10:24 / 03.04.2023
339

Isroilda rekord miqdordagi odam norozilik namoyishiga chiqdi

Isroilda rekord miqdordagi odam norozilik namoyishiga chiqdi
Tel-Aviv, Quddus va boshqa shaharlarda sud islohotiga qarshi mitinglar bo‘lib o‘tdi. «Isroil davlatining demokratik xarakterini kafolatlamagunimizcha, biz ko‘chalarda qolishda davom etamiz», degan namoyishchilar.
 
Bosh vazir Benyamin Netanyaxu munozarali sud-huquq islohotini vaqtinchalik to‘xtatganini e’lon qilganiga qaramay, 450 mingdan ortiq odam Isroilda yana namoyishga chiqdi. Mitinglar 1 aprel, shanba kuni Tel-Aviv, Quddus va boshqa shaharlarda bo‘lib o‘tdi, eng yirik aksiyalarda 170 ming kishi qatnashdi, deya xabar beradi DPA nashri.
 
Politsiya bilan alohida to‘qnashuvlar bo‘lib, bir qancha namoyishchilar hibsga olingan. Tel-Aviv politsiyasi namoyishchilarga qarshi suv purkagichlardan foydalangan.
 
Yig‘ilganlarning ba’zilari o‘zlari bilan Isroil bayroqlari va yozuvlari bo‘lgan plakatlarni olib kelishdi, bannerlardan birida  «Demokratiya hukumatdan kuchli» deb yozilgan.
 
28 martdan beri hukmron koalitsiya va muxolifat islohot atrofidagi vaziyatni hal qilish maqsadida muzokaralar olib bormoqda. Shu bilan birga, muxolifatdagi siyosatchilar Netanyaxuning murosaga erishish niyatlari jiddiyligiga ishonmayapti.
 
«Netanyaxuning namoyishchilarni tinchlantirishga urinishi barbod bo‘ldi», — deydi namoyishchilar vakillari. «Bugun tunda 445 mingdan ortiq demokratiya tarafdori Isroil ko‘chalariga chiqdi, bu Isroil tarixidagi eng yirik namoyishlardan biri bo‘ldi. Biz Isroil davlatining demokratik tabiatiga kafolat bermagunimizcha ko‘chalarda qolishda davom etamiz», - deya ta’kidlagan ular.
 
Isroilda ommaviy norozilik namoyishlari yanvar oyi o‘rtalaridan beri davom etmoqda. 27 mart kuni mamlakatda «Milliy falaj haftaligi» e’lon qilindi - sud islohotlariga qarshi bir qator namoyishlar va ish tashlashlar, ularga yetakchi kasalxonalar qo‘shila boshladi. Biroq o‘sha kuni, 27 mart kuni Benyamin Netanyaxu qonun loyihasini «ikkinchi va uchinchi o‘qishni to‘xtatib turishga qaror qilganini» e’lon qildi. Endi u aprel oyining oxiridan kechiktirmay parlamentda ovozga qo‘yilishi mumkin.
 
Sud-huquq islohoti Vazirlar Mahkamasining Oliy sud sudyalarini saylash bo‘yicha vakolatlarini kengaytirish va ushbu sud organining vakolatlarini cheklashi kerak edi. Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, hukumat amalda sudyalarni tayinlash ustidan to‘liq nazoratga ega bo‘lardi. 20 fevral kuni Isroil parlamenti qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.
 
Vashington Isroilda sodir bo‘layotgan voqealardan «juda xavotirda» ekanini ma’lum qilgan. Oq uy Isroil hukumatini ommaviy noroziliklar fonida murosaga kelishga chaqirdi. «Biz Isroil rahbarlarini imkon qadar tezroq murosaga kelishga chaqirishda davom etamiz. Bu Isroil va uning barcha fuqarolari uchun eng yaxshi yo‘l deb hisoblaymiz», deydi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi so‘zlovchisi Adriyen Vatson va AQSH Isroilda xavfsizlik va demokratiyani qo‘llab-quvvatlashi o‘zgarishsiz qolayotganini qo‘shimcha qilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo