date
views 557

Sudanda harbiylar kurashi: kim kim bilan urushmoqda va mojaro qanday kelib chiqqan?

Sudanda harbiylar kurashi: kim kim bilan urushmoqda va mojaro qanday kelib chiqqan?

Xartum aeroportida quyuq tutun. Foto: Getty Images

Sudan poytaxti Xartum va mamlakatning boshqa hududlarida boshlangan janglar mamlakat harbiy rahbariyatidagi hokimiyat uchun keskin kurashning bevosita natijasi boʻldi.

Ikkinchi kundirki poytaxtdagi muhim strategik nuqtalarda harbiy tuzilmalar - Tezkor reaktsiya kuchlari (RSF) va muntazam armiya oʻrtasida toʻqnashuvlar davom etmoqda.

Kechadan buyon nimalar boʻldi?

  • Yakshanba tongida guvohlar Xartum, Omdurman va Bahri shaharlaridagi binolar ogʻir artilleriyadan oʻqqa tutilgani ovozlarini eshitishgan. 
  • Shuningdek, Qizil dengiz sohilidagi Port-Sudan shahrida otishmalar ovozlari eshitilgan, mojaroning birinchi kunida bu hududda harbiy harakatlar boʻlmayotgandi. Sudan armiyasi RSF’ning etti shahardagi, jumladan Port-Sudandagi bazasi ham egallangani toʻgʻrisida e'lon qilgan, ammo bu ma'lumot boshqa manbadan tasdiqlanmagan.
  • Tongda Sudan qurolli kuchlari Tezkor reaktsiya kuchlarining Efiopiya bilan chegaradagi Gedaref shtatidagi shtabi ustidan nazorat oʻrnatgan. Armiya shuningdek RSF’ning Meroedagi bazasiga avizarbalar bergan. Hududni qurshab olishga harakat qilinmoqda. 
  • RSF poytaxtda va undan tashqarida qator strategik ob'ektlar, jumladan Darfurda mamlakat qurolli kuchlari bosh shtabi va harbiy kazarmalari ustidan nazorat oʻrnatganini e'lon qilgan.
  • Sudan shifokorlari kasaba-uyushmalariga koʻra, janglar boshlanganidan buyon tinch aholi vakillaridan kamida 56 kishi halok boʻlib, 595 kishi tan jarohati olgan.
Poytaxt Xartumdagi kuchlar nisbati: koʻk rangda isyonchilar, qizil rangda armiya kuchlari nazorat qilayotgan ob'ektlar

Sudan suveren kengashi rahbari, mamlakat qurolli kuchlari boshligʻi Abdulfattoh al-Burxon 15 aprel kuni kechqurun RSF tarqatib yuborilgani haqida ma'lum qildi, bugun esa uning qoʻmondonligidagi armiya isyonchilar bilan hech qanday muzokara oʻtkazilmasligini e'lon qildi. Oʻz navbatida, RSF kuchlari al-Burxonni topish va qoʻlga olishga harakat qilmoqda. Shu tariqa, mojaro tomonlarida amalda vaziyatning keskinlashuvidan boshqa variant yoʻq.

Mojaro tarixi

2021 yil oktyabridagi davlat toʻntarishidan keyin Sudanni generallardan tarkib topgan kengash boshqarmoqda va ularning asosiy ikkitasi oʻrtasida nizo kelib chiqqan.

Ulardan biri - general Abdulfattoh al-Burxon mamlakat qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni va amalda mamlakat prezidenti hisoblanadi.

Ikkinchisi - uning oʻrinbosari va Tezkor reaktsiya kuchlari qoʻmondoni general Muhammad Hamdon Dagalo, shuningdek Xemeti va Xamedti nomi bilan ma'lum.

Ular mamlakat qaysi yoʻldan borishi va fuqarolik boshqaruviga oʻtish masalasida kelisha olishmagan.

Asosiy munozarali nuqtalar - bu Tezkor reaktsiya kuchlarini (bu esa 100 mingga yaqin kishi degani) muntazam armiya tarkibiga kiritish va shundan keyin armiyani kim boshqarishi masalalaridir.

Nega barchasi 15 aprel kuni boshlandi?

Bir necha kunlik keskinlikdan keyin mojaro yangi bosqichga oʻtdi: Tezkor reaktsiya kuchlari butun mamlakat boʻylab qayta joylashtirib chiqildi, armiya esa buni tahdid oʻlaroq baholadi.

Vaziyatni muzokaralar yoʻli bilan hal qilishga boʻlgan umidlar oqlanmadi - muzokaralar boshlanmadi.

Shanba tongida birinchi boʻlib kim oʻq uzgani aniq emas, ammo bu allaqachon beqarorlashgan vaziyatni yanada yomonlashtirishidan xavotirlanishmoqda.

Diplomatlar ikki tomonni ham oʻt ochishni toʻxtatishga chaqirmoqda.

Tezkor reaktsiya kuchlari qanday tuzilma?

Bunday guruhlar 2013 yilda Darfurdagi isyonchilarga qarshi vahshiy usullar bilan kurashgan va juda yomon reputatsiyaga ega boʻlgan «Janjavid» politsiya kuchlari asosida tuzilgan.

Oʻshandan buyon general Dagalo Yaman va Liviyadagi qurolli mojarolarda chiniqqan, Sudandagi oltin konlarining bir qismini nazorat qiluvchi kuchli harbiy tuzilma tashkil etdi.

General Muhammad Hamdon Dagalo Tezkor reaktsiya kuchlariga rahbarlik qiladi. Foto: Reuters

Guruh a'zolari inson huquqlarini buzishda, jumladan 2019 yil iyunida 120 nafardan ortiq namoyishchi yoppasiga oʻldirilishida ayblanadi.

Mazkur qudratli harbiy guruh armiyaga boʻysunmaydi va bu mamlakatdagi barqarorlikka katta tahdid soladi.

General Hamdon Rossiya bilan qanday aloqalarga ega?

Maktabni tamomlamagan, oʻtmishda tuya savdosi bilan shugʻullangan general-leytenant Muhammad Hamdon Dagalo soʻnggi yigirma yillikda katta boylik va ta'sir doirasiga ega boʻlib, hokimiyat choʻqqilariga koʻtarildi.

General Hamdon Darfurda 2003 yilda boshlangan va 300 ming kishi oʻlimiga sabab boʻlgan mojaro vaqtida sodir etilgan ommaviy qirgʻinlarda ayblanadigan «Janjavid» guruhi qoʻmondoni boʻlgan. Bu mojaro tufayli millionlab kishilar oʻz uylarini tark etishga majbur boʻlgan.

Hamdonning bu mojarodagi roli prezident Umar al-Bashirning e'tiborini tortadi va 2013 yilda uni «Janjavid» bazasida tashkil etilgan Tezkor reaktsiya kuchlari rahbari etib tayinlaydi. Ammo 2019 yili al-Bashirning iste'fosi talab qilib boshlangan namoyishlardan keyin general Hamdon sobiq homiysiga qarshi chiqadi va uning hokimiyatdan chetlatilishida yordam koʻrsatadi.

2019 yilda Tezkor reaktsiya kuchlari Sudanda fuqarolik hukumati oʻrnatilishi talab qilingan demokratik namoyishlarni bostiradi.

Ayrim ma'lumotlarga koʻra, ular Yamanda Saudiya Arabistoni rahbarligidagi koalitsiya tarkibida ham yollanma kuch sifatida harbiy harakatlarda qatnashmoqda.

Sudanda Hamdonning manfaatlari oltin qazib olish va qurilish sohasi bilan bogʻliq. U shuningdek mintaqaviy siyosat bilan ham shugʻullanib, Rossiya bilan aloqalarni rivojlantirgan.

2022 yil martida sudanlik mulozimlar 2020 yilda toʻxtab qolgan kelishuv tiklanishi rejalashtirilayotganini aytishgan, unga koʻra Moskva Qizil dengizdagi Port-Sudandagi harbiy-dengiz bazasini 25 yil muddatga ijaraga olishi mumkin.

Oʻshanda Hamdon Moskvaga borgan va rossiyalik rasmiylar bilan, jumladan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan uchrashuv oʻtkazgan.

Hamdonning jangchilariga muntazam armiyadagidan koʻra yaxshi haq toʻlanadi va yaxshi qurollantirilgan

Sudandagi SUNA davlat axborot agentligi oʻshanda tomonlar oldingi barcha iqtisodiy, diplomatik va xavfsizlik sohasidagi kelishuvlarni davom ettirishga kelishib olganini yozgandi.

Joriy yil martida Sergey Lavrovning tashrifidan keyin Sudandagi harbiy rejim rossiyaliklarning harbiy-dengiz bazasi qurilishini ma'qulladi. Bu bazaga 300 ga yaqin harbiy va toʻrt kema joylashtirilishi mumkin. Buning evaziga Moskva Xartumni qurol va harbiy texnika bilan ta'minlashi koʻzda tutilgan.

16 mart kuni «Press-slujba Prigojina» telegram-kanali «Vagner» rahbarining New York Times muxbiri savoliga bergan javobi keltirildi, unda xususan shunday deyiladi: «biz... janob Xamedti bilan hech qanday aloqaga ega emasmiz».

Sudanni nima uchun harbiylar boshqaradi?

Dam olish kunlari boshlangan harbiy harakatlar - 2019 yilda prezident Umar al-Bashir hokimiyatdan chetlatilgandan keyin boshlangan keskinlikning navbatdagi avj olishi boʻldi.

Al-Bashir qariyb oʻttiz yil mobaynida hokimiyatda boʻlgan. Aholi uning ketishini talab qilib boshlagan ommaviy namoyishlardan keyin harbiylar davlat toʻntarishi amalga oshirgan va hokimiyatni oʻz qoʻliga qoʻlga olgan.

Mamlakat fuqarolari esa shundan keyin ham demokratik boshqaruvga oʻtilishini talab qilishda davom etadi.

Natijada qoʻshma harbiy-fuqarolik hukumati tuziladi, ammo 2021 yilgi navbatdagi davlat toʻntarishi oqibatida bu hukumat ham agʻdariladi.

Shundan buyon general Burxon va general Dagalo oʻrtasidagi ziddiyat kuchayib kelayotgandi.

Oʻtgan yil dekabrida hokimiyatni tinch yoʻl bilan fuqarolar qoʻliga oʻtkazish boʻyicha doiraviy kelishuvga erishilgandi, ammo tomonlarning ushbu oʻtish jarayoni tafsilotlari boʻyicha oʻtkazgan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Foto: ANADOLU AGENCY

Bundan buyogʻiga nimalar boʻlishi mumkin?

Agar harbiy harakatlar davom etsa, bu mamlakatni yanada parchalashi va siyosiy beqarorlikni yanada kuchaytirishi mumkin.

Aholini fuqarolik boshqaruviga qaytishga ishontirishda muhim rolni oʻynagan diplomatlar ikki generalni muzokaralar stoliga qaytarish uchun yoʻl topishga harakat qiladi.

Ayni vaqtda oddiy sudanliklarni yana bir mavhumlik davri kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sudanda harbiylar kurashi: kim kim bilan urushmoqda va mojaro qanday kelib chiqqan?