![](https://storage.kun.uz/source/9/BW6hSkhuMtd2j2NulPGGtN6Kw5L_rtbV.jpg)
O‘tgan haftada Rossiya tomonidan Baxmutning «yuridik jihatdan egallangani» haqidagi bayonot yangradi, Ukraina hukumati esa Donetsk oblastidagi ushbu shahardan chekinishi mumkinligini istisno etmadi. Ayni vaqtda, xabarlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari qurshovga tushib qolmaslik uchun Avdiyivka va Maryinka shaharlari atrofida qarshi zarbalar bergan.
O‘tgan hafta boshida «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin Baxmut shahar kengashi xarobalari ustida Rossiya bayrog‘i o‘rnatilgani aks etgan videoni e’lon qilgandi. O‘shanda u Baxmut «yuridik jihatdan egallangani»ni aytgandi.
Shunga qaramay, bir necha kun o‘tib Prigojin aniqlik kiritib, ukrain qo‘shini Baxmutdan ketmagani va yaxshi tashkil etilgan mudofaani ushlab turganini aytdi.
Ukrainalik va xorijiy ekspertlar aytishicha, Rossiya kuchlari Baxmutda o‘z taktikasini bir necha bor o‘zgartirgan. Shahar hamon ularning hujum harakatlari markazi bo‘lib qolmoqda, ammo ular endi shaharni o‘rab olishga urinishni bas qilib, e’tiborni aholi yashash kvartallarini jang bilan olishga qaratmoqda.
Rossiya armiyasi va «Vagner» XHK jangchilari Baxmut yo‘nalishining shimoli va janubi-g‘arbida hujumlarni bir necha bor sustlashtirgan, ammo shimoli-g‘arbdan shahar markaziga yorib kirishga katta e’tibor qaratmoqda. Bu tomonda ular Ukraina qurolli kuchlarining mazkur hududdagi muhim logistik markazi hisoblangan Chasiv Yar shaharchasiga yetib borishga harakat qilmoqda.
Hozirda Chasiv Yarga qo‘shni bo‘lgan, 0506-magistral bo‘yida joylashgan Bogdanovka qishlog‘i uchun jang olib borilmoqda. Rossiyaning Z-blogerlari aytishicha, bu yerdagi muvaffaqiyatli harakatlar «Ukraina kommunikatsiyalarini panalab turgan butun qanotni qulatadi». Ukraina QK bosh shtabining so‘nggi bayonotlariga ko‘ra, Ukraina armiyasi hozircha Bogdanovka atrofidagi barcha hujumlarni qaytarmoqda.
Boshqa tomondan, janubda, T0504-trassasi yaqinida rossiyaliklar Belaya Gora va Ivanovskoye qishloqlariga kirishga urinmoqda.
BBC Ukraina xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha ikki qishloq ham Ukraina nazorati ostida qolmoqda. Bu shuni anglatadiki, RF armiyasi yarim qurshov holatida qolgan Baxmutga olib boruvchi yo‘lakni - shaharni Konstantinovka bilan bog‘lovchi trassani, shuningdek Chasiv Yarga olib chiquvchi 0506-trassasini kesib qo‘ya olmagan.
Ammo Rossiya kuchlari Baxmut markazi tomon ilgarilashga erishgan. «Vagner» ta’siridagi telegram-kanallar shaharning markaziy qismida olingan ko‘p sonli fotosuratlarni e’lon qilmoqda.
![](https://storage.kun.uz/source/9/mpw2V5wsf99oT2BeXgRV0EJYgTIddClt.jpg)
Foto: WAR GONZO
Bu haqda Britaniya harbiy razvedkasining hisobotida ham aytilgan. «Rossiya muvaffaqiyatlarini rivojlantirdi va endi, aftidan, shahar markazi tomon yanada siljigan va Baxmutka daryosining g‘arbiy sohilini egallagan. Ukrainaning shahardan g‘arbdagi ta’minot uchun muhim bo‘lgan 0506-yo‘li katta ehtimol bilan jiddiy xavf ostida qolgan», deyilgan razvedka xabarida.
Maxsus xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya bu hududda artilleriyadan foydalanishni kuchaytirgan, muntazam armiya esa «Vagner» otryadlari bilan hamjihatlikda harakatlana boshlagan.
Ukraina qo‘mondonligi Baxmut hududidagi vaziyat og‘irligini tan olmoqda. Ammo Ukraina qurolli kuchlarining ushbu yo‘nalishdagi qo‘mondoni general Oleksandr Sirskiy «dushman zaiflashgan» deb hisoblamoqda.
«Dushman zaiflashmoqda va o‘z muvaffaqiyatsizligini Baxmut egallangani haqidagi yangidan yangi soxta gaplar bilan xaspo‘shlashga urinmoqda», dedi Sirskiy.
Polshaga tashrifi vaqtidagi matbuot anjumanida Baxmutdagi vaziyat yuzasidan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham izoh berdi. U bu yerdagi vaziyatni «juda va juda murakkab» deb atadi.
«Ammo biz Baxmutdamiz va dushman Baxmutni nazorat qilmayapti, bu bugungi kundagi vaziyat, - degan Zelenskiy. - Operativ vaziyat bilan general Sirskiy shug‘ullanmoqda. Albatta, uning uchun ham, men uchun ham asosiysi - shaxsiy tarkibni yo‘qotmaslik. Albatta, agar bundan ham qizg‘in voqealar yuz bersa va qurshov tufayli shaxsiy tarkibni yo‘qotish xavfi yuzaga kelsa, general joyida to‘g‘ri qarorlarni qabul qiladi».
«Seversk bo‘rtig‘i» va Liman yo‘nalishi
Rossiya harbiylarining Baxmut atrofida taktikani o‘zgartirishi butunlay boshqa hududda hujumlarni kuchaytirish maqsadi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Gap «Seversk bo‘rtig‘i» haqida ketmoqda.
Kreminnadan janubda front chizig‘i sharqqa qarab qayriladi - Ukraina Shimoliy Don daryosi bo‘ylab Rossiya armiyasi mudofaasi ichkarisiga kirib boradigan bo‘rtiq hududni nazoratida saqlab qolmoqda, uning markazida Bilohorivka shaharchasi joylashgan.
Rossiyaliklar bosqin boshidan buyon bir necha marta Bilohorivka va undan g‘arbda joylashgan Severskni egallashga urinib ko‘radi, ammo daryoni kechib o‘tishga bo‘lgan barcha urinishlar muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanadi.
Endi bu «bo‘rtiq» rossiyalik harbiylar uchun chinakamiga «tomoqqa tiqilgan suyak» bo‘lmoqda. Gap shundaki, masalan, Bilohorivkadan Rossiya okkupatsiya qilgan Lisichansk va Kreminna shaharlarigacha bo‘lgan masofa atigi 10 kilometrni tashkil etadi.
Aynan ushbu hudud Ukraina qurolli kuchlari uchun Severodonetsk-Lisichansk aglomeratsiyasini qaytarish yoki Kreminna-Svatove trassasini kesib qo‘yishda platsdarm vazifasini o‘tashi mumkin.
Shuning uchun Rossiya qo‘mondonligi ushbu «bo‘rtiq»ni olib tashlashga o‘zining birinchi galdagi vazifalaridan biri sifatida qarayotgan bo‘lsa ajab emas.
Bu vazifani amalga oshirish uchun Rossiya deyarli har kuni Severskdan janubdagi Spornoye qishlog‘iga va shimoli-sharqdagi Bilohorivkaga hujum qilmoqda.
Ukrainadagi «Axborot qarshiligi» guruhining harbiy sharhlovchisi Konstantin Mashovetsning fikricha, rossiyaliklar hozirda Seversk masalasini Baxmutni egallashdan oldinroq hal qilishga harakat qilmoqda.
RF qo‘shinlari Baxmutdan shimoli-sharqda yashirincha qayta guruhlanishi ham shundan darak beradi, buning ma’nosi shundaki, Seversk yo‘nalishi uchun qo‘shimcha kuch va texnikalar jamlanmoqda.
Shu bilan birga, tahlilchining ta’kidlashicha, Rossiya Baxmutni egallash bo‘yicha amaliyotni tezlashtirish uchun operativ zaxiralarni jalb qilmayapti.
Bunga parallel ravishda Rossiya armiyasi «Seversk bo‘rtig‘i»dan shimoldagi Liman yo‘nalishida yurish qilishga tayyorgarlikni ham faollashtirgan. Mashovetsning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya guruhining «eng jangovar bo‘linmalari» va katta miqdordagi zirhli texnikalari aynan shu hududda to‘plangan.
«Eng yaqin ehtimoliy maqsad Cherniy Jyerebets daryosi va Limanga kirish […] hamda kelgusida Shimoliy Don daryosini shimoldan, Seversk yo‘nalishi bo‘yicha kechib o‘tish hisoblanadi», deydi ekspert.
Rossiya Severskdan janubda joylashgan qishloqlarga ham bosimni kuchaytirgan: Razdolovka, Veseloye, Viyimka va Spornoye. Ukraina QK bosh shtabi hisobotida o‘tgan haftada bu yo‘nalishda ham janglar faollashgani tasdiqlangan.
Ukraina QKning Avdiyivka va Maryinka atrofidagi qarshi zarbalari
![](https://storage.kun.uz/source/9/HktJhengkF0vjO_pIa6cXxUEwlWUQ7ax.jpg)
Aprel oyi boshida Donetsk oblastining yana ikki shahri - Avdiyivka va Maryinka harbiy harakatlar markaziga aylandi. Ularning ikkisi ham oblast markazi Donetskka yo‘ldosh shaharlar hisoblanadi va ikkisi ham Rossiya aviatsiyasi va artilleriyasining tinimsiz va kuchli zarbalari ostida vayronaga aylangan.
Bu aholi yashash manzillari tomonlar uchun strategik ahamiyatga egadir. Ukraina uchun bu kelgusida oblast markazini ozod etish hamda Rossiyaning Donetskdagi bazalari va omborlariga zarba berish uchun platsdarmni saqlab turish imkoniyati.
Rossiyaliklar uchun raqibni Donetskdan xavfsiz masofaga surib chiqarish va Ukraina qurolli kuchlarining logistik markazlariga yo‘l ochish muhim. Bu birinchi navbatda Kuraxovo, Selidovo va Pokrovsk shaharlari.
Rossiyaning Avdiyivka yo‘nalishidagi hujumlari mart oyi oxirida sezilarli darajada kuchaydi. Shaharga bungacha ro‘paradan qilingan hujumlar besamar yakunlandi va rossiyalik harbiylar ushbu aholi yashash punktini qurshab olishga va bu yerdagi Ukraina garnizonining ta’minot yo‘lini kesib qo‘yishga urindi.
Ular Avdiyivka mudofaasining shimoliy qanotida ma’lum yutuqlarga erishishdi. Bu yerda Rossiya qo‘shini Krasnogorovka qishlog‘igacha yetib keldi, bu shaharning shimoliy chegaralaridan 4-5 km masofadagi joydir.
Shundan keyin g‘arb tomon yanada siljish orqali Avdiyivkaga olib keluvchi yagona yo‘l to‘sib qo‘yilishi mumkin edi.
Ammo, Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) tahlil markaziga ko‘ra, ukrainlar bu haftada qarshi hujum uyushtirgan va shahardan shimolda rossiyaliklardan qator pozitsiyalarni qaytarib olgan.
Mudofaa strategiyalari markazi eksperti, iste’fodagi polkovnik Viktor Kevlyukning ta’kidlashicha, Ukraina QK Avdiyivka atrofida bir vaqtning o‘zida bir emas, bir necha muvaffaqiyatli hujumlarni amalga oshirgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, bu harakatlar bilan rossiyaliklar ortga uloqtirib tashlangan va raqib mudofaa pozitsiyalariga qaytishga majbur qilingan. «Avdiyivka - juda yirik yurish oldidan yengil chigalyozdi mashg‘uloti vazifasini o‘tadi», deydi u.
Shahar ma’muriyati rahbari Vitaliy Barabash Ukraina QK «pozitsiyalari yaxshilangani»ni tasdiqlagan, ammo buni qarshi yurish deb bo‘lmasligini qayd etgan.
«Afsuski, Urushlarni o‘rganish institutining Ukraina QK Avdiyivka atrofida qarshi hujumga o‘tgani to‘g‘risidagi ma’lumoti tasdig‘ini topmadi. Bu balki keyinroq ro‘y berar. Pozitsiyalarni yaxshilashga qaratilgan muayyan harakatlar amalga oshirilgan va bizning qo‘shinlarimiz buning uddasidan chiqishgan, ammo bu hali qarshi hujum emas», degan u «Gromadske radio»ga bergan intervyusida.
Rossiyaning bu yo‘nalishdagi harakatlaridagi asosiy resurs - nafaqat piyodalar, balki aviatsiya ham bo‘ldi. Rossiya har kuni havodan zarbalar yo‘lladi. Bu esa ukrain kuchlari boshpana sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan binolarni yer bilan yakson etdi.
Barabashning qayd etishicha, rossiyaliklar Avdiyivkaga bir kunda 20 martagacha aviazarbalar yo‘llagan.
Ukraina bosh shtabining 7 aprel kungi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya kuchlari Severnoye (Avdiyivkadan 5 km janubi-g‘arbda) va Novokalinovo (shahardan 8 km shimolda) qishloqlariga hujum qilishda davom etayotgandi.
«Vaziyat kritik emas. Ha, qaynoq, ha, muntazam ravishda zarba berishmoqda, yagona yo‘l - zarbalar ostida, ammo [rossiyalik harbiylar] orzu qilayotgan qurshov haqida hech qanday gap yo‘q», degan Avdiyivaka ma’muriyati rahbari.
Rossiya armiyasi shunga o‘xshash amaliyotlarni Maryinkada ham o‘tkazmoqda. Bu posyolka urush davomida to‘liq yakson etilgan va bir qismi Rossiya qo‘shini tomonidan egallab olingan. Ammo Ukraina QK hamon uning g‘arbiy qismini o‘z nazoratida saqlab qolmoqda va bu yerda kuchli istehkomlar va okoplar tizimini barpo etgan.
Rossiyalik harbiylar janubdagi Pobeda qishlog‘i (Maryinkadan 3 km masofada) orqali istehkomlarni aylanib o‘tib, Kuraxovodagi trassaga yetib borishga harakat qilmoqda. Bu aholi yashash manzili ham muhim ahamiyatga ega, u amalda Ukraina guruhining Maryinka va Vuhledar yo‘nalishlaridagi logistik markazi hisoblanadi.
Rossiya bu hududda ham aviatsiyani faol ravishda qo‘llay boshlagan. Xususan, Ukraina QK 7 aprel kuni bu yerda rossiyaliklarning Su-25 samolyoti urib tushirilganini xabar qilgan.
«Rossiyaning ushbu front chizig‘i bo‘ylab (Maryinka atrofi) yurish harakatlari ko‘p jihatdan muvaffaqiyatsiz bo‘lib qolmoqda va bu hududda taktik ilgarilashdan boshqa natijani ta’minlamayapti», deya qayd etilgan ISW’ning 6 aprel kungi hisobotida.
Rossiya mudofaa vazirligi hafta davomida rus qo‘shinlari Maryinka atrofida ukrainlarning bir qancha qarshi hujumlarini qaytargani haqida ma’lum qilgan. Ammo harbiy telegram-kanallar buning aksini, Ukraina QK 4 aprel kuni Pobeda qishlog‘i atrofida bir qancha muvaffaqiyatli qarshi zarbalar amalga oshirganini xabar qilgan.
![](https://storage.kun.uz/source/9/mNDYEKs8P-T68pdwFE1686woszvIoyc9.jpg)
Foto: ANDREY ERMAK
Boshqa yo‘nalishlar - Zaporijjya va Xerson yo‘nalishlarida - vaziyat jiddiy o‘zgarishlarga uchramagan. Tomonlar artilleriya va raketa zarbalari almashinuvini davom ettirib, raqiblarining o‘q-dori omborlari va kommunikatsiya tizimlarini yakson etmoqda.
Rossiyaliklarning nisbatan eng kuchli zarbalari Ukraina nazoratidagi Orexiv, Gulyaypole (Zaporijjya oblasti) va Berislav (Xerson oblasti)ga berilgan. Ukrainlar esa raketalar bilan rossiyaliklarning Zaporijjya oblastidagi Tokmak va Melitopol shaharlari atrofidagi pozitsiyalarini o‘qqa tutgan. Aynan mazkur hududda ukrainlar yirik qarshi hujumga o‘tishi kutilmoqda.
Ukraina qurolli kuchlari hozircha yurish boshlashga tayyorgarlik ko‘rishni davom ettirmoqda. Ular ehtimoliy muddatni ham, yurish amaliyotlari yo‘nalishlarini ham oshkor etishmayapti.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)