19:53 / 18.01.2023
707

Yangi avlod odami. Ukraina uchun Monastirskiyning halokati nimani anglatadi?

Yangi avlod odami. Ukraina uchun Monastirskiyning halokati nimani anglatadi?
2021 yil yozida Denis Monastirskiy Ukraina IIV rahbari lavozimida og‘ir vaznli siyosatchi Arsen Avakovni almashtirishini prezident Volodimir Zelenskiyning o‘ziga xos va juda xarakterli tayinlovi bo‘lgan deyish mumkin.

Monastirskiy o‘shanda yosh (tayinlov vaqtida 41 yoshda edi), huquq sohasida layoqatli (yuridik fanlar nomzodi) bo‘lgan, ammo Ukrainaning islohotdan oldingi huquq-tartibot tizimida hech qachon ishlamagan va siyosiy tajribaga ega bo‘lmagan.

Aytish mumkinki, Monastirskiy kabi odamlar prezident Zelenskiy qurishni rejalashtirgan mamlakatda katta istiqbolga ega edi.

Monastirskiy figurasi Ukraina hokimiyat tizimida, ayniqsa katta urush boshlanganidan keyingi davrda qanchalik tizimli bo‘lgani bahsli masala. Shunisi aniqki, o‘zidan avvalgi vazir, boshqaruv uslubi barcha hokimiyat vakolatlarini o‘z qo‘lida to‘plashni nazarda tutgan Avakovdan farqli o‘laroq, Monastirskiy lavozimdagi ilk kunidanoq uning idorasi qanoti ostidagi chegarachilar, favqulodda vaziyatlar xizmatlari va Milliy gvardiyaga maksimal darajada avtonomiya beradi.

U o‘z misolida yangi hukumatning IIVga yondashuvi qanchalik o‘zgarganini ko‘rsatib beradi: vazir shaxsan maktabda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha dars o‘tadi yoki mamlakatda qurolning erkin aylanmasini targ‘ib qiladi - bu oldingi avlod huquq-tartibot organlari vakillari uchun aqlga sig‘maydigan ishlar edi.

Denis Monastirskiy o‘z misolida yangi hukumatning IIVga bo‘lgan yondashuvi o‘zgarganini ko‘rsatib bergandi. Foto: UKRІNFORM
Qolaversa, Monastirskiy Washington Post uchun intervyusida eslaganidek, 24 fevralga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgani haqida Zelenskiyga aynan u xabar bergan.

Bugun tongda Monastirskiy o‘z jamoasi bilan Kiyevdan komandirovkaga jo‘nab ketgandi - bu haqda faqat vazir Ukraina xaritasidagi «qaynoq nuqta»lardan biriga jo‘nab ketgani ma’lum.

Denis Monastirskiyning birinchi o‘rinbosari va tengdoshi, vertolyotda uning yonida bo‘lgan Yevgeniy Yenin esa o‘z rahbaridan farqli o‘laroq davlat xizmatida favqulodda katta tajribaga ega bo‘lgan.

Ukraina xavfsizlik xizmati akademiyasi bitiruvchisi bo‘lgan Yenin o‘n yildan ortiq vaqt davomida diplomatlik qiladi, keyin uch yil davomida bosh prokurorga o‘rinbosarlik qilib, xalqaro hamkorlik masalalariga mas’ul bo‘ladi. Kiyevning Moskvaga qarshi xalqaro sud jarayonlari - Rossiya bosqinidan Ukrainaga yetkazilgan zarardan tortib, masalan, «skiflar oltini»ni qaytarishgacha bo‘lgan da’volargacha - uning sa’y-harakatlari bilan bo‘ladi.

Denis Monastirskiy jamoasida ham Yenin boshqa mamlakatlarning kuchishlatar idoralari bilan hamkorlik uchun javobgar edi.

Denis Monastirskiy 17 yanvar kuni Dniprodagi hodisa bo‘yicha prezidentga hisob bermoqda. Bu uning so‘nggi surati. Uning o‘limi - prezident Volodimir Zelenskiy jamoasi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.
Ukraina IIV rahbariyatini hayotdan olib ketgan falokat Ukrainani shokka tushirdi: vertolyot Kiyevga yo‘ldosh shahar bo‘lgan Brovari markazidagi bolalar bog‘chasi hududiga quladi va bino seksiyalaridan birini vayron qildi.

Tergovchilar vertolyot halokati bo‘yicha uch versiyani ko‘rib chiqmoqda. Ukraina xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, bular parvoz qoidalari buzilishi, vertolyot texnik nosozligi yoki havo kemasini yo‘q qilishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakat. Ukraina prezidenti ofisi Brovarida vertolyot parvoziga guvoh bo‘lganlarning barchasini politsiyaga murojaat qilishga chaqirgan.

Shu bilan birga, Ukraina hukumati vakillari dastlabki izohlaridayoq shuni qayd etishgan: IIVning barcha bo‘linmalari shtat rejimida ishlashda davom etmoqda, fojia idora faoliyatini muvofiqlashtirish va izchillikka ta’sir ko‘rsatmaydi.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigalning ma’lum qilishicha, endilikda Ukraina Milliy politsiyasi boshlig‘i Igor Klimenko Monastirskiy o‘rniga IIVning yangi rahbariga aylanadi.

Klimenko 1998 yildan buyon vazirlik tizimida ishlab keladi. U faoliyatini Xarkiv oblastida psixolog lavozimida boshlagan. 2019 yilda Milliy politsiya boshlig‘i etib tayinlangandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo