date
views 306

Lavrov G‘arbni Rossiyaning Ukrainadagi keng ko‘lamli agressiyasida aybladi

Lavrov G‘arbni Rossiyaning Ukrainadagi keng ko‘lamli agressiyasida aybladi
Foto: kremlin.ru
Hitler «yahudiylar masalasi»ni hal qilishga uringanidek, Yevropa Ittifoqi va AQSH «Rossiya masalasi»ni o‘z oldiga qo‘ydi», dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrov. Unga ko‘ra, G‘arb Ukrainaga qarshi urushda Rossiyaning strategik mag‘lubiyatiga erishmoqchi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 18 yanvar, chorshanba kuni 2022 yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘zga chiqib, Ukrainadagi urushda umuman G‘arbni, xususan, AQSHni aybdor deb atadi. 2022 yil 24 fevralda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning buyrug‘i bilan boshlangan Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi, Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbning Rossiyaga qarshi boshlagan gibrid urushiga javob bo‘ldi. Rossiyalik vazir «SVO» deb nomlashda davom etayotgan Rossiya agressiyasining maqsadlari Moskvaning asosiy manfaatlari bilan belgilanadi, deydi u.

Lavrov haqiqatda Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va AQSH tomonidan Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlanishini Xolokost bilan solishtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Hitler o‘tgan asrning o‘rtalarida «yahudiylar masalasi»ni hal qilishga uringan bo‘lsa, endilikda amerikalik va yevropalik siyosatchilar «rus masalasi»ni ko‘tarib, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushdagi strategik mag‘lubiyati va «dekolonizatsiyasi» haqida gapirmoqda.

Shunisi e’tiborga loyiqki, Rossiya TIV rahbari G‘arb haqida gapirib, Hitler va yahudiylar bilan birinchi marta taqqoslamayapti. O‘tgan yilning may oyida Lavrov o‘z chiqishida Hitlerda «yahudiy qoni» bo‘lganini aytganidan keyin Putin Isroil rasmiylaridan uzr so‘ragan edi.

Rossiya tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, «G‘arb Ukrainadan Yevroatlantika mintaqasida uzoq yillardan beri mavjud bo‘lgan va konsensus, xavfsizlikning bo‘linmasligi tamoyillariga asoslangan xavfsizlik tizimini yo‘q qilish uchun foydalanmoqda». Shuning uchun, Lavrov ta’kidlaganidek, «G‘arb bilan faqat Ukraina haqida gaplashish ma’nosiz».

Yevropa Ittifoqi va AQSHning Ukrainaga hujum qilgani uchun Rossiyaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari «Rossiya xalqini inqilob qilishga majburlash uchun e’lon qilingan», dedi Lavrov. Uning fikricha, bu sanksiyalar bilan AQSH «ustunlikni saqlab qolish» va «ko‘p qutbli dunyo shakllanishini to‘xtatish»ga harakat qilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lavrov G‘arbni Rossiyaning Ukrainadagi keng ko‘lamli agressiyasida aybladi