AQSh mudofaa vazirligi Ukrainaga 1,2 milliard dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketini yubormoqda. Bu haqda idora saytida rasman xabar berildi.
Yangi paket doirasida Ukraina qurolli kuchlari uchun quyidagilar yetkazib beriladi:
- Qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa qurollari va o‘q-dorilar;
- G‘arb havo hujumidan mudofaa tizimlarini integratsiya qilish uchun asbob-uskunalar;
- Uchuvchisiz aviatsiya tizimlariga qarshi kurashish uchun o‘q-dorilar;
- 155-millimetrli artilleriya snaryadlari;
- Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari xizmatlari;
- O‘qitish va texnik xizmat ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash.
Pentagon bayonotida qayd etilishicha, bu yordam paketi «Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi» doirasida taqdim etiladi. Bu shuni anglatadiki, qurol va o‘q-dorilar AQSh mudofaa vazirligi zaxiralaridan olinmaydi, balki ishlab chiqaruvchilar yoki hamkorlardan xarid qilinadi.
2023 yil aprelida AQSh ikki bor Ukrainaga harbiy yordam paketlari haqida e’lon qilgandi — 2,6 milliard va 325 million dollarlik. Bu paketlar, xususan, Patriot va NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar, havo hujumidan mudofaa tizimlari, HIMARS uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar, artilleriya snaryadlari, AT-4 tankka qarshi tizimlari, tankka qarshi minalarni o‘z ichiga olgandi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring