
Foto: Anatoliy Jdanov / Kommersant' / Sipa USA / Vida Press
Rossiyaning Xabarovsk oʻlkasi sobiq gubernatori Sergey Furgal 2000-yillar boshidagi qotillikni tashkil etishda aybdor deb topilib, 22 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Furgal 2020 yilda qoʻlga olingan va bu voqea ortidan oʻlkada boshlangan ommaviy namoyishlar bir necha oy davom etgandi.
Prokuror Furgal uchun 23 yillik qamoq jazosi soʻragandi, sud esa hukmda bir yil kamroq jazo berdi. Xabarovskning sobiq rahbari sudda aybiga iqror boʻlmadi va bu hukmni uyatli deb atadi.
2000-yillardagi qotillikda ayblov
Furgal ustidan sud ishi Moskva oblastidagi Liberets rayon sudida koʻrib chiqildi va aynan shu erda hukm oʻqildi. 2 fevral kuni sudyalar hay'ati Furgalni tadbirkor Aleksandr Smolskiyga suiqasdda aybdor deb topdi. Shuningdek, sobiq gubernator boshqa tadbirkorlar Evgeniy Zori va Oleg Bulatovga nisbatan qotillikni tashkil etishda ham aybdor deb topildi. Ayblovga koʻra, 2000-yillarda Furgal bu tadbirkorlar bilan biznes olamida raqobatlashgan.
«Balki bolalarimiz odil sudlovni koʻrar...»
Har uch holat boʻyicha sudyalar Furgalga berilgan jazoni engillatish imkoni yoʻqligini bildirgan. Oʻz ustidan chiqarilgan hukmni eshitgan Furgal esa qafasda turib sudyalar uchun u uyalayotganini aytdi.
Furgal ikki yildan buyon oʻziga nisbatan ayblovlarni uyushtirilgan va siyosiylashtirilgan deb aytib keladi. Hukm oʻqilgan sud majlisida ham u aybini tan olmadi. «Mening aybim shunchaki tizimni yaxshilashga intilganim», dedi soʻngsoʻz oʻrnida sobiq gubernator.
U sud jarayonida oʻziga chiqarilgan hukmni «adolatning butkul oʻlishi» deb atadi. «Bu adolatning butkul oʻlishi boʻlsa, nimanidir muhokama qilish mumkinmi? Shunchaki ijobiy nimadir paydo boʻlishini kutishga majburmiz. Balki bolalarimiz, balki nabiralarimiz odil sudlovni koʻrar», deya Furgalning soʻzlarini keltirgan «Furgal shtabi» Telegram-kanali.
Oʻta ogʻir jinoyatda ayblov
Sudyalar hukm chiqarilgach, Furgaldan hukm tushunarlimi, deb soʻrashdi. «Oʻrtoq sudya, hukm-ku tushunardi, faqat bir narsani tushunmayapman: bunday qaror chiqarganingiz uchun uyalmayapsizmi?» degan Furgal.
Furgal ayblanayotgan jinoyatlar Rossiyada oʻta ogʻir jinoyatlar hisoblanadi va bunday jinoyatlar uchun bir umrlik qamoq jazosi soʻraladi. Ammo jinoiy javobgarlikka tortish muddati 15 yildan oʻtib ketgani uchun prokuror unga bir umrlik qamoq soʻray olmasdi. Shu bois 23 yil jazo soʻradi va sud 22 yilga hukm chiqardi.
Furgal ishi boʻyicha qolgan aybdorlar Marat Qodirov, Andrey Paley va Andrey Karepov ham uzoq muddatlarga qamaldi.

Marat Qodirov. 2020 yil. Foto: Anton Novoderejkin / TASS
Karepov 21 yil, Paley 17 yil, Qodirov 9,5 yil oldi. Ularning barchasi jazoni qattiq tartibli koloniyada oʻtashi belgilandi. Ular ham oʻz aybiga iqror boʻlmagan. Sergey Furgalning himoyasi sud hukmidan arz qilib, oqlovga erishmoqchi.

Sergey Furgal va Andrey Karepov. 2022 yil
Anatoliy Jdanov / Kommersant' / Sipa USA / Vida Press
Furgal nimada ayblangandi?
Ayblovda Xabarovsk oblasti sobiq gubernatori Sergey Furgal 2004-2005-yillarda tadbirkorlar Evgeniy Zori va Oleg Bulatovni oʻldirgan va yana bir tadbirkor Aleksandr Smolskiyga suiqasd uyushtirgan jinoiy guruh rahbari ekani aytilgan. Tergov goʻyoki Furgal bu jinoyatlarni oʻz tijoriy manfaatlari uchun amalga oshirganini isbotlagan.
Tergovga koʻra, Furgal tijoriy hamkori Nikolay Mistryukov bilan birgalikda metallom qabul qilish punktlariga egalik qilgan va ularga raqobatchi boʻlgan tadbirkor Aleksandr Smolskiyni yoʻqotmoqchi boʻlgan. Tergov xulosasiga koʻra, Smolskiy boʻlgan garajga hujum qilingan vaqtda uning oʻzi ham ichkarida boʻlgan. Garajga ikkita granata tashlangan. Bitta granata darvoza oldida portlagan, ikkinchisi esa garaj ichiga tushib portlamagan. Shu sabab Smolskiy tirik qolgan. Tergovga koʻra, bu voqeadan keyin Smolskiy metall sotib olish narxini pasaytirgan.
Tergov xulosasida aytilishicha, keyinchalik Furgal va sherigi Mistryukov temirbeton zavodini qoʻlga kiritgan tadbirkor Evgeniy Zorini uzoq davom etgan suddagi kelishmovchilikdan keyin oʻldirtirishadi. «Jabrlanuvchi tortishuvli ob'ekt boʻyicha sud hukmi oʻqilishidan bir kun avval otib ketiladi. Bu qotillikni jinoiy guruh a'zolaridan biri Paley tashkillashtiradi. U ham hozirda qamoqqa olingan», deyiladi xulosada.

Andrey Paley sudda. 2020 yil. Foto: Sergey Kiselev / Agentstvo «Moskva»
2004 yilda Furgal, Mistryukov va sobiq gubernatorning yana bir hamkori Oleg Bulatov Zorining oʻlimidan keyin ochilgan jinoiy ish doirasida qoʻlga olinadi. Lekin etarli isbot topilmagani uchun ish yopiladi.
Tergovga koʻra, sobiq militsiya xodimi boʻlgan Bulatov ham sheriklari Zorini oʻldirishni tashkil qilishda gumonlanganini aytadi. Uning «gullab qoʻyishi»dan qoʻrqqan Furgal va Mistryukov esa Bulatovni oʻldirishni yana Paleyga buyurishadi.
Bulatov uyi oldida otib ketiladi. Uni hali tirikligida voyaga etmagan qizi koʻrib qoladi, ammo olgan jarohati sabab voqea joyida halok boʻladi.
«Xalq gubernatori»
Sergey Furgal Rossiyadagi kam sonli chinakamiga xalq tomonidan saylangan gubernator ekani aytilardi. 2018 yilgi gubernatorlik saylovlarida Furgal Jirinovskiy etakchiligidagi Liberal-demokratlar partiyasidan oʻz nomzodini ilgari surib, Kreml qoʻllayotgan nomzodlarni magʻlub etgan toʻrt gubernatordan biriga aylanadi.

Xabarovsk oʻlkasi gubernatori Sergey Furgal lavozimga kirishish marosimida. Xabarovsk, 2018 yil 8 sentyabr
Dmitriy Morgulis / TASS
2020 yil 9 iyul kuni Furgalni ishga ketayotganida Xabarovskda qoʻlga olib, samolyotda Moskvaga olib ketishadi. Sobiq gubernator oʻshandan buyon «Lefortovo» qamoqxonasida saqlanayotgandi.
Oʻsha vaqtda BBC'ning Rossiya prezidenti administratsiyasidagi manbasi Furgalning qoʻlga olinishiga oʻz ixtiyori bilan gubernatorlikdan ketishni istamaganini sabab qilib keltirgan. Furgalning Xabarovskda obroʻsi baland boʻlgani uchun uning qoʻlga olinishi oʻlkada jiddiy namoyishlarga olib keladi. Dastlabki kunlarda oʻn minglab xabarovskliklar Furgalni qoʻllab namoyishga chiqishdi, keyinchalik norozilik aktsiyalari bir necha oy davom etdi.
Ekspertlar fikricha, Sergey Furgal 2018 yilgi Xabarovsk gubernatorligi uchun saylovda oʻlka rahbariyati bilan kelishgan va yutqazishi aniq boʻlgan «oʻtkinchi nomzod» sifatida qaraladi. «Reja boʻyicha» Furgal oʻlkaning Kreml tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan amaldagi gubernatori Vyacheslav Shportga yutqazib berishi kerak boʻlgan, ammo oxir-oqibat saylovda yutib ketgan.
«Prezidentning odami»
Mutaxassisligi boʻyicha vrach-nevrolog boʻlgan sobiq tadbirkor Sergey Furgal 2007 yildan 2018 yilgacha Rossiya Davlat dumasiga LDPRdan saylangan deputat boʻlgan.
«Prezident administratsiyasi uzoq vaqt u bilan ishlagan. Furgal vazifalarni bajarar va doim prezidentning odami ekanini aytgan», deydi BBC bilan suhbatda Tinch okeani davlat universiteti professori Ildus Yarulin.
Ildus Yarulin Xabarovsk gubernatori qoʻlga olinganda ham VVS bilan suhbatda bu voqealar haqida fikr bildirgandi.
«Bu sabab emas, bahona. Hoynahoy bu haqda «matroslarcha sukut saqlovchilar» koʻrsatma bergandir. Metallni qayta ishlash sohasi kriminalga juda yaqin soha», degan professor. Yarulin Furgal 1990-yillardayoq huquqni muhoqaza qiluvchi organlar nazariga tushganiga ishonmaydi. «Aks holda u qanday qilib uch muddat deputatlikka saylangan?» degandi bu haqda professor.
Furgal va boshqa sudlanuvchilar oʻz aybini tan olmadi. Ular oʻz ishlarini sudyalar hay'ati koʻrib chiqishini soʻrashdi. Faqat Mistryukovdan tashqari – u sudgacha kelishuv imzolab, tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Mistryukov boshqa ayblanuvchilarga qarshi koʻrsatma bergach, uning ishi alohida koʻriladigan boʻldi.

Nikolay Mistryukov Basman sudida. 2020 yil
Kirill Zikov / Agentstvo «Moskva»
Furgal sudda sobiq hamkori Mistryukov oʻziga va boshqalarga tuhmat qilib ozod boʻlmoqchi ekanini aytdi.
«Mamlakatning sharmandali holatini koʻrib qoʻyishsin»
LDPR partiyasining vafot etgan sobiq rahbari Vladimir Jirinovskiy Furgalning qoʻlga olinishi sabab liberallar partiyasi dumadan ketishi bilan tahdid qilgandi.
«Agar chindan 2004-2005 yilda u qandaydir jinoyat qilgan ekan, 15 yil nimani kutdingiz? Uning qoʻlga olinishi ham notoʻgʻri holda amalga oshirildi. U jinoyatchi emas, gubernator. U hech qaerga qochib ketayotgani yoʻq-ku?! Banditlar bilan shunaqa munosabatda boʻlishadi. Furgalni hech qachon partiya safidan chiqarmaymiz. Bu bizga berilgan zarba boʻldi. Xabarovsklik saylovchilar Furgal oʻlka tarixidagi eng zoʻr gubernator boʻlganini koʻrishsin.
Oʻylaymanki, gubernatorimizning qoʻlga olinishiga barcha partiyadoshlarimiz munosabat bildirishadi. Kerak boʻlsa, LDPR dumadan chiqib ketadi, odamlar mamlakatdagi sharmandali ahvolni koʻrib qoʻyishsin», degandi u.
Qamalgan gubernatorlar
Soʻnggi 10 yil davomida Rossiyada koʻplab gubernatorlar qamalgan. Tula oblastining sobiq rahbari Vyacheslav Dudka, Bryansk rahbari Nikolay Denin, Saxalin gubernatori Aleksandr Xoroshavin, Komi Respublikasi sobiq rahbari Vyacheslav Gayzer va Kirov oblasti sobiq rahbari Nikita Belix shular jumlasidan. Yana koʻplab gubernatorlar hukmlarini kutishmoqda, Chelyabinsk sobiq gubernatori Boris Dubrovskiy esa tergovdan qochib yuribdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar