligini rad etmoqda. RF mudofaa vazirligi vakili Igor Konashenkov 15 yanvar kungi brifingda Ukraina bo‘ylab berilgan yoppa zarbalarni izohlar ekan, Dneprni tilga olmadi. «14 yanvar kuni Ukraina harbiy boshqaruv tizimiga va u bilan aloqador energetika obyektlariga zarbalar yo‘llandi. Barcha belgilangan obyektlar aniq nishonga olindi. Zarbalardan ko‘zlangan maqsadga erishildi», — degan Konashenkov tafsilotlarni keltirmagan holda.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 16 yanvar kungi brifingda Rossiya qurolli kuchlari aholi turar joylariga emas, «ochiq yoki maskirovka qilingan harbiy nishonlar»ga zarba berishini aytdi. «Siz o‘zingiz Ukraina tomonining ayrim vakillari xulosalarini ko‘rdingiz, ularda bu fojia qarshi raketa va havo hujumidan mudofaa tizimi harakatlari oqibati ekani aytilgan», — deya Dmitriy Peskovning so‘zlarini keltirgan «Interfaks».

Aftidan, Kremldagilar nomini aytmasdan Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovichning so‘zlarini nazarda tutmoqda. U 14 yanvar kuni rossiyaliklarning tovush tezligidagi X-22 rusumli qanotli raketasi Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgan va shundan keyin u Dneprdagi uyga qulagan bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Bu bayonot Rossiyaning ko‘plab nashrlari tomonidan tarqatildi, lekin bu xabarlarda faqat Arestovichdan iqtibos keltirilgan bo‘lib, ko‘p sonli qurbonlar va jabrlanganlar to‘g‘risida eslab o‘tilmagan. Ukraina qurolli kuchlari Havo kuchlari esa Rossiyaning bosqini davrida biror marta X-22 raketasi urib tushirilmaganini ma’lum qildi. Arestovichning o‘zi avvaliga noaniq formulirovkaga yo‘l qo‘yganini tan oldi, keyin esa iste’foga chiqish uchun ariza yozganini ma’lum qildi.

Dneprga zarba — Ukrainada so‘nggi yarim yillikda tinch obyektga qilingan eng halokatli hujum bo‘ldi — oxirgi bor 2022 yil 9 iyulida Rossiya kuchlari Donetsk oblastining Chasiv Yar shahridagi ko‘p qavatli binoga zarba berganida bu qadar ko‘p o‘limlar ro‘y bergandi. O‘shanda besh qavatli uyning ikki pod’ezdi to‘liq qulagan, yana bir besh qavatli uy shikastlangandi. O‘shanda jami 48 kishi halok bo‘lgan, jumladan bir chaqaloq ham, yana kamida 24 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. RF mudofaa vazirligi Chasiv Yardagi hodisani izohlar ekan, «zarba natijasida uch yuzdan ortiq natsionalist o‘ldirilgani»ni ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo