22:12 / 09.05.2023
606

Prigojin Qizil maydondagi paradni tanqid qildi: «Vagner» ketsa, Ukraina Rostovga boradi»

Prigojin Qizil maydondagi paradni tanqid qildi: «Vagner» ketsa, Ukraina Rostovga boradi»
Foto: Videodan kadr
«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin Rossiya mudofaa vazirligi qurol bermayotganidan nolib yana bir video e’lon qildi. Putinning sobiq oshpazi gapirgan video uning axborot xizmatiga tegishli Telegram-kanalda e’lon qilindi.
 
Bir necha kun avval Prigojin uning qo‘l ostidagi «Vagner» kompaniyasi jangchilari ularga yetarlicha qurol-yarog‘ yetkazib berilmasa, 10 may kuni Baxmutni tashlab ketishini aytgandi. Keyinchalik Prigojin Rossiya armiyasining Ukrainadagi birlashgan qo‘shinlari sobiq rahbari Sergey Surovikin guruh uchun o‘q-dori yuborilishida vositachi bo‘lishini ma’lum qilib, «Vagner»ga yetarlicha o‘q-dori berilishi va’da qilinganini aytib chiqqandi.
 
Bugungi bayonotda esa Prigojin uning guruhi va’da qilingan o‘q-dorilardan 10 foizini ham olmaganini aytib nolidi. U «Vagner» Baxmutdan ketsa, Ukriana Rostovgacha borishini ta’kidladi.
 
Prigojin Qizil maydonda g‘alaba paradining tantanali translyatsiya qilinishini ham qoralagan. «Hammani bobolarimiz qo‘lga kiritgan g‘alaba bilan tabriklayman. Ammo biz nimani nishonlayotganimiz tushunarsiz. Shunchaki ularni eslab qo‘yish kifoya, Qizil maydonda «o‘ralashish» (haqoratli ibora ishlatdi) kerak emas», degan Prigojin.
 
«Vagner» rahbari uning guruhiga Rossiya harbiy rahbariyatidan jangovar topshiriq kelgani, unda agar vagnerchilar o‘zlari egallagan pozitsiyadan chekinadigan bo‘lsa, bu vatanga xiyonat deb qabul qilinishi yozilganini aytdi. «Ammo o‘q-dori kelmasa, biz baribir pozitsiyamizdan ketamiz va keyin kim xoin ekanini hal qilib olishadimi – bizmi yoki mana shu hujjatni imzolagan odammi?», degan u.
 
Prigojin guruhga yuborilgan jangovar topshiriqning ikkinchi bobida kerakli o‘q-dori yetkazib berish haqida so‘z borganini ta’kidlagan: «Ikkinchi bandda keraklicha o‘q-dori berish aytilgan. Hujjatni imzolagan odam «Vagner» ketsa, Ukraina Rostovgacha borishidan qo‘rqqan. O‘z navbatida mudofaa vazirligi tomonidan front qulashi uchun hamma narsa qilinmoqda».
 
Prigojin Rossiya mudofaa vazirligi bo‘linmalaridan biri (72-brigada) Baxmutda o‘z pozitsiyasidan qochib keganini iddao qildi. «Bizni qanotda qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan mudofaa vazirligi bo‘linmasi o‘z pozitsiyasidan qochib ketib, 2 km kenglikda va 500 metr chuqurlikdagi joyni ochiq qoldirdi», degan u.
 
Putinga murojaatmi?
Prigojin kimligini aytmasdan, frontdagi o‘q-dorilar taqchilligi sababchisi haqida gapirdi.
 
«Jang qilayotgan odamlar toifasi bor va qachondir qayerdadir zaxiralar bo‘lishi kerakligi haqida o‘qib qolgan odamlar bor — va bu zaxiralarni tejaydi, tejaydi va tejaydi.
 
O‘q-dorilar askarlarga berilishi o‘rniga, qanaqadir omborlarda maqsadsiz yig‘ilmoqda. Snaryad sarflab, dushmanni o‘ldirish va o‘z askarlarini himoya qilish o‘rniga o‘z askarlarimizni o‘ldirishmoqda. Xushchaqchaq chol esa hammasi juda yaxshi ekanini aytmoqda.
 
Endi mamlakat nima qilsin? Agar u haq bo‘lsa, mayli, sog‘ bo‘lsin. Lekin bu chol, aytaylik, o‘taketgan ahmoq bo‘lsa, urushni qanday yengish mumkin?» degan Prigojin.
«Vagner» rahbarining bu so‘zlari faol muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik Prigojin «ded» deb Vladimir Putin nazarda tutayotganini aytmoqda. Chunki Prigojin g‘alaba paradini tanqid qildi va cholning kulib turganiga urg‘u berdi. Paradda esa Rossiya prezidenti Putin ishtirok etib, ko‘p kadrlarda jilmaygan holatda ko‘rinish berdi. Qolaversa, uni avvaldan «ded» deb atab kelishgan.
 
Avvalroq Yevgeniy Prigojin «Vagner» qurol-yarog‘ berilmagan taqdirda Baxmutdan chekinishini aytgan, uning bayonotidan keyin Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Baxmutni chechen harbiylari egallashga tayyorligini bildirgandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo