
Turkiyadagi mehmonxonada Rossiya va Ukraina klublari futbolchilari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv bo‘lib o‘tdi.
Baza telegram kanali xabariga ko‘ra, Antaliyada joylashgan “Royal Seginus” mehmonxonasida Rossiyaning "Shinnik" va Ukrainaning "Minay" futbolchilari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘lgan.
Aytilishicha, mojaro 13 fevral oqshomida “Minay”ning bir necha vakillari Yaroslavl klubi rahbariga yaqinlashib, undan Ukraina madhiyasini kuylashni talab qilgan paytda boshlangan. U ukrainaliklarga buni ko‘chada hal qilishni taklif qildi, biroq mehmonxona xodimlari ushbu mojaroni hal qilishga muvaffaq bo‘lishdi.
Biroz vaqt o‘tgach, Ukraina klubining bir necha o‘yinchisi Shinnik futbolchisini liftda kaltaklagan. Lift polga yetib kelganida, uni bir guruh rossiyalik futbolchilar kutib olishgan va futbolchilar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv kelib chiqqan. Natijadamehmonxona xodimlari politsiya va tez yordam chaqirishga majbur bo‘ldi.
Ukrainalik jurnalist Mixail Spivakovskiy “TaToTake” telegram kanalida mushtlashuv haqidagi xabarni tasdiqladi, biroq ayni paytda Ukraina madhiyasini ijro etish talabi tufayli mojaro kelib chiqmaganini aytdi.
Ukrainaning YouTube'dagi “Bombardir” kanaliga ko‘ra, “Minay” rahbariyati jamoani Rossiya klublari bilan bir mehmonxonaga joylashtirmaslikni talab qilgan, biroq Turkiyadagi zilzila tufayli mehmonxonalar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan. Natijada “Shinnik” “Minay” futbolchilari yashaydigan mehmonxonaga ko‘chib o‘tgan.
Ukraina manbasining qayd etishicha, mojaroga ichki vaziyat sabab bo‘lgan: rossiyalik futbolchi mast holatda bo‘lgan va mehmonxona xodimlariga qo‘pol munosabatda bo‘lgan, “Minay” futbolchisi unga tanbeh bergan, shundan so‘ng ular janjal qilishgan. Keyin “Shinnik” o‘yinchisi jamoadoshlarini chaqirgan, shundan so‘ng ommaviy jang boshlangan.
Hozirda mehmonxonada ikki nafar politsiyachi va qo‘shimcha qo‘riqchilar navbatchilik qilmoqda. Qayd etilishicha, futbolchilar va jamoalar vakillari o‘rtasida hamon yakka tartibdagi to‘qnashuvlar davom etmoqda. Mushtlashuv haqidagi ma’lumotni esa mehmonxonaning o‘zi tasdiqladi.
“Shinnik” klubi rahbariyati bu vaziyatni tekshirib ko‘rishlarini aytdi.
"Hozir biz tergov o‘tkazmoqdamiz, voqea sabablarini aniqlayapmiz", - dedi klub bosh direktori Sergey Kulakov.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar